Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishda axborot-metodik xizmatni tashkil qilish xususiyatlari
17.02.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Xalq ta’limi xodimlarining davr bilan hamqadam bo‘lishlari, ularning oldilariga qo‘yiladigan talablarga javob berishlari uchun o‘z malakalarini uzluksiz ravishda oshirib borishlari shart, shuni e’tiborda tutib hamda ularning malaka oshirish jarayonini ta’minlash maqsadida axborot-metodik xizmatni tashkil qilishga, tizimning o‘quv-metodik bazasini shakllantirish tamoyillari, axborot-resurslarini izlash, yaratish va joylashtirish imkoniyatlarini tahlil qilishga harakat qildik.

Innovatsion jarayonlarni, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT)ni pedagog-xodimlar kasbiy-mutaxassislik faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha to‘plangan nazariy bilimlar va amaliy tajribalarni keng joriy etish malaka oshirish tizimi orqali muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin. Bugungi kundagi ta’lim tizimining vazifasi — insonni to‘yingan axborot-ta’lim muhiti sharoitida yo‘nalish ola bilishga o‘rgatishdan iborat ekan, buning uchun o‘qituvchilarni kerakli axborot olishning yangi shakllariga tayyorlash, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va elektron kutubxonalar fondlaridan foydalanish, global va lokal kompyuter tarmoqlarining zamonaviy resurslaridan foydalanishga qodir bo‘lgan uzluksiz mustaqil ta’lim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish zaruriyati paydo bo‘ladi(1). Xalq ta’limi tizimidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish institutlari faoliyatini yanada takomillashtirish, tegishli axborot xizmati resurslaridan foydalanish orqali malaka oshirish institutlari o‘rtasida elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, natijada esa tizimda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning elektron shaxsiy kabinetlari orqali masofadan tajriba almashish imkoniyatini va o‘quv-metodik materiallar bazasini yaratish zarur­ligini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, pedagog-xodimlar malakasini oshirishda ularni innovatsion o‘quv-metodik va ilg‘or tajribalar bilan boyitish hamda kasbiy-mutaxassislik salohiyatini raqobatbardosh darajada rivojlantirish asosiy yo‘nalishlardandir. Malaka oshirish tizimida axborot xizmatini yo‘lga qo‘yish ta’lim muassasasini zamonaviy AKT bilan ta’minlash hamda ularni amaliyotda qo‘llash, o‘qituvchi shaxsi va kasbiy-mutaxassisligiga qo‘yilayotgan talablar ijtimoiy mohiyati­ning keskin oshib borishi, zarur axborotlarga ega bo‘lishi, o‘qituvchilarning ko‘p faoliyatliligiga asoslangan o‘quv-biluv maydonini tashkil etish mahoratini egallashlariga keng yo‘l ochish, shuningdek, pedagogik faoliyat jarayonida o‘quvchining harakatchanligiga asoslangan o‘quv maydonini vujudga keltirishning didaktik imkoniyatlarini puxta o‘zlashtirishlariga erishishning yechimi sifatida namoyon bo‘ladi.

Mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda malaka oshirish tizimida axborot xizmatini yaratish borasidagi yig‘ilgan tajribalarni o‘rganish va tahlil qilish axborot-metodik xizmatni loyihalashtirishda avvalo, tizimning o‘quv-metodik bazasini yaratish va sinovdan o‘tkazish lo­zimligini ko‘rsatdi. Agar fan o‘qituvchisi tomonidan praktikum­ning aniq mazmuni, metodik ko‘rsatmalari, yordamchi metodik ko‘rsatmalar va boshqalar bilan to‘ldirib boriladigan universal dasturiy qobiqlar yaratilsa, yangi interfaol praktikumlarni yaratish muammosi ancha soddalashadi. Bu XXI asr texnologiyasini nafaqat pedagogikaning gumanistik mazmunida aks ettiradi, balki bu texnologiya tinglovchilarni hayotga yaxshiroq tayyorlaydi va uzoq masofadan turib, samarali ishlashlari uchun virtual muhit yaratish imkonini beradi(2). Internetdan foydalanishga oid texnologiyalar­ning paydo bo‘lishi bilan foydalanuvchilar uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni mustaqil topish layoqati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Axborot dunyoqarashi tinglovchilarning tizimiy fikrlashi­ning rivojlanishi bilan bog‘liq holda o‘z masalalarini optimal hal qilish uchun zarur bo‘lgan dasturiy va kompyuter vositalari to‘plamida yo‘nalish ola bilishiga yordam beradi. Axborot texnolo­giyalari, texnik, dasturiy vositalar sohasida yuzaga keladigan mu­ammolarni tizimiy ko‘rish nuqtai nazaridan, quyidagicha shakl­lantiriladi (4): zarur atamashunoslikni bilish; kompyuter konfiguratsiyasini bilish, modem va dasturiy ta’minotni tanlash layoqati; axborot-kommunikatsiyalarining tashkiliy tuzilmasini tushunish; axborotga ehtiyojni dolzarblashtirish va ularni vazifalar tizimiga uzatish.

Real axborot faoliyati «inson — kompyuter» dialogida psixologik to‘siqni yengib o‘tishda hal qiluvchi omil hisoblanadi va axborotni izlash (izlovchi tizim) hamda axborotni yaratish (axborotni tay­yorlash, rasmiylashtirish, joylashtirish va boshqalar)ga ajratiladi. Ting­lovchilarga axborot-metodik xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyat instrumenti sifatida yaratiladigan Web-resurs didaktik qiymatga ega bo‘lishi, metodik nuqtai nazardan, savodli tashkil etilishi va quyidagi tamoyillarga javob berishi kerak:

  • hammaboplik: resursni texnik jihatdan Global tarmoqdan oli­nishi mumkinligini ta’minlash;
  • ochiqlik: resurs foydalanuvchilar uchun o‘qish va interfaol fikr bildirish darajasida, mualliflar uchun esa yaratish va joriy tahrir qilish darajasida erkin imkoniyat yaratish;
  • interfaollik: resurs jarayon ishtirokchilarining (o‘qituvchilar va tinglovchilar) kundalik interfaol o‘zaro ta’sir «maydon­chasi»ga ega bo‘lishi;
  • erkinlik va mas’uliyatning o‘zaro uyg‘unlashuvi: o‘qituv­chining ijodiy erkinligini hurmat qilish bilan uning o‘z faoliyati natijalari uchun mas’uliyati.

Jarayonni boshqarishda resursning «yuqori daraja» qismi institut ma’muriyati tomonidan boshqarilishi, resursning «quyi» qismi mutlaqo o‘qituvchilar — tegishli «shaxsiy kabinet»ning mualliflari zimmasida bo‘lishi maqsadga muvofiq. O‘qituvchilarning «shaxsiy kabineti» mazmuniga bevosita aralashish texnik istisno qilingan bo‘lishi ularda mas’uliyat hissini oshirishga zamin yaratadi. Resurs­ning yuqorida bayon qilingan tamoyillarga javob beradigan qilib texnik bajarilishi bir qator Internet texnologiyalardan majmuaviy foydalanishni ko‘zda tutadi. Ushbu texnologiyalar jarayonni tashkil qilishda mazkur texnologiyaning didaktik imkoniyatlariga mos ra­vishda, ma’lum vazifani bajaradi va yaratiladigan resursning funksional holatiga ta’sir ko‘rsatadi hamda ma’lum talablarni qo‘yadi (3):

  • aloqaning yuqorida ko‘rsatilgan to‘plamiga hech qanday shartlarsiz va operativ kirish;
  • muallifga global tarmoqqa ulangan ixtiyoriy kompyuterdan o‘z resursini yoki o‘z vakolati doirasida u yoki bu resursni boshqarish imkoniyati;
  • kunu tun davomida hech qanday shartlarsiz va operativ texnik qo‘llab-quvvatlash.

Shu bilan birga, zamonaviy o‘qituvchi oldida tashqi ta’sirlar va topshiriqlar chegarasini yengib o‘tish, jahon pedagogika fani va amaliyoti yutuqlarini faoliyatida o‘zining individual uslubi daraja­sida integratsiyalash qobiliyatiga ega bo‘lgan, haqiqiy mustaqil va mas’uliyatli shaxs sifatida shakllanishi mumkin bo‘lgan sharoitlarni ilmiy jihatdan oldindan istiqbolni belgilash vazifasi turadi. Shu o‘rinda, axborot-metodik xizmatning samarali bo‘lishi va kutilgan maqsadlarga erishilishida tinglovchilarning axborot-resurslari bilan ishlash salohiyatini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Chunki olib borilgan tajriba-sinov ishlarida ko‘pchilik tinglovchilarda AKT bilan ishlash ko‘nikmalari yetarli emasligi aniqlandi. Bu holda malaka oshirish o‘quv rejalarida nazarda tutilgan «Axborot texnologiyalari» va «Fanni o‘qitishda axborot texnologiyalari» mo­dullari imkoniyatlaridan samarali foydalanish talab etiladi. «Malaka oshirish tizimini takomillashtirishning axborot xizmatini yara­tish va amaliyotga tatbiq etish» etish loyihasi doirasida pedagog-xodimlarga innovatsion o‘quv-metodik materiallarni uzluksiz taqdim qilib borish axborot-metodik xizmat tizimi yaratildi va malaka.uz o‘quv-metodik materiallar portali ishga tushirildi. Portalda Respublikadagi 15ta malaka oshirish institutlarining 300 nafardan ortiq ilg‘or tajribali professor-o‘qituvchilari yagona tarmoqqa biriktirilib, ularning har biriga elektron shaxsiy kabinetlar ochildi. Yaratilgan shaxsiy kabinetlar professor-o‘qituvchilar kasbiy faoliyatiga doir ma’lumotlar hamda nashr etgan o‘quv-metodik materiallarni o‘z ichiga oladi. Qisqa muddatda tizimga 5500dan ortiq zamonaviy talablarga javob beradigan resurslar joylashtirildi.

Quyidagi jadvalda malaka.uz tarmog‘iga resurs joylashtirgan professor-o‘qituvchilar va resurslarga murojaatlar dinamikasi kelti­rilgan:

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun resurslardan keng foydalanish va o‘zaro masofadan muloqot qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, joylashtirilgan videodarslar pe­dagogik tajriba almashish bilan birgalikda, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, eng namunali ishlar ommalashtiriladi va monitoringi olib boriladi. Monitoring natijalariga ko‘ra joriy yilda joylashtirilgan resurslarga murojaatlar soni yuz mingdan oshganligi portalning pedagog-xodimlar kasbiy ehtiyojlarini qondirishdagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Internet kundalik hayotimiz­ning ajralmas qismiga aylanar ekan, shu bilan bog‘liq holda ta’lim tizimi xodimlarining uzluksiz malakasini oshirish jarayonida internet-texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini oshirish zaruriyati tug‘ilmoqda. Ta’lim tizimi nafaqat jamiyatning istiqboldagi taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy tajribani avloddan-avlodga o‘tishini ta’minlaydi, balki shaxsni jadal rivoji uchun sharoit yara­tish, uni ijtimoiy himoya qilishi va ehtiyojlarini qondirishi ham kerak bo‘ladi. Bu shartlarni amalga oshirish ta’lim tizimini xal­qonalashtirish va demokratlashtirish asosiga qurish bilan bog‘liq bo‘ladi. Inson butun hayoti davomida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak ekan, ta’limning turli tizimlari va bosqichlari uzviyligini ta’minlash, ta’lim maqsadlarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish talab etiladi. Zamonaviy jamiyatda ta’lim tizimini rivojlantirishning maqsadi insonni bilimning turli sohalaridagi turli mustaqil maqsadli faoliyatga jalb qilib, intellektual va axloqiy rivojini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Axborot metodik xizmat xalq ta’limi muassasalarida faoliyat olib borayotgan rahbar va pedagog-xodimlar axborot faolligini ta’minlanishiga, pedagogik faoliyatlariga oid o‘quv-metodik materiallarni manzilli izlash imkoniyatininng yaratilishiga, shuningdek, axborot-resurslaridan foydalanish va tarmoq orqali muloqot qilish zarurligi sababli ularda axborotlar bilan ishlash, kerakli axborotlarni izlash, topish, qayta ishlash va unumli foydalanish, taqdimot va nazorat materiallarini tayyorlash, umuman olganda, AKT bilan ishlash salohiyatliligini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu esa pe­dagog-xodimlarni uzluksiz malaka oshirishini ta’minlaydi va kasbiy-mutaxassislik mahoratini doimiy takomillashtirib borishga imkon yaratadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Авдeeва С. М. Дистанционноe повышeниe квалификации работников образования по использованию интeрнeт-тeхнологий в пeдагогичeском процeссe. — Т.: «Ахборотнома», 2002. — №9. — С.67–69.
  2. Новыe пeдагогичeскиe и информационныe тeхнологии в систeмe образования: Учeбноe пособиe // Под рeд. E. С. Полат. — М.: Изд. цeнтр «Акадeмия», 1999. — С. 272.
  3. Нигматуллаeв М. М. Обучeниe студeнтов пeдагогичeских вузов использованию Web-тeхнологий // Информатика и образованиe. — 2002. — №9. — С. 123–126.
  4. Юлдашeв З. Х., Ашурова Д. Н. Элeктронныe учeбныe литeратуры — как фактор повышeния эффeктивности самообразования. // Пятая мeждународная конфeрeнция «Образованиe чeрeз всю жизнь: нeпрeрывноe образованиe для устойчивого развития». Т.2. — Санкт-Пeтeрбург, 2007. — С. 120–123.
  5. http//www.malaka.uz— o‘quv-metodik materiallar.

Muallif: А’lamjon Ibragimov, O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti, katta ilmiy xodim-izlanuvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq