Elektron tibbiyot istiqbollari
02.03.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasida tibbiyot tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari, mutaxassislar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar zamonaviy axborot-texnologiyalarining hayotimizdan keng o‘rin egallayotgani aholining turmush farovonligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida bu boradagi ishlarni tubdan takomillashtirish, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish, bu tizimdan aholining foydalanish imkoniyatini kengaytirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilandi.

Seminarda ushbu chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish, davlatimiz rahbarining shu yil 5-yanvar va 7-fevralda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirish borasida bergan topshiriq va ko‘rsatmalarini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalariga e’tibor qaratildi.

Sog‘liqni saqlash tizimiga axborot texnologiyalarining chuqur tatbiq etilishi bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammolarning samarali hal qilinishiga zamin yaratadi. Masalan, tibbiyot muassasasiga elektron murojaat qilish tizimi yaratilsa, tibbiy maslahat uchun kelgan bemorning shifokor qabuliga kirish uchun soatlab navbat kutishiga zarurat qolmaydi. Tibbiyot kartalarini elektron shaklda yuritish tartibi esa bemor uchun ham, shifokor uchun ham yana bir qulaylikdir. Teletibbiyot yutuqlarini qishloq vrachlik punktlari va boshqa tibbiyot muassasalariga joriy etish og‘ir kasalliklarning oldini olish, kasalliklarga tez va aniq tashxis qo‘yish tizimini yaxshilash, inson manfaatini muhofazalashda muhim yutuqlar omili bo‘ladi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturida belgilangan «Sog‘liqni saqlash» axborot tizimini yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Tadbirda ushbu loyiha doirasida muayyan ishlar bajarilgani qayd etildi. Biroq loyihada belgilangan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Tizimda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining soni juda kam, ushbu faoliyat tartibga solinmagan. Yagona interaktiv xizmatlar portali orqali aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob qaytarilmayapti.

Seminarda, shuningdek, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni veb-saytga to‘liq joylashtirish, elektron hujjat aylanish tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, axborot xavfsizligini ta’minlash ishlariga e’tiborni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Tibbiyotga oid axborotlarni tarqatish tizimini takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori vositalari savdosi jarayonida huquqbuzarlik holatlarining oldini olish, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlardan aholini keng xabardor qilish, aholi bilan muloqotning samarali mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq