Prezidentning TATU faoliyatini takomillashtirish bo’yicha qarori muhokama qilindi
17.03.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

17 mart kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmuni, maqsad-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur qaror qadimiy yurtimiz zaminida yashab o‘tgan buyuk alloma, matematik olim Muhammad al-Xorazmiyning bebaho merosini qadrlash, asrab-avaylashning naqadar muhimligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, shuningdek yoshlarga ilm-fanning yuksak marralarini zabt etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida imzolangan.

Hujjatda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm-fan muhitini yaratish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilarning istiqbolli ilmiy-tadqiqotlarini amalga tatbiq etish orqali respublika iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

Ayni paytda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, uning Samarqand, Farg‘ona, Qarshi, Urganch, Nukus shaharlarida bo‘linmalari tashkil qilingan. Universitet hamda uning bo‘linmalarida jami 10 mingdan ziyod talaba kompyuter va dasturiy injiniring, pochta aloqasi, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalar yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, qarorga binoan 2017/2018 o‘quv yillarida universitetda ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning nomini abadiylashtirish hamda uning buyuk va bebaho merosini keng o‘rganish bilan bog‘liq yirik tadbirlar amalga oshiriladi.

Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida respublikaning yetakchi olimlari, xususan, akademiklar va fan arboblari ishtirokida respublika va xalqaro ko‘lamda ilmiy-amaliy anjumanlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar bilan ilmiy uchrashuvlar hamda davra suhbatlarini tashkil etish belgilangan. 2018 yilda Muhammad al-Xorazmiy tavalludining 1235 yilligini keng nishonlash yuzasidan ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshiriladi.

Universitetning iqtidorli talabalari uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyani joriy etilishi, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, shu jumladan, dasturiy mahsulotlarni yaratish borasida tanlov va olimpiadalarning o‘tkazilishi bo‘lajak AKT mutaxassislari uchun chinakam rag‘batdir.

Universitetda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm-fanning yangi qirralarini tadqiq etishga mo‘ljallangan yangi o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etiladi. Shuningdek, matematik modellashtirish, algoritmlash va kriptologiya sohalarida, kompyuter va dasturiy injiniring, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalari, axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida zamonaviy o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish, ularning multimediali avlodlarini yaratish hamda talabalar, olimlar va pedagoglarning ushbu o‘quv adabiyotlaridan erkin foydalanishlari uchun ularni elektron resurslarga joylashtirish choralari amalga oshiriladi.

Universitet huzurida tashkil etiladigan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazida universitetda ta’lim olayotgan talabalarni keng jalb etgan holda, respublika iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun real ehtiyojlarni hisobga olib, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlar yaratiladi.

Prezident qarori asosida universitet qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etilib, uning mablag‘lari mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lovdan tushadigan mablag‘larning 1,0 foiz miqdoridagi ajratmalar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobidan shakllantiriladi.

Ushbu fond: universitet uchun o‘quv darsliklar va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, shu jumladan, xorijiy adabiyotlarni xarid qilish, uning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash va “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnal nashr etilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash, iqtidorli talabalari, professor-o‘qituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, universitetda dars berish va Markazda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning bo‘linmalari oldida yosh mutaxassislarni ilmiy-tadqiqot faoliyatga jalb qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur sharoitlarni yaratib berish orqali universitet faoliyatini takomillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar turibdi. Bu vazifalarning amalga oshirilishi ijtimoiy-iqtisodiy sohalar faoliyatini yuqori texnologiyalar yordamida avtomatlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarishning markazlashuviga erishish, dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqish hamda iqtisodiyot sohalariga tatbiq etilayotgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini himoyalashga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq