Umr mazmuni
21.02.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, axborot texnologiyalari fani rivojiga, respublika fani va oliy ta’limining dolzarb nazariy va tatbiqiy muammolarini ishlab chiqishga hamda ilmiy-pedagogik mutaxassislarni tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shgan olim. Uning ilmiy asarlari keng ilmiy jamoatchilikka tanish va obru qozongan. Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev 1927-yil 21-fevralda Toshkent shahrining Chorsu dahasi “Maslak” mahallasida ishchi oilasida tug‘ildi. Otalari Mirza Abdulla Pochayev (1883-1972 yillar) ishchi-xizmatchi bo‘lganlar, onalari Maryamxon Umarova (1896-1940) uy bekasi bo‘lganlar.

Hunarni asrabon netkumdur oxir, Olib tuproqqamu ketkumdur oxir?!
Alisher Navoiy

1934-1944 yillar mobaynida 41-maktabda ta’lim olgan. Mehnat faoliyatini 1944-yil iyun oyida Toshkent passajir-parovozlari deposida parovoz o‘tyoqari (kochegari) sifatida boshlagan. Zarur amaliy imtihonlarni topshirgach, 1944-yil sentabr oyidan to 1946-yil mart oyigacha parovoz mashinistining yordamchisi bo‘lib ishlagan. Parovoz mashinistlari olti oylik kursini va ikki oylik maxsus kursni bitirgach, 1948-yil sentabrigacha dizel-poyezdda birinchi toifali mashinist yordamchisi bo‘lib ishlagan. 1948-yildan Politexnika instituti (hozirgi Toshkent Davlat texnika universiteti) ning Energetika fakultetida tahsil oldi va 1953-yil noyabr oyida «Rele muhofazasi va tizim avtomatikasi» mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan bitirdi, muhandis-elektrik mutaxassisligini egalladi va aspiranturaga tavsiya etildi.

Rasmda: Mirza Abdulla ota farzandlari va nabiralari bilan birga (1962-yil)

Jo‘ra Abdullayev 1954-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Energetika va avtomatika instituti aspiranturasiga qabul qilindi va Moskvaga Fanlar akademiyasining Avtomatika va telemexanika institutiga maqsadli aspirant sifatida yuborildi va 1958-yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1960-yilda Energetika va avtomatika institutida «Telemexanika va informatsion texnika» laboratoriyasi tashkil etildi. Uning rahbari lavozimiga Jo‘ra Abdullayev tasdiqlandi. Energetika tizimlari va boshqa katta murakkab tizimlarni avtomatik boshqarishda o‘lchov axborotining teleboshqarish tizimlarini bir me’yorda ishlashida o‘lchov axborotini yuqori aniqlikdaligini ta’minlash, real vaqt rejimida axborot kechikishini minimizatsiya qilish nazariyasi va usullari yaratildi.

Bajarilgan tadqiqotlarning natijalari umumlashtirildi va «Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarida o‘lchov axborotlariga operativ ishlov berish» (Оперативная обработка измерительной информации в автоматизированных систeмах управления. Tashkent: Fan, 1986) monografiyasi e’lon qilindi. Bu sohadagi ilmiy va amaliy-tadqiqotlarni umumlashtirish natijasida Jo‘ra Abdullayev 1973-yilda «Axborot nazariyasi va texnik kibernetika» yo‘nalishida texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga o‘zining «O‘lchov axborotlariga bashorat bilan ishlov berish nazariyasi va uni texnikaviy masalalarni yechishda qo‘llash» (Теория оперативной обработки измерительной информации с предсказанием и ее применение в решении технических задач) mavzusida dissertatsiyasini yoqladi.

J.A. Abdullayevning O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutida 20 yil davom etgan faoliyati natijasida telemexanika laboratoriyasida diskret signallardan foydalanish asosida masofadan o‘lchash va boshqarish, real vaqt rejimida o‘lchov axborotlarga ishlov berish, ularni uzatish va tatbiq etish, ishonchliligini ta’minlash nazariyalari rivojlandi. Turli xil funksiyalarni bajarish uchun qurilmalar va tizimlar yaratildi va tatbiq etildi. Shu davr mobaynida mashhur olim, professor F.P. Rahimov taklifi bilan Jo‘ra Abdullayev Toshkent politexnika institutining Energetika fakultetida «Raqamli o‘lchov tizimlari asoslari» fanidan maxsus ta’lim kursini tayyorladi va talabalarni o‘qitdi. 1976-yil 25-iyunda J.A. Abdullayev Toshkent elektrotexnika aloqa institutining rektori lavozimiga tayinlandi.

Sanoat va aloqa tizimlarining rivojida diskret texnikaning kelajak ahamiyatini ko‘ra bilgan professor Jo‘ra Abdullayev institutda «Raqamli texnika va elektr aloqani boshqarish» kafedrasini tashkil etdi va boshqardi. Raqamli texnika va mikroprotsessorlardan talabalarga ta’lim berish, ularni kelajak raqamli telekommunikatsiya tizimlarining ishlash, ekspluatatsiya qilish prinsiplariga o‘rgatishga va axborot texnologiyalariga oid fanlardan ta’lim berishga asos solindi. Bu sohada 1978-yilda professor F.B. Abutaliyev rahbarligida tashkil etilgan «Hisoblash matematikasi» fanining xizmatlari muhim rol o‘ynadi. Yuqori malakali muhandislarni tayyorlashni mukammallashtirish maqsadida institutda o‘quv-metodik tadqiqotlar kuchaytirildi. Ularni amalga oshirish maqsadida maxsus xonalarda displey klasslari tashkil etildi, ES-1022 va ES-1032 kabi yuqori tezlikli elektron hisoblash mashinalari ishga tushirildi va institutning hisoblash markazi tashkil etildi. Respublikamizda birinchi marta institutda mahalliy hisoblash tarmog‘i tashkil etildi.

Aloqa kanallarida ma’lumotlarni uzatish va aloqa tizimlarining ishonchliligini oshirish nazariyasiga asos solgan va uni tadqiq etish uslubini yaratgan, aloqa sohasida birinchi texnika fanlari doktori, professor, taniqli olim M.N. Aripov bilan hamkorlikda «Diskret axborotlarni uzatish tizimlarini ishlatish asoslari» (Основы эксплуатации систем передачи дискретных сообщений, Ташкент, Издательство «Fan», 1984) monografiyasi chop etildi. Unda tizimlarni qayta tiklash, ta’mirlashga moslashning tajribaviy uslublari hamda ishlash jarayonida olingan ma’lumotlar asosida ularning ishonchli ishlashini hisoblash usullari keltirilgan. Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga va o‘qitish metodologiyasiga alohida ahamiyat bergan Jo‘ra Abdullayev o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqishda, elektraloqachi muhandislarning malakasi va amaliy mahoratini oshirishda faol qatnashdi. Uning professor M.N. Aripov bilan hammualliflikda yozilgan «Diskret axborotlarni uzatish masala va misollar ifodasida» (Передача дискретных сообщений в задачах и упражнениях, Москва, Издательство «Радио и связь», 1985) darsligi Aloqa vazirligining Oliy ta’lim muassasalari va mutaxassislari Bosh boshqarmasi tomonidan aloqa oliy ta’lim muassasalariga o‘quv qo‘llanmasi sifatida tavsiya etildi.

Raqamli ma’lumotlarni uzatishda tonal chastotali kanallar sifatini nazorat qilish muammosi aloqa tizimlari ustuvorligini oshirishga qaratilgan. I.Ya. Levental bilan hamkorlikdagi izlanishlar natijalari «Axborotlarni uzatish tizimlarida kanalning chastota xarakteristikasini o‘lchash va uni nazorat qilish» (Контроль и измерение частотных характеристик каналов систем передачи сообщений, Ташкент, Издательство «Fan», 1989) monografiyasida o‘z aksini topdi. J.A. Abdullayevning rahbarligi va bevosita ishtirokida kosmik tadqiqotlar dasturini ayrim sohalarda ilmiy va tatbiqiy natijalar bilan ta’minlashga erishildi. Televizion axborotlarga ishlov berishning nazariy masalalari hamda kosmik apparatlarning o‘zaro harakati parametrlarini yerdagi televizion ekrandagi tasviri orqali aniqlash nazariy asoslari va qurilmalari ishlab chiqildi.

Kosmik apparatlarni fazodagi o‘zaro harakati parametrlarini video-axborot yordamida yerdagi boshqarish punktida o‘lchash va nazorat qilishning maxsus nazariy masalalari hal etildi. Raqamli qurilmalar ijod etildi va ularning tajribaviy va ishchi variantlari yasaldi, sozlandi va 1986-yilda Kosmik uchishlarni boshqarish Markazida maxsus rejimda uchayotgan kosmik apparatlarning o‘zaro birikishini ta’minlashda ishlatildi. Qo‘lga kiritilgan ilmiy va amaliy natijalar xalq xo‘jaligi talablariga binoan davom ettirildi. «Kosmik apparatlarning yaqinlashuv jarayonini televizion nazorati asoslari» (Основы телевизионного контроля процесса сближения космических аппаратов, Ташкент, Издательство «Fan», 1987) nomli Yu. Sagdullayev bilan hamkorlikda yozilgan monografiya chop etildi. Rektor J.A. Abdullayev va kafedra mudiri I.R. Berganov yordami bilan R.I. Isayevning rahbarligida 1977-yilda «Raqamli tolali optik aloqa» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi ochildi va ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vaziri K.R. Rahimov, Toshkent shahar telefon tarmog‘i korxonasi Bosh muhandisi V.N. Kravchenko, D.A. Abdullayev, I.R. Berganovlar yordami bilan R.I. Isayev rahbarligida 1985-yilda Markaziy Osiyoda birinchi bor 235-241 ATSlar orasida 4 tolali optik kabel yotqizildi va 30 kanallik raqamli apparatura ishga tushirildi. 1989-yilda Zangiota tumani markazi va Navoiy ko‘chasi, 28-uyda joylashgan Shaharlararo telefon stansiyasi oralig‘ida 16 km tolali optik aloqa kabeli yotqizilib, 120 kanallik raqamli aloqa apparaturasi ishga tushirildi. Bu loyihalar asosida ilmiy- tadqiqotlar olib borildi va mutaxassislar tayyorlandi. Shu yili institutda «Raqamli tolali optik aloqa» o‘quv laboratoriyasi tashkil etildi va ishga tushirildi. Shunisi quvonarliki, mazkur laboratoriyaga qattiq jismli lazerlarni ixtiro qilgan, Nobel mukofoti sovrindori, akademik A.M. Proxorov va uning shogirdi akademik E.M. Dianovlar keldilar va tanishib, yuqori baho berdilar va omad tiladilar.

J.A. Abdullayev yosh mutaxassislarni mukammal, har taraflama bilim va odobga ega inson sifatida tarbiyalashni tashkil etishga alohida e’tibor qaratdi. Talabalar turar-joylarida va guruhlarda zamonaviy va tarixiy mavzularda yoshlar bilan suhbatlar tashkil etildi. Viloyatlardan kelgan talabalarni yaxshi o‘qishi va intizomi uchun taqdirlash tadbirlari qo‘llandi. Viloyat aloqa boshqarmalari xodimlari bilan uchrashuvlarda talabalarga mukofotlar va turli sovg‘alarni topshirish, ota-onalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Bu tadbirlar talabalarni o‘z uyi, tumani va viloyatiga mehrini, Ona-Vatanga sodiq farzand bo‘lib etishish xususiyatini oshirishga xizmat qildi. 1992-yilda J.A. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati topshirig‘i bilan O‘zbekistonda oliy ta’limni qayta tuzish va uni jahon standartlariga moslashtirishning keng ko‘lamdagi tadbirlarini bajarishga rahbarlik qildi, 1992-yilda abituriyentlarning oliy ta’lim muassasasiga kirishini test sinovlari orqali o‘tkazish metodologiyasi ishlab chiqildi va tajribada qo‘llanildi. Test uslubi o‘z navbatida, o‘rta va oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlari imtihonlarini topshirish asosi bo‘lib qoldi.

J.A. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimiga 1994-yilda tayinlandi. Bu vazifada o‘z bilimi va ijodiy kuchini ilmiy muassasalar va Prezidiumda samarali ish vaziyatini tashkil qilishga va institutlar bilan ishlab-chiqarish tashkilotlari o‘rtasida ijodiy aloqani o‘rnatishga qaratdi. Bu davrda Fanlar akademiyasining yangi Nizomi, O‘zR FAga haqiqiy va muxbir a’zolikka saylov o‘tkazishning tartib va qoidalari hamda uslubiy normativ hujjatlari ishlab chiqildi. J.A. Abdullayev 1997-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi qoshidagi Ilmiy-tadqiqot markaziga ilmiy maslahatchi lavozimiga tayinlandi.

Toshkent elektrotexnika aloqa institutining Bo‘stonliq tumani hududidagi ilmiy-ishlab chiqarish va dam olish zonasida professor R.I. Isayev rahbarligida sobiq ittifoqda birinchi quyosh-shamol energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi qurilma yaratildi va 1986-yilda ishga tushirildi. Qurilma shamol tezligi, quyosh nurlarining zichligi, manbalar ishlab chiqarayotgan energiya miqdori va boshqa parametrlarini o‘lchaydigan asboblar bilan jihozlandi va bu parametrlar miqdorlarini yil bo‘yi o‘zgarishi bir necha yil mobaynida professor R.I. Isayevning shogirdi t.f.n. B.M. tomonidan yozib va o‘rganib borildi. Yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlili ikki turdagi manbalar energiyasidan qo‘shma foydalanilishi O‘zbekiston sharoitida yuqori samara berishini tasdiqladi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasida 1996-yil ning sentabr oyida tashkil etilgan O‘zbekiston-Fransiya ilmiy-seminarida FA institutlarida bu sohaga tegishli ba’zi ilmiy ishlar haqida ma’ruzalar eshitildi. J.A. Abdullayev quyosh va shamol energiyasini elektr energiyasiga o‘zgartirish sohasida erishilgan natijalarni Ilmiy-tadqiqotlar Markazi ilmiy guruh a’zolari nomidan ma’ruza qildi. Ilmiy seminarda fransuz mutaxassislari ushbu ma’ruzada keltirilgan natijalarga yuqori baho berdilar. Yuqori quvvatga ega quyosh-shamol qurilmasini birgalikda qurish, uni mahalliy sharoitda ishlash natijalarini tahlil etib, keng miqyosda qo‘llash uchun taklif tayyorlashga kelishildi. Tez orada Yevropa komissiyasi tomonidan doktor Dide Mayer loyhaning tashkilotchi-koordinatori etib tayinlangani haqida Fransiyadan xabar keldi.

Markazda umumiy 5 kilovat quvvatga ega bo‘lgan gibrid quyosh-shamol qurilmasining hisob-kitoblari bajarildi, texnik topshiriq bo‘yicha «5 kilovattlik namunaviy gibrid quyosh-shamol qurilmasini yaratish» loyihasi Yevropa Komissiyasining INKO-KOPERNIKUS programmasi chegarasidagi tanlovga yuborildi. Loyiha tanlovda g‘olib chiqdi. Fan-texnika va marketing tadqiqotlari Markazi bilan tuzilgan kontrakt imzolandi. Ushbu kontraktda FTMTM direktori R.I. Isayev – loyiha rahbari, Fransiyaning Sofiya Antipolis shahrida joylashgan Ecole De Mines instituta qoshidagi «ARMI-NES» firmasidan doktor D. Mayer tashkilotchi-koordinator, FTMTMdan J.A. Abdullayev ilmiy-koordinator etib tayinlandi. O‘zbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi taklifi bilan Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chorbog‘” radiotelevizion retranslyatori hududi yonidagi maydonda qurilish-montaj ishlari yakunlangach, barcha ishtirokchilar qatnashuvida 2000-yil 1-avgustda Markaziy Osiyoda birinchi marta 5 kVt quvvatli Gibrid quyosh-shamol qurilmasi sinovdan o‘tkazildi, uning tajribaviy ishlatilishi boshlandi va u Toshkent televideniyasining birinchi dasturi uzatish qurilmasini elektr energiya bilan ta’minladi.

D.A. Abdullayev tomonidan yaratilgan va shuningdek, shogirdlari bilan hamkorlikda olib borilgan ilmiy izlanishlarning natijalari 9 ta monografiya va o‘quv qo‘llanmalarda, 176 ta ilmiy maqola, ulardan 63 tasi xorijda ilmiy izlanishlarga 35 dan ortiq mualliflik guvohnomasi va patentlar berilgan. Uning ilmiy rahbarligida 10 nafar va uning bevosita ilmiy yordamida 6 nafar tadqiqotchilar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqladilar. Oxirgi yillarda J.A. Abdullayev tasodifiy hodisalarni vaqt oralig‘ida ehtimollik munosabatlarini yoritish prinsiplarining yangi uslubini ishlab chiqdi. Ushbu ilmiy- tadqiqot natijalari respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda chop etildi.

Mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari uchun J.A. Abdullayev «Xalqlar do‘stligi» va «Mehnat shuhrati» ordenlari, qator medallar va Faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan. Texnikaviy fanlarni rivojlantirish va mutaxassislarni tayyorlashdagi katta xizmatlari uchun unga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi», «Aloqa ustasi» va «Ustoz» fahriy unvonlari berilgan. Akademik Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev o‘zining 90 yilligini yangidan-yangi ijodiy izlanishlar bilan kutib olmoqda. Bu ishlarda Jo‘ra Abdullayevichga sihat-salomatlik, omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Mualif: Rixsi Isayev, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq