Yevropada robotlarni ishdan to‘xtatish tugmasini yaratish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlandi
17.02.2017
Rukn: Texnologiya, Yangiliklar.
Muallif: .

Yevroparlamentning huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan yangi ma’ruzada rivojlanib borayotgan mustaqil avtonom robotlar sohasida, alohida xavf yuzaga kelgan holatda, qo‘llanishi zarur bo‘lgan chora sifatida robotlarni «ishdan to‘xtatish» deb nomlangan muammoga yechim topish g‘oyasi ko‘tarilganligi Robotics.ua. manbaida ma’lum qilingan.

Keng qamrovli ma’ruzada avtonom sun’iy intellekt sohasining rivojlanishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy va axloqiy muammolar yechimi bo‘yicha qator takliflar taqdim etilgan. Ular qatorida robot texnikasi bo‘yicha Yevropa agentligini yaratish hamda robotlashtirish oqibatida yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan ommaviy ishsizlikka qarshi omil sifatida Ilon Mask tomonidan ilgari surilgan universal bazaviy daromadni amalga oshirish taklifi muhokama qilish uchun taqdim etildi. Ma’ruzada robotlarning xavfli va zararli harakatlari holatida huquqiy munosabatlar masalalari muhokama etildi. Mazkur masala robotlarning bilish, o‘z imkoniyati va tajribasi asosida mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatlari rivojlangani sari dolzarblashib borayotgani ta’kidlandi. Qaysi holatlarda robot o‘z harakatlariga javob bera olishi va qaysi holatlarda ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki foydalanuvchi javob berishi shartligi masalalarini hal etish zarurligi muhokama etildi.

Shunisi qiziqki, javobgarlik shkalasida mustaqil robotlar qobiliyati-qodirlik darajasi hisobga olingan. Bu haqda ma’ruzada shunday deyilgan: «Robotlar qanchalik ko‘p qobiliyatli, mustaqil harakatlanishga qodir bo‘lsa, ularning yaratuvchilarida robotlarning har qanday xatti-harakati uchun javobgarlik shunchalik ortadi».

Ma’ruzadagi bir taklifda avtonom robotlar uchun go‘yo avtomobillarimiz uchun bo‘lganidek, majburiy sug‘urta kiritish talabi kabi huquqiy javobgarlikni boshqarish masalasi ko‘tarilgan. Shu tariqa, ishlab chiqaruvchi robotning insonga keltirgan har qanday zararini qoplashi talab etiladi. Umuman olganda, robotni «ishdan to‘xtatish» g‘oyasi yangilik emas. 2016-yil Google DeepMind kompaniyasi tadqiqotchilari sun’iy intellektga xavfli harakatlarni sodir etishga to‘sqinlik qiladigan «qizil tugma»ni joriy etishni taklif etgan edilar. Google hisobotlarida mustaqil foydalaniladigan mashinalar ustidan qat’iy nazorat choralari bilan bog‘liq muammolar muhokama etilgan. Unda odam tomonidan boshqariladigan harakatlarni taniy oladigan Google DeepMind sun’iy intellekti bora-bora bunday harakatlarni o‘zi sodir etishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Shu sababli tadqiqotchilar ishini to‘xtatish tugmasi mavjud bo‘lgan har qanday robotda «qisman amneziya» funksiyasi dasturlashtirilgan bo‘lishi shart deb hisoblaydilar, sababi dastur uni nima sababdan va qanday vaziyatda ishi to‘xtatilganligini unutishga majbur etadi. Robot egasi agar u xavfli harakatlarni sodir etganida, mazkur robotning ishini to‘xtatish tugmasi faollashtirilmagan bo‘lsa, buning uchun huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi shart.

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq