Akademik Jo‘ra Abdullaevich Abdullaev 90 yoshda!
22.02.2017
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

21 fevral kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida taniqli fan arbobi, akademik Jo‘ra Abdullaevich Abdullaevning 90 yoshlik yubileyi nishonlandi.

Har qanday odamning birinchi muallimi uning hayotiy tajribasidir. Ammo, bu tushuncha doirasiga biz faqat insonning «tashqi» tarjimai holi emas, shu bilan birga bilim orqali insoniyat tajribasini o‘zlashtirishiga asoslangan «ichki» tarjimai holi ham kirishini tushunishimiz lozim.

Akademik Jo‘ra Abdullaevich Abdullaevning bosib o‘tgan hayot yo‘li ham, uning yaratgan ilmiy ixtirolari ham bugungi kunda yosh avlod uchun o‘rnak bo‘larli hayotiy kitobdir.

Jo‘ra Abdullaevich Abdullaev — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, axborot texnologiyalari fani rivojiga, respublika fani va oliy ta’limining dolzarb nazariy va tadbiqiy muammolarini ishlab chiqishga hamda ilmiy-pedagogik mutaxassislarni tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shgan atoqli olim. Ularning ilmiy asarlari keng ilmiy jamoatchilikka tanish va obro‘ qozongan.

O‘tgan asrning 50 yillaridayoq Jo‘ra Abdullaevich boshchiligida Tuyabo‘g‘iz suv omborini teleboshqarish va teleo‘lchash uchun 3 ta ijro punktiga ega kontaktsiz telemexanika tizimining yaratilib, ishga tushirilishi hali 30 yoshga ham to‘lmagan o‘zbek olimining ittifoq ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi va salmog‘ini yuksak bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Oltmishinchi yillarda O‘zbekiston energetika sistemasini avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini yaratish loyihasida qatnashishi esa olimning katta hajmdagi muammolarni bajarishdagi ilk yutug‘i edi.

J.A. Abdullaevning O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutida 20 yil davom etgan faoliyati natijasida telemexanika laboratoriyasida diskret signallardan foydalanish asosida masofadan o‘lchash va boshqarish, real vaqt rejimida o‘lchov axborotlarga ishlov berish, ularni uzatish va tatbiq etish, ishonchliligini ta’minlash nazariyalari rivojlandi.

1976 yilning 25 iyunida J.A. Abdullaev Toshkent elektrotexnika aloqa institutining rektori lavozimiga tayinlandi. Ularning serqirrali tashkilotchilik, pedagogik va rahbarlik talanti yangi mas’uliyatli vazifani bajarish sharoitida o‘z amaliyotini topdi. Ilmiy tadqiqotlarni qayta tashkil etish va amalga oshirishga erishdi, nazariy, ilmiy-uslubiy va jamoatchilik tadqiqotlar taraqqiy etdi.

Kelajak aloqa tizimlari uchun yuqori malakali muhandislarni tayyorlashni mukammallashtirish maqsadida institutda o‘quv-metodik tadqiqotlar kuchaytirildi.

Hisoblash markazini tashkil etilishi, laboratoriyalarni shaxsiy kompyuterlar bilan jihozlanishi institutda ilmiy tadqiqotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga imkoniyat yaratdi. Barcha fakultetlarning kafedralarida aloqa qurilmalari, uskunalari va tizimlarini matematik modellash, ishonchliligini va muvozanatda ishlashini hisoblash va oshirish sohalarida tadqiqotlar maydoni kengaydi.

Institutdagi mavjud raqamli jihozlar va tizimlardan ilmiy ishlarda va ta’lim berishda samarali foydalanish uchun yetarlik o‘quv-uslubiy materiallar yaratildi.

O‘tgan asrning 80-yillarida aloqa tizimlarida raqamli texnika va texnologiyalarning keng qo‘llanishi sababli yangi nazariya va texnika asoslari bilan qurollangan mutaxassislarni tayyorlash kelajak uchun zarur muammoga aylandi. Uni o‘z vaqtida hal qilish uchun institutda uslubiy pedagogika sohasida tadqiqotlar rivojlandi. O‘quv jarayonining tashkil etishda blok uslubini, talabalarning bilimini nazorat qilishda reyting usuli institutda o‘qitiladigan fanlarga moslashtirilib, taraqqiy ettirildi va amalda joriy qilindi. Olingan natijalar keyinchalik abiturient va talabalarni bilimlarini ob’ektiv baholashda qo‘llanilgan test usulini keng qo‘llashda birinchi qadam deb hisoblanishi mumkin.

1992 yilda abiturientlarning oliy o‘quv yurtiga kirishini test sinovlari orqali o‘tkazish metodologiyasi ishlab chiqildi va tajribada qo‘llanildi. Test uslubi o‘z navbatida o‘rta va oliy o‘quv yurtiga kirish sinovlari imtihonlarni topshirish asosi bo‘lib qoldi.

J.A. Abdullaev O‘zbekiston ilmi, fani va texnikasini faol targ‘ibotchisi sifatida tanilgan. Uning ko‘plab maqola hamda ro‘znomalari, radio va televidenieda chiqishlari xalqimiz orasida ilmiy-texnikaviy rivojlanishni, oliy o‘quv yurtlarida olib borilayotgan o‘quv jarayonlari ilg‘or uslublarini targ‘ibot qilishga qaratilgan.

J.A. Abdullaev shunday ulug‘ yoshda texnologik protsesslar va tizimlarni real vaqt oralig‘ida ishlash jarayonini nazariy holatlarni yaratish ustida ishlab, olingan natijalarni monografiya holatida chop etish bo‘yicha ishlayapti.

Atoqli olim Jo‘ra Abdullaevich Abdullaev o‘zining 90 yilligini yangidan-yangi ijodiy izlanishlar bilan kutib olmoqda. Bu ishlarda Jo‘ra Abdullaevichga universitet jamoasi nomidan sihat-salomatlik, omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq