my.soliq.uz — soliq to‘lovchilar ovoragarchiliklardan xalos etildi
12.02.2017
Rukn: Internet.
Muallif: .

Bugungi kunda tizimga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish Davlat soliq qo‘mitasining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, 2016 yilda «Elektron soliq xizmatlari – my.soliq.uz» yangi portalining ishga tushirilishi bu borada katta imkoniyatlar yaratib berdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur portal soliq organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholiga soliq to‘lashda qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan 18 ta interaktiv davlat xizmatlari hamda 13 ta axborot davlat xizmatlaridan 280 mingdan ko‘p jismoniy shaxs va 275 mingdan ortiq korxona va tashkilot izchil foydalanmoqda.

Portalda soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq barcha masalalarni elektron shaklda hal etishga mo‘ljallangan yuridik va jismoniy shaxslarning «Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti»lari yanada qulay ko‘rinishda qayta ishlab chiqildi, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun alohida «shaxsiy kabinet» joriy etildi. Ushbu xizmatlar 24 soat davomida uzluksiz va bepul ishlamoqda.

Yaratilgan bunday keng ko‘lamli ishlarning ijobiy samarasini 2016 yil mobaynida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 5580,2 mlrd.so‘m miqdorida soliq va boshqa majburiy to‘lovlar elektron soliq xizmatlari orqali to‘langani misolida ham ko‘rish mumkin.

Soliq to‘lovchilar uchun interaktiv xizmatlar yordamida mustaqil ravishda hisoblangan, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan mol-mulk va yer obyektlari uchun soliqlarni «Click», «Mbank» hamda «U-Pay» xizmatlari vositasida uy yoki kabinetdan chiqmagan holda to‘lash imkoniyati yaratildi. Bu o‘z navbatida soliq to‘lovchilarni soliq majburiyatlarini bajarish uchun bank yoki soliq organlariga tashrif buyurish bilan bog‘liq ovoragarchiliklardan xalos etdi. 2016 yil mobaynida ushbu elektron to‘lov tizimlari yordamida jismoniy shaxslar tomonidan jami 956 mln.so‘mdan ortiq soliqlar onlayn shaklda to‘landi.

Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz saytidan elektron raqamli imzodan foydalangan holda real vaqt (onlayn) rejimida joylardagi «Yagona darcha» markazlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berish tizimi ishga tushirildi. STIR bugungi kunda soliq tizimida muhim ahamiyat kasb etib, barcha soliqqa oid axborotlarni yagona bazaga birlashtirishda asosiy mezon bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘tgan 2016 yilda, tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan 62,7 mingta yuridik shaxs va 17,4 mingta yakka tartibdagi tadbirkor Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti orqali soliq to‘lovchilar yagona reyestrida ro‘yxatga olinib, ularga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq