Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilik muhokama qilindi
23.03.2017
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2017-yil 22-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida “Harakatlar strategiyasini amalga oshirish: ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solishga oid qonunchilikni takomillashtirish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminar Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilib, tadbirda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, axborot sohasi bo‘yicha olimlar va mutaxassislar ishtirok etdilar.

Mustaqillik yillarida axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan davrda sohaga oid 10 dan ortiq qonunlar qabul qilinib, amaliyotga samarali tatbiq etib kelinmoqda.

O‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida belgilangan “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihalarini hamda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida jamoatchilikni tezkor va ishonchli axborotlar bilan ta’minlash jarayonida milliy ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Ta’kidlash joizki, dasturga muvofiq, ushbu qonun loyihalarining qabul qilinishi ommaviy axborot vositalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini belgilashda, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning jamoat nazoratini amalga oshirishdagi rolini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminarda ommaviy axborot vositalari rolini oshirish, jurnalistik faoliyatni himoya qilish masalalari 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish jarayoni ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligi alohida qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilariga ekspert guruhlari tomonidan tayyorlangan ushbu qonun loyihalari taqdim etilib, ularning keng muhokamasidan o‘tkazildi. Ma’ruzachilar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan hujjatlarning jamiyatimiz hayotini yanada demokratlashtirish jarayonida, axborot sohasini isloh qilishda, so‘z va axborot erkinligini ta’minlashdagi o‘rni muhim ekanligi qayd etildi.

Tayyorlangan qonun loyihalarining muhim jihati sifatida ularning milliy ommaviy axborot vositalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona va samarali tizimini shaklantirish va iqtisodiy, ijodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratish asosiy maqsad etib belgilanganligi ta’kidlab o‘tildi.

Seminarda tayyorlangan hujjatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim takliflar va tavsiyalar bildirildi. Qonun loyihalarining ijtimoiy muhokamasi jarayonida manfaatdor bo‘lgan barcha shaxslar uchun keng imkoniyatlar yaratish va kelib tushayotgan takliflarning hisobini yuritish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq