Imtiyozlar islohotlarimiz samarasi uchun xizmat qiladi
16.02.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekistonda mustaqil taraqqiyot yillarida iqtisodiy, ijtimoiy, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot va san’at sohalari qatorida axborot va noshirlik sohasida ham chin ma’nodagi yuksalish davri bo‘ldi. Bunda avvalo, davlatimiz rahbariyati tomonidan sohaning ustuvor yo‘nalishi sifatida ommaviy axborot vositalari(OAV)ning fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib kelayotganligi soha rivojini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Binobarin, fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi hisoblangan erkin ommaviy axborot vositalari va noshirlik faoliyatining davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishi zamirida mamlakatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish kabi ezgu-maqsadlar mujassamdir. Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida sohaning muvaffaqiyatli faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa sohasini tartibga soluvchi o‘ndan ziyod qonun hamda 30dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Huquqiy kafolatlarning samarasi sifatida, istiqlolning ilk yillarida, yurtimizda jami 395ta turli OAV faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 1500tadan ortdi. OAVning mingdan ortig‘i bosma davriy nashrlar, 4ta axborot agentligi, 65ta tele, 35ta radiokanallardan iborat. Ro‘yxatga olingan davriy nashrlarning 155tadan ortig‘i yoshlar, bolalar va o‘smirlar va sport yo‘nalishlariga ixtisoslashgani ham sohaning bolalar va yoshlar tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibordan dalolat beradi. Shu bilan birga, global axborot tarmog‘i — Internetni axborot sohasiga keng tatbiq etish natijasida OAVning yangi zamonaviy shakli — internet-nashrlar kun sayin rivojlanib, ayni paytda 395ta internet-nashrlar (veb-saytlar) O‘zbekiston hayotiga doir (o‘zbek va rus tillaridan tashqari) jahonning 7ta tilida axborot tarqatish bilan shug‘ullanmoqdalar.

E’tiborli jihati shundaki, gazeta va jurnallarning yuzdan ortig‘i rus, qoraqalpoq, ingliz, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, koreys tillarida nashr etilmoqda. Internet tarmog‘i orqali respublikaning 11ta telekanali, 12ta radiokanali o‘zbek va rus tillarida hamda O‘zbekiston milliy axborot agentligi o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab va xitoy va boshqa tillarda mamlakat hayotiga oid axborotlarni tezkor tarqatishda ishtirok etmoqdalar.

Shu bilan bir qatorda, fuqarolarning axborot olish huquqini hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlash maqsadida yuzdan ziyod davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda moliya va xo‘jalik yurituvchi yirik subyektlarining veb-saytlari yaratilgan. Jahon internet-axborot makonida milliy axborot segmentining oshib borishi esa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda, istiqlol yillarida noshirlik va matbaa sohasi ham mamlakat iqtisodiyotining alohida tarmog‘i sifatida barqaror rivojlanib kelayotganligini keltirib o‘tish joiz. Agar 1991-yilda Respublikamizda jami 9ta nashriyot faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 13 barobarga o‘sib, 120taga yetganligi yurtimiz aholisi o‘rtasida kitobxonlik darajasining o‘sishiga xizmat qilmoqda. Ayni paytda, respublika nashriyotlari tomonidan yiliga 4,5 mingga yaqin nomda, umumiy tiraji 60 mln. nusxadan ortiq adabiyotlar nashr etilmoqda.

Ko‘rib turibmizki, ommaviy axborot vositalari axborot sohasi va fuqarolik jamiyatining eng muhim subyekti sifatida har doim davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelingan. Yaqin kunlargacha bunday qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi «Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida»gi PQ-1672-son Qaroriga muvofiq taqdim etilayotgan imtiyozlar hisoblanardi. Mazkur qarorning amalga tatbiq etilishi tufayli 2012–2016 yillar davomida respublikamiz OAVlari hamda nashriyot-matbaa korxonalarida qariyb 33 mlrd. so‘mlik mablag‘lar iqtisod qilinib, sohani yanada rivojlantirishga yo‘naltirib kelindi.

Prezidentimiz tomonidan 2016-yil 27-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2699-son Qarori asosida ushbu imtiyozlarning yana ikki yilga uzaytirilishi milliy ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga, jurnalistlar mehnatini moddiy rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirishga, milliy mass-media vositalarining raqobatbardoshligini oshirishga qo‘shimcha imkoniyat yaratib beradi.

Shu bilan birga, Prezidentimizning yaqinda e’lon qilgan «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi Farmoyishi mamlakatimizda noshirlik sohasi va aholi o‘rtasida kitobxonlik darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deyish mumkin.

Ta’kidlash kerakki, ushbu huquqiy hujjat asosida tashkil etiladigan komissiya tomonidan kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan talabni o‘rganish kabi bir qator vazifalarning belgilanganligi mazkur sohaning yangi rivojlanish bosqichini boshlab berishga xizmat qiladi. Bu o‘rinda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi bejiz emas, albatta. Chunki ma’naviy yetuk, bilimli avlodgina islohotlarimiz davomchisi, mamlakatimiz kelajagining bunyodkori va haqiqiy egasi bo‘la oladi.

Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarga berilgan soliq imtiyozlari muddatining uzaytirilishi yuqorida tilga olingan ezgu ishlar ko‘lamining yanada oshirilishiga xizmat qilishi aniq. Zero, buning asnosida ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash, axborot sohasini rivojlantirishda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoat nazoratini o‘rnatishda ularning rolini oshirish, noshirlar va matbaachilar mehnatini rag‘batlantirish uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Muallif: Marhabo G‘afurova, No‘mon Akbarov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zolari

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq