“Mobil aloqa: texnologiya, sifat, xavfsizlik”
25.02.2017
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Mobil aloqa operatorlari muayyan hududda mobil aloqani yaxshilash uchun antenna o‘rnatmoqchi bo‘lsa, shu yerlik aholi tomonidan qattiq qarshilikka duch kelish holatlari ko‘zga tashlanadi.

Odamlar o‘zlari istiqomat qilayotgan yoki faoliyat ko‘rsatayotgan bino tomiga o‘rnatilgan mobil aloqa antennasi go‘yoki ularning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida isbotini topmagan vajlar keltirishadi. Jumladan, bu borada aholi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi o‘tkazgan so‘rovlarda ishtirokchilarning 40 foizi bu antennalarning yurak-qon tomir, asab va qon bosimi kasalliklarini keltirib chiqarishiga ishonishlarini va bu haqidagi ma’lumotlarni internetdan o‘qiganliklarini ma’lum qilishgan.

Mazkur masala hozirgi kunda juda dolzarbligi sababli poytaxtimizda Uzreport agentligi tomonidan tashkil etilgan “Mobil aloqa: texnologiya, sifat, xavfsizlik” mavzuidagi davra suhbatida ko‘tarib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2001 yildan boshlab jahon davlatlarida mobil aloqa to‘lqinlarining inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’siri xususida ilmiy-tadqiqot izlanishlari olib boriladi.

Toshkent shahar davlat ekologik ekspertiza markazi vakili Tamara Durovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytgacha mobil aloqa operatorlari tomonidan o‘rnatilgan aloqa antennalarining inson yoki tabiatga zarari ilmiy jihatdan isbot qilinmagan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining vakili M.P.Magayning ma’lum qilishicha, mobil aloqa antennalari faoliyati «Aholi punktlarida radiotexnika ob’ektlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishning sanitariya qoidalari va me’yorlari», «Radiochastotalarning elektromagnit maydoni manbaalari bilan ishlashda sanitariya normalari va qoidalari» kabi me’yoriy hujjatlar asosida nazorat qilinadi. Mutaxassisning fikricha, bugungacha radiotexnika vositalaridan tarqalayotgan nurlarning sanitariya zararlari aniqlanmagan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Umid A’lamovning ma’lum qilishicha, har bir o‘rnatiladigan aloqa stansiyasining o‘rnatilish jarayoni va o‘rnatilgandan keyingi ish faoliyati to‘liq nazorat ostiga olinadi. Jumladan, yuqorida qayd etilgan me’yoriy hujjatlar asosida, bu antennalarning ishlash quvvati mamlakatimizda 2,5 mkVt/sm2 dan oshmaydi.

Bu jahondagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Misol uchun, Isroil davlatida bu ko‘rsatkich 400 mkVt/sm2 gacha yetadi. AQSh, Skandinaviya mamlakatlarida 100 mkVt/sm², Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Belarus, Qirg‘izistonda 10 mkVt/sm². Ya’ni, bizda antennalarning zararli to‘lqin chiqarishi haqidagi isbotini topmagan ilmiy qarashlar ham hisobga olinib, har ehtimolga qarshi ulardan eng past quvvatda foydalanish davlat tomonidan belgilab berilgan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, insoniyat hech bir ixtironi osonlikcha qabul qilmagan. Har bir texnologiyaga ko‘nikish va uni o‘rganish uchun vaqt talab etiladi.

Manba

Orphus system
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq