Tohirjon Nazarjonov, “Aloqa tarixi muzeyi” direktori bilan blits-intervyu
28.12.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar, Intervyu.
Muallif: .

muzn_28_12_2016

Odatda, yilning so‘nggi oyi yakunlanib borishi bilan o‘tgan davrga nazar tashlanib, yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, belgilangan rejalar natijasi sarhisob qilinadi, barcha erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar raqamlarda, rasmiy usulda tahlil qilinib, bayon etiladi.

Shu o‘rinda, an’anaviy mavzudan biroz cheklanib, o‘z samimiy fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Ma’lumki, «Aloqa tarixi muzeyi» nisbatan yosh muassasa, tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgan emas. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilarning ko‘pchilik qismini ham yoshlar tashkil etadi. Har safar o‘smir-yoshlar, o‘quvchiyu talabalarni qarshi olarkanmiz, qalbimizda jo‘shqin kayfiyatni his etamiz. Sohaga oid ma’lumotlarni ularning yoshiga muvofiq qiziqarli va mazmunli qilib, taqdim etishga intilamiz. Yoshlarning eksponatlarimiz bilan tanishish jarayonidagi hamda qo‘shimcha tadbirlarimizdan katta taassurotlar olib ketayotganliklaridan juda quvonamiz. Muassasamiz boshqa ayrim muzeylar kabi sokin muhitga ega, zerikarli maskan bo‘lmay, balki bilimga chanqoq, qiziquvchan yoshlar poyqadami hamda qiziqarli savollari bilan allaqanday quvnoq kayfiyatga yo‘g‘rilgan madaniy maskanga aylanadi. Sababi aloqa sohasi tarixi, mazkur sohadagi jadal o‘zgarishlar avvalo yoshlarni ko‘proq jalb etadi, shu bois, ularga alohida e’tibor qaratiladi va aloqa sohasiga oid bilimlarini yanada boyitishda o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Umuman olganda, muzeyimiz jamoasi nafaqat yoshlar, balki mazkur sohaga qiziquvchi keksayu yosh, tashrif buyurgan barcha-barcha bilan ko‘rishishdan va ularga xizmat ko‘rsatishdan mamnun bo‘ladi.

Mana faoliyatimizning yana bir yili yakunlanmoqda. Avvalo, barchani yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan qutlab, barcha tashrifchilarni qarshi olishdan juda baxtiyor ekanligimizni, eshiklarimiz tashrifchilar uchun doim ochiqligini ta’kidlash lozim. Yangi yil oldidan o‘tgan davrda, aniqrog‘i yil mobaynida belgilangan rejalarimiz, amalga oshirilgan maqsad va vazifalar ustida ham to‘xtab o‘tish joiz. Joriy yilda muzey tashrifchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida, yangi ekspozitsiyalarni yaratish va tashkil etish, muzey fondida saqlanayotgan muzey ashyolari va kolleksiyalarini namoyish etish borasidagi ishlar Jamoat fondi tomonidan tasdiqlangan «Aloqa tarixi muzeyi» faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish reja-dasturiga muvofiq 2016-yil uchun ishlab chiqilgan ish rejasiga binoan olib borildi. Jamoat fondi tomonidan maqsadli ajratilgan mablag‘ hisobidan Muzeyning birinchi qavatida joylashgan ko‘rgazmalarni yanada boyitish maqsadida quyidagi ekspozitsiyalar yaratildi:

— Muzeyning birinchi qavatida XX asrning birinchi yarmida ishlab chiqilgan noyob «Grammofon va radioqabul qilgichlar» ekspozitsiyasini yaratish ishlari olib borildi. Fond va Muzey xodimlari tomonidan ekspozitsiyaning dizayni yaratilib, maqsadli ajratilgan mablag‘ hisobiga jihozlash ishlari olib borildi. Maxsus yoritish tizimi o‘rnatildi. Joriy yilning 10-mart kuni mazkur yangi ekspozitsiyaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi va tashrifchilarga taqdim etildi. Shuni ta’kidlash joizki, ushbu ekspozitsiya tarkibiga kiritilgan eksponatlarning 1910–1950 yillarda ishlab chiqilishiga qaramay, 17ta eksponatdan 14tasi, ya’ni 82 foizi ishchi holatda va tashrifchilarga namoyish etish imkoni mavjud.

muzn_28_12_2016_01

Muzeyning birinchi qavatida joylashtirilgan teleminoralar maketi ekspozitsiyasi dizayni muzey xodimlari tomonidan qaytadan amalga oshirildi va podiumlar yig‘ilib, oq-qora va rangli televizorlar bilan boyitildi, mazmunan kengaytirilib, «Teleminoralar va televizorlar» ekspozitsiyasi deb qayta nomlandi. 2016-yilning may oyida Xalqaro muzeylar kunida tashrifchilar e’tiboriga havola etildi. Ushbu ekspozitsiya yilning uchinchi choragi davomida yanada takomillashtirilib, yangi podiumlar yig‘ilib, portativ (ko‘tarib yurishga mo‘ljallangan) televizorlar qo‘yildi hamda birinchi mexanik va rangli televizorlar fotosuratlari (1928–1954 yillar), oxirgi zamonaviy televizorlar bilan kengaytirildi. «Aloqa tarixi muzeyi» bilan TATU o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq, 2016-yil uchun Muzeyda o‘quv seminarlari tashkil etish jadvali va bitiruv malakaviy ishlar mavzulari reja-jadvali imzolandi. Mazkur rejaga asosan, TATU talabalari quyidagi ishlarni muzey xodimlari g‘oyasi va tashabbusi bilan amalga oshirdilar:

  • «Mobil audiogid» tizimiga qo‘shimcha qilib, uni QR kodlar yordamida avtomatik ishga tushirilishini ta’minlashga erishildi;
  • «Aloqa tarixi muzeyi» eksponatlarini hisobga olish jarayonini elektron axborot tizimi ishlab chiqildi. Bu tizim yordamida muzey faoliyatining asosi bo‘lgan eksponatlarni hisobga olish tizimini elektron shaklga o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lindi. Hozirda muzey xodimlari bu tizimni amaliyotda qo‘llamoqdalar;
  • talabalar tomonidan «Aloqa tarixi muzeyi»ning veb-sayti bolalar bo‘limi bilan birgalikda, interfaol usulda ishlab chiqildi. Muzey veb-saytida mavjud qulayliklar kengaytirildi. Hozirda muzeyning yangi saytini test rejimida internetga o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

2016–2017 o‘quv yillarida TATU bilan bir qatorda, endilikda INHA universiteti bilan hamkorlik doirasida ishlar olib borish jarayoni boshlandi. Hozirda universitet bilan hamkorlik shartnomasini imzolash bo‘yicha ish olib borilmoqda. Hisobot davrida birinchi va ikkinchi qavatlardagi ekspozitsiyalarni yoritish tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. Buning natijasida 2016-yil davomida bosqichma-bosqich olib boriladigan ishlar rejalashtirib olindi va ushbu rejaga asosan mazkur ishlar amalga oshirildi. 2016-yil 16–18 may kunlari Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan «Muzeylarda ta’lim: XXI asrda yangi global va milliy strategiyalar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya yakunida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan har yili an’anaviy o‘tkazib kelinadigan «Muzey — xalq tarixining ko‘zgusi» ko‘rik tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi. Mazkur tanlovda «Aloqa tarixi muzeyi» — «Yilning eng yaxshi muzey veb-sayti» nominatsiyasida taqdirlandi. Mazkur e’tirof muzey veb-saytiga berilgan yuksak bahodir. 2016-yil 12-dekabr holatiga jami 706ta ekskursiya o‘zbek, rus va lozim bo‘lgan hollarda ingliz tillarida olib borildi va bu borada 16744 nafar tashrifchilarga, shulardan soha o‘quv tizimidagi akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va TATUda tahsil olayotgan 4657 nafar o‘quvchi va talabalar, shuningdek, 7481 nafar maktab o‘quvchilariga hamda 4606 nafar soha xodimlari va erkin tashrif buyurganlarga xizmat ko‘rsatildi. Ushbu ko‘rsatkich 2015-yilning 12 oyi ko‘rsatkichiga nisbatan 133 foizni tashkil etdi. Muzey ochilishidan boshlab tashrifchilarning umumiy soni 95 464 nafardan ziyodni tashkil etdi.

Muzey faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida, saytga muntazam ravishda tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari davom ettirildi. Muzey deyarli har kun tashrifchilar bilan gavjum. Muzeyning katta va kichik majlislar zallarida soha faoliyatiga doir o‘quv seminarlari va boshqa turli yig‘ilish hamda tadbirlar o‘tkaziladi. Muzey faoliyatining muvaffaqiyatini ta’minlash va tobora takomillashib borishda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda soha korxona va tashkilotlarining hissasi katta. Buning uchun barcha jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kirib kelayotgan Yangi yilda oldimizga katta rejalar, maqsad va vazifalarni belgilaganmiz.

Xulosa qilib aytganda, eng asosiy vazifamiz, tashrifchilar e’tiboriga taqdim etiladigan eksponatlar materiallari, o‘tkaziladigan tadbirlarimiz mazmunini yanada boyitib, qiziqarlilik darajasini oshirish, faoliyatimiz bilan mamlakatimiz ravnaqi uchun bilimli, ma’naviy jihatdan yetuk yosh avlod tarbiyasiga o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat. Yangi yilda barcha orzular ro‘yobga chiqishiga tilakdoshmiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq