AKT chet tilini samarali o‘rganishda muvaffaqiyat omili
26.03.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Chet tillarini samarali o‘rganish, yangi lig‘at boyligini yanada osonroq o‘zlashtirish masalasi ko‘pgina olimlar tomonidan tadqiq etilgan bo‘lsada, doim dolzarb masala bo‘lib hisoblanadi. Bugungi jahon glaballashuvi davrida zamon talabi bilan mazkur masalaga bunday yondashilishi albatta tabiiy holdir. Ko‘pincha chet tilini o‘rganishda bilingval ta’limni tashkil etilishi bir necha chet tillarini chuqurlashtirib o‘rganishga imkon beradi.

Ba’zan chet tillarini o‘rganishga ajratilgan dars soatlari va maxsus darsliklar soni darsni o‘zlashtirishga yetarli darajada bo‘lmasligi muammolariga duch kelinadi. Mazkur muammolar yechimini topishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT) va Internet tarmog‘idagi resurslar muhim o‘rin tutadi. O‘quvchi-yoshlarning darsga qiziqishini oshirishda AKT va Internet tarmog‘idagi resurslar ta’lim samarasini va shu jumladan, til o‘rganishga motivatsiyani oshiruvchi omil bo‘la oladi. AKT vosi­tasida o‘qituvchi o‘z xususiy elektron ta’limiy resurslarini yaratib borishi imkoniyati mazkur soha rivojida muhim ahamiyatga molik.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, agar o‘quvchi o‘z ona tilini yaxshi bilsa, qonun-qoidalariga amal qilish malakasiga ega bo‘lsa, uning mavjud lingvistik tajribasi boshqa chet tilini o‘zlashtirishiga ham zamin bo‘ladi. Tilning grammatik tushunchalarini va atamalarini tezroq o‘zlashtirishiga yordam beradi. Shu tariqa, tillararo o‘xshashlik va farq qiluvchi omillarini o‘rganib, boshqa tilni oson o‘zlashtiradi. Fonetik, leksik, grammatik darajada til hodisalarini solishtirish lingvistika sohasini boyituvchi material beradi. Shu boisdan, tillararo qiyosiy tahlil muhim ahamiyatga molik. Bu chet tili­dagi yangi materialni shunchaki o‘zlashtirishgina emas, balki unga o‘quvchi-talabalarda alohida qiziqish bilan yondashuvni ham ta’minlaydi. Agar o‘quvchi bir tilning qoidalari va asosiy tushunchalarini yaxshi bilsa, boshqa tilni ham o‘rgana olishiga ishonch bilan qaraydi. Shaxsning lingvistik bilimlarni egallab borayotganligi go‘yo ilmiy yangiliklarni o‘z ongida kashf etib borayotgandek, ham qizi­qarli, ham yanada ko‘proq bilish motivatsiyasini kuchaytiradi.

Bu borada dars jarayonida o‘qituvchi tillar orasidagi farqlar va o‘xshashliklarni tushuntirib borishi ham katta ahamiyatli o‘rin tutadi, ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalari vositalaridan, elektron resurslardan foydalanib, dars o‘tilishi o‘quvchi-talabalarga darsni oson o‘zlashtirish va tilning leksik hamda grammatik hodi­salarini qiyosiy o‘rganib, turli mashqlarni bajarishda katta imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, keyingi davrlarda ko‘payib borayotgan til o‘rganishga oid maxsus saytlar nafaqat murakkab va zerikarli bo‘lgan til o‘rganish — leksik birliklarni o‘zlashtirish jarayonini osonlashtiradi, balki mazkur resurslar yordamida ko‘ngilochar o‘yinli mashqlarni zavqlanib bajarish bilan ma’lum ma’noda ma’naviy oziqa, qolaversa, dam olish imkonini yaratishiga ham e’tibor qara­tish zarur. Bunday elektron lug‘atlarga www.lingualeo.ru va boshqalar misol bo‘la oladi. Shu bilan birga, bunday lug‘atdagi har bir so‘z foydalanuvchiga ko‘p bor qayta taqdim etilisi mumkin, bu esa uni o‘zlashtirishda mazkur so‘zning to‘g‘ri yozilishi, tilda so‘zlashuvchi xalq vakillari tomonidan leksik talaffuzi xotirada mustahkam joylashib, matnlarni tarjima qilishda qiyinchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi.

Ma’lumki, zamonaviy yoshlar o‘z davrining madaniyati vakil­lari bo‘lib, ularga ko‘proq vizual obrazlar ta’sir ko‘rsatadi, boshqacha aytganda, material an’anaviy usulda emas, balki audiovizual vositalar yordamida yanada tezroq va samarali o‘zlashtiriladi. Masalan, tilda so‘zlashuvchi mamlakat haqidagi mavzu odatda, an’anaviy usulda bir necha rasmlardan iborat matndan foydalanib, o‘qitilgan. Ushbu usul doim ham kutilgan natijani bermagan. Zamonaviy ta’lim usullarida esa mazkur muammoni hal etishga o‘zining autentikligi, ko‘rgazmaliligi va interaktivlik baxsh etuvchi Power Point dasturida tayyorlangan taqdimotlar, filmlar, slayd-shou, shuningdek, virtual sayohatlar, internet-saytlar yordam beradi. AKT vositalaridan foydalanib, dars o‘tish jarayonida chet tilida videosujet namoyish etish yanada ko‘proq samarali bo‘ladi. O‘quvchilar zavq bilan tomosha qiladilar va topshiriqlarni qiziqib bajaradilar. Natijada filmlarni o‘z original tilida ko‘rib, tilni o‘zlashtirishlari oson bo‘ladi. Biroq filmlarni to‘liq tomosha qilish juda ko‘p vaqtni olishi, bunga esa darsga ajratilgan vaqt imkoniyati yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli ham Internet-resurslaridan uyda ham foydalanib, tarmoqdan foydali axborotlarni olish, masalan: MOOC (Massive Open On-line Courses)ni tavsiya etish mumkin..

Shuni ham unutmaslik kerakki, Internet haqiqiy til muhitini his etishga yordam beradi va uning yordamida tilni o‘rganishga ehti­yoj shakllanadi. Sababi til tashuvchi, ya’ni mazkur tilda so‘zlashuv­chilar bilan muntazam muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri kelishi, turli axborotlardan foydalanish, filmlar tomosha qilish, qo‘shiqlarni tushunish istagi paydo bo‘lishi mumkin.

Bularning barchasi o‘quvchi-yoshlarning chet tillarini AKT vosi­tasida o‘rganishga qiziqishlarini oshiradi. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, chet tili darslarida AKTdan ijodiy foydalanish nafaqat o‘quvchilarda o‘qishga qiziqish, fanni o‘rganishga motivatsiyasini oshirish va ayrimlar uchun zerikarli bo‘lgan leksik-grammatik materialni yanada qiziqarli jarayonga aylantirishga yordam berishi, shuningdek, chet tilida o‘zaro muloqot qilish, kommunikativ qobi­liyatlarini rivojlantirishi, bundan tashqari, o‘quv jarayonining reproduktiv faoiyatining ulushini qisqartirishi hamda umuman muhim omil sifatida o‘rin tutishi namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, elektron ta’limiy resurslarning ko‘pchiligi o‘quvchilarning mustaqil bilim egallashiga, malaka orttirishiga, chet tilini yanada chuqurroq o‘rganish uchun intilishni rag‘batlantiradi. Umumta’lim maktabi yoki oliy ta’lim muassasasini bitirgandan keyin ham o‘z bilim doirasini kengaytirishlarida yordam beradi. Yuqoridagilarni nazarda tutib, har qanday salohiyatli o‘qituvchi chet tili bo‘yicha mashg‘ulotlarni tashkil etishi, mahorat saboqlari (master classlar) yoki ochiq darslar o‘tishda, albatta, AKT vositasida yanada samaraliroq foydalanishini targ‘ibot qilish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, AKT o‘quvchi-talaba yoshlarni muntazam ravishda bilim va malakalarini oshirishga undovchi muhim omilga aylanadi. Mazkur omil zamon bilan hamqadam, yetuk mutaxassis shaxs sifatida muvaffaqiyatli inson bo‘lishni maqsad qilgan har bir inson uchun juda zarurdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. ГостинАМ., Чернышев АСОрганизация обучающей деятельности в открытой гипермедийной среде. // Современные информационные технологии в образовании. — Рязань, 1998.
  2. Дмитриева Е. И. Основная методическая проблема дистанционного обучения иностранным языкам через компьютерные телекоммуникационные сети интернет. // ИЯШ. — 1998. — №1.
  3. Донцов Д. Английский на компьютере. Изучаем, переводим, говорим. М., 2007.
  4. Нелунова Е. Д. К проблеме компьютеризации обучения иностранным языкам. Якутск, 2004.
  5. Нелунова Е. Д. ИКТ в обучении иностранному языку в школе.     Якутск, 2006.
  6. Петрова Л. П. Использование компьютеров на уроках иностранного языка — потребность времени. ИЯШ, №5, 2005


Muallif: Zamira Abdujabborova, pfd, dotsent, TDPU, kafedra mudiri

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq