Charlz Bebbij – tarixda birinchi haqiqiy kompyuter ixtirochisi
17.02.2017
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Oygul Madjidova.

Mamlakatimiz «Aloqa tarixi muzeyi» zallari bo‘ylab navbatdagi sayohatimiz aloqa sohasining rivojiga samarali hissa qo‘shgan buyuk ixtirochilardan biri Charlz Bebbijning faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlandi.

Charlz Bebbij — ingliz matematigi, birinchi avtomatik raqamli kompyuter ixtirochisi. U zamonaviy ingliz pochta tizimini yaratib, dastlabki ishonchli aktuar jadvallar ishlab chiqqan, turli xil spidometrlar va temir yo‘llarni tozalagich qurilmasini ixtiro qilgan.

Elektraloqa tarixida birinchi haqiqiy kompyuter ixtirochisi Charlz Bebbij (Charles Babbage) 1791-yilda Angliyada tavallud topgan, otasi bank sohibi bo‘l­gan. U jismoman zaif bola bo‘lgani uchun 11 yoshiga­cha o‘z uyida o‘qitilgan. Charlz Bebbij bolalikdan matematikaga qiziqqan (uning uchun matemati­kaga oid kitoblar xuddi badiiy asardek huzur bag‘ishlardi), mexanik o‘yinchoqlarni juda yoqtirardi. Charlz Bebbij bunday o‘yinchoqlarni keyinchalik o‘zi ham yasay boshlagan. 1810-yilda Charlz Kembrij universiteti Triniti — kollejiga o‘qishga kiradi va unga o‘z tengdoshlari orasida matematikani yaxshiroq bilishi ma’lum bo‘lib qoladi. Bu holat uning xarakteri shakllanishi­ga kuchli ta’sir etadi. Yoshi ulg‘aygan sayin uning tabiati yanada og‘irlashib borganligi tarixdan ma’lum.

Charlz Bebbij paroxodlar va parovozlar insonlarga yaxshi imkoniyatlar taqdim etayotgan bir davrda yasharkan, uning qalbida insonlarni murakkab hisob-kitoblardan xalos etish borasida yordam berish orzusi paydo bo‘ladi U: «Mening harakatlarim odamlarga xomxayoldek tuyulsa ham, aniq ishonch bilan ta’kidlay olamanki, bu intilishim natijasi ajoyib mo‘jiza bo‘ladi» — derdi. Bebbijga ishonmagan ko‘plab olimlar va donishmandlarni lol qoldirib, o‘z ixtirosi — insoniyat tarixida birinchi avtomatik hisoblash ma­shinasini yaratish bilan u o‘z fikrini tasdiqlay olgandi. Bolalikdan matematikaga bo‘lgan qiziqishlari sababli Bebbij Triniti kollejida ham oxirigacha o‘qiy olmay, undan ketib qoladi. 1814-yildan u matemati­kaga oid ta’limni boshqa muassasalarda davom ettira boshlaydi…

Shunday orzusi tomon intilib yurgan vaqtda u davrining taniqli shoiri Alfred Tennison qalamiga mansub bo‘lgan quyidagi satrlarni o‘qib qoladi: «Har daqiqa bir kishi o‘tar, lek har daqiqa tug‘ilar boshqa bir inson».

Mazkur satrlar Bebbijni shoirga maktub yozishga majbur qiladi va u matematik zehni bilan anglagan fikrini bayon etadi: «…Ma’lumki, sizning ko‘rsatmangiz to‘g‘ri emas, (Yer kurrasi aholisi bo‘yicha) muntazam ravishda ko‘rsatkich o‘sib bormoqda. Shuning uchun navbatdagi nashringizda buni quyidagicha o‘zgartirsangiz: Har daqiqa bir kishi o‘tar, lek tug‘ilar 1,16 foiz inson…».

Charlz Bebbijning o‘g‘li otasining vafotidan keyin uning laboratoriyasidan topgan detallardan «farqlar» mashinasining bir qismini jamlagan.

Bu ehtimol Bebbijning hazilidir, biroq u tabiatan har bir masa­lada o‘ta aniqlikni talab etardi. U o‘zining bunday yondashuvini quyidagicha bayon etgan: «Men yanada aniq raqamlarni -1,167 ko‘rsatishim mumkin, biroq she’r vaznini buzib qo‘yaman deb cho‘chidim…».

U butun borlig‘i bilan matematik ixtirolarga berilgandi. Masalan, «Don Juan» operasini tomosha qilishga borib, besh daqiqa ham o‘tira olmay, zerikib, zaldan chiqib ketadi — uning e’tiborini sahna mexanizmining qurilishigina jalb eta olgandi…

1812-yilda Bebbij do‘sti bilan ochiq logarifmlar jadvali ustida ishlab turganida, do‘sti yosh matematikdan nimalar haqida o‘y­layotganligini so‘rab qoladi, Bebbij unga javoban shunday deydi: «…Axir mazkur barcha jadvallarni bir mashina yordamida hisob­lash mumkinku!».

Nihoyat 1822-yilda qo‘lda ishlatiladigan hisoblash mashinasini loyihalalashtirishga erishadi. Bebbijning dastlabki mashinasi juda murakkab arifmometr bo‘lib, uni «Farqlar mashinasi» deb nomlaydi. Bebbij uni asta takomillashtira borib, nihoyat mashinaning loyihasini shunchalik murakkablashtiradiki, hatto hozirgi davrda ham bunday apparatni qurish ancha muammoli ish bo‘lishi mumkin edi… Bebbij ushbu loyihasini oxiriga yetkazmay, yanada qiziqtirgan boshqa ishlarga chalg‘ib ketadi. Biroq mazkur mashina uning ixtirochisi tomonidan qurilmagan bo‘lsada, bu sohada hisoblash texnikasining kelgusidagi rivoji uchun xizmat qiladigan qimmatli bilimlarni taqdim etgandi.

«Farqlar» mashinasining London Fanlar muzeyidagi nusxasi

Bebbijning dastlabki matematik asarlari zamondoshlari tomonidan yaxshi kutib olinadi va uni Qirollik jamiyati a’zosi sifatida qabul qiladilar, biroq shaxsiy xususiyati sababli Bebbij Fanlar akademiyasidagi olimlar bilan kelisha olmaydi. 1826-yilda Qirollik jamiyatining kotibi vazifasidan ozod etiladi va astronomiya, statistika, aniq mexanika bilan shug‘ullana boshlaydi. Bebbijda avvalgi ixtirosidan butunlay boshqacha «analitik» deb nomlangan mashina g‘oyasi tug‘iladi. Bu esa jahondagi birinchi kompyuter edi…

Bebbij yaratgan EHM bugungi kundagi kompyuterlarning barcha asosiy qismlari: sonlarni saqlash uchun jamlagich, arifmetik qurilma, mexanizmlar, operatsiyalar ketma-ketligini boshqargich, ma’lumotlarni kiritish va chiqarish qurilmasiga ega edi. Bebbijgacha hech kim bunday universal hisoblagich yaratmagandi. Hatto bir necha yil avval Blez Paskal yaratgan «arifmometr» ham mohiyatiga ko‘ra murakkablashtirilgan sodda hisoblagich edi xolos.

Shunday qilib, dastlabki kompyuter 1834-yilda yaratilgan, unda: yog‘ochdan ishlangan «diskovod», kartonli perfokartalar, tishli va richagli «protsessor» mavjud edi… Charlz Bebbijning «analitik» mashinasi — mexanik apparat bo‘lib, hisoblashni avtomatlashtirishga mo‘jallangandi. Mazkur mashinaning logarifmik va trigonometrik funksiyalari uni universal hisoblash qurilmasi deb atash imkonini berardi. Universal hisoblash mashinasi zamonaviy raqamli kompyuterlarimizning munosib ajdodi edi. Bebbijning yagona mantiqiy sxemasiga asoslangan arifmetik qurilmasi (uni o‘zi «tegirmon» deb ataydi), xotira registrlari («ombor») va uch turdagi perfokartalar yordamida amalga oshirilgan kiritish-chiqarish qurilmasidir. Perfokartalar yordamida mashina qo‘shish, bo‘lish, ko‘paytirish operatsiyalarini amalga oshirardi. Perfokartalar ma’lumotlarni arifmetik qurilma xotirasidan uzatish va aksincha amallarning boshqarilishida qo‘llanilgan. Sonli perfokartalar ma’lumotlarni mashinaga kiritish va agar xotirasiga joy yetarli bo‘lsa, hisoblash natijalarini saqlashda qo‘llanilgan.

1843–1849 yillarda Bebbij mazkur mashina chizmalarining to‘liq jamlanmasini taqdim etadi, biroq uning so‘z bilan ifodalangan ta’riflarini amalga oshirmaydi. 1840-yilda Bebbijni analitik mashinasi haqida ma’ruza qilish uchun Italiyaga taklif etadilar, shundagina L. F. Menabr ma’ruza matnini yaratib, uni chop ettiradi. Natijada mazkur ma’ruza materiallaridan tayyorlangan maqolani Bebbijning sodiq xodimasi Ada Lavleys tarjima qilib, sharhlab bergan. Jahonga mashhur shoir Jorj Bayronning qizi Ada Lavleys — matematikaga bo‘lgan juda katta qiziqishi sababli Bebbij bilan hamkorlik qilardi va uning perfo­kartali analitik hisoblash mashinasiga bir necha dasturlar yozgandi.

1871-yilda Bebbij zamondoshlari tomonidan munosib baholanmay, hayotdan ko‘ngli qolgan holda olamdan o‘tdi. U yaratgan ajoyib mashina chizmalardagina qolib ketdi… Hozirgi davr muta­xassislari ushbu qurilma hatto XX asrning dastlabki elektron ma­shinalaridan ham yaxshiroq bo‘lganligini tan oladilar.

Londondagi Fanlar muzeyida Charlz Bebbijning yakunlanmagan hisoblash qurilmasi mexanizmlarining qismlarini ko‘rish mumkin. 1991-yilda farqlar mashinasi uning dastlabki chizmalari asosida qurildi, qurilma juda yaxshi amal qilardi, afsuski, ixtirochining o‘zi mazkur qurilmasining amal qilishini ko‘rmay ketdi. Uning «farqlar» mashinasi haqida yozuvchilar Bryus Sterling va Uilyam Gibson roman yaratgan. Bundan tashqari, ko‘plab yozuvchilar u haqda hikoya, fantastik roman va boshqa janrlarda badiiy asarlar yaratganlar.

Maqola «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasiga asosan tayyorlandi. Maqola ma­terialida Vikipediya — ochiq ensiklopediya va boshqa adabiyot­lardan foydalanildi.

Mualliflar: Tohirjon Nazarjonov, Oygul Madjidova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq