Davlat idoralari xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak
16.02.2017
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida «xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu-g‘oyani ilgari surib, bunda inson manfaati har narsadan ulug‘ ekanligi alohida ta’kidlangani, 2017-yilni yurtimizda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinganligi hayotimizda muhim hodisa bo‘ldi.

Ushbu yilni birgina nomlanishining o‘zida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik jarayonlarning sifati va natijadorligini tubdan oshirish, insonning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini, shu jumladan, odamlar hayotining munosib darajasini ta’minlash, ular amalga oshirilishi uchun davlat organlarining roli va mas’uliyatini kuchaytirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularning murojaatlari bilan ishlashning yangi samarali mexanizmlari va usullarini joriy etish, fuqarolarni bezovta qilayotgan hayotiy muammolarni o‘z vaqtida hal etish kabi ezgu-maqsadlar yotibdi. Shu o‘rinda, alohida ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyamizning 35-moddasida murojaat qilish huquqi muhim bo‘lgan siyosiy huquqlar toifasiga kiritilib, unga ko‘ra har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega hisoblanadi. Bu esa, har bir davlat organini fuqarolarning mazkur konstitutsion huquqlarini to‘liq ta’minlashga mas’ul ekanligini bildiradi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini belgilab berdi. Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida tuzildi. Bu esa, fuqarolarning xalq qabulxonasiga qilgan har bir murojaatining nazorati davlat rahbarining nazorati darajasida ko‘rib chiqilishini anglatadi. Shuningdek, farmon bilan xalq qabulxonalari nafaqat markazda, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda tuzilishi keng jamoatchilik tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslarga murojaatlarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi ham tuzildi. Unga ko‘ra, fuqarolar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali mazkur virtual qabulxonaga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ladilar. Farmonga ko‘ra, mazkur jarayonlarni nazorat qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni tarkibiy tuzilmasida alohida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati ham tashkil etilib, uning bir qator asosiy vazifalari belgilandi:

  • xususan, murojaatlarni ko‘rib chiqishda aniqlangan tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning faoliyatini me’yoriy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash;
  • davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyatini, shu jumladan, joylarga sayyor chiqishlarni tashkil etish hamda kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha tezkorlik bilan tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish orqali nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

Xalq qabulxonalariga va Virtual qabulxonaga kelib tushgan, shuningdek, tegishliligiga ko‘ra davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga yuborilgan murojaatlarni qabul qilish, qayta ishlash, ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish va boshqalar shular jumlasidandir. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, farmonga muvofiq barcha darajadagi Xalq qabulxonalari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining xodimlari hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni aholining eng dolzarb muammolarini hal etish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari, barcha darajadagi hokimiyatlar bilan fuqarolar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim mexanizmga aylanadi.

Muallif: Bekzod Artikov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq