Ravshan Asqarov, “Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi” jamoat fondi direktori bilan blits-intervyu
28.12.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar, Intervyu.
Muallif: .

muza_28_12_2016

Sohamiz rahbarlari tashabbusi bilan tashkil etilgan «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi» jamoat fondi 2008-yildan buyon faoliyatini yuritib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda.

Ma’lumki, «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi» jamoat fondining asosiy vazifasi: soha tarixi, rivojlanish va taraqqiyot bosqichlarini elga tanituvchi soha muzeylarini va ularning hududiy bo‘limlarini tashkil etish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, takomillashib borishlariga rahbarlik qilishdan iboratdir. Shu maqsadga muvofiq, soha korxonalari rahbarlari yordamida Toshkent shahrida tashkil etilgan «Aloqa tarixi muzeyi» hamda Xiva shahrida qayta rekonstruksiya qilingan «Aloqa tarixi muzeyi» hozirgi kunda O‘zbekistonning eng nufuzli muzeylari qatoridan o‘rin egallab kelayotgani, albatta, quvonarli hol. Ishonchimiz komilki, soha muzeylari orasida mazkur muzeylarimiz yuqori darajada xizmat ko‘rsatib, zamon talablariga javob bera oladigan va tashrifchilar e’tiboriga sazovor muzey bo‘lib bormoqda.

muza_28_12_2016_01

Mazkur muzeylar hozirgi kundagi faoliyatining muvaffaqiyatliligi va ularni yanada takomillashtirish ishlarida, albatta, soha korxona va tashkilotlarining qo‘shgan hissalari katta. Muzeyda shu kunga qadar, 95 mingdan ziyod hamyurtlarimiz va chet ellik mehmonlar uchun o‘zbek, rus va ingliz tillarida xizmat ko‘rsatilmoqda. Tashrifchilarning muzeydan yaxshi taassurot olib ketayotganlari, hayajonli chehralarini ko‘rib, asosiy vazifamizni yaxshi amalga oshirayotganimizdan quvonamiz, ayniqsa, boshqa soha vakillarining tashriflaridan keyin sohamizga qiziqishi yanada ortayotganidan juda xursand bo‘lamiz. Sababi muzeylarning asosiy vazifasi — yosh avlodning Vatanga, xalqimizga mehrini oshirish, mustaqil mamlakatimizga munosib farzand bo‘lib yetishishlariga oz bo‘lsada, hissa qo‘shish, shuningdek, aloqa sohasiga qiziqish uyg‘otish va kuchaytirishdan iborat. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalardan yana biri — «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi» jamoat fondi filiallarini tashkil etishdan iborat edi, xususan, bugungi kunga qadar Fondning Xorazm, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi filiallari tashkil etildi. Hozirgi kunda filiallar o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Ularda amalga oshirilgan ishlar haqida Fondimizga muntazam ravishda, ma’lumotlar taqdim etib kelinadi.

muza_28_12_2016_02

Xiva shahridagi «Aloqa tarixi muzeyi» doimiy ravishda, Fond tomonidan ko‘rsatilayotgan metodik yordam asosida faoliyat yuritib keladi. Hozirgi kunda Xiva shahridagi «Aloqa tarixi muzeyi»ni turistik sxemaga kiritish ustida ish olib borilmoqda. Yaqinda «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi» jamoat fondi zahirasidagi eksponatlardan bir qanchasi ushbu muzeyga taqdim etildi. Ma’lumki, mamlakatimizda muzeylarga davlat miqyosida e’tibor qaratiladi. Muzeylarning xalq ma’naviy-axloqiy kamolotida tutayotgan o‘rni muhim ahamiyatga molik, shu nuqtai nazardan ham, muzey fondlarida saqlanib kelayotgan xalqimizning boy tarixini, mustaqilligimiz odimlarini aks ettiruvchi, noyob eksponatlarni avaylab-asrash, o‘rganish, boyitib borish, dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy g‘urur va iftihor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish yo‘lida keng foydalanish, muzeylarni zamon talablariga mos yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, jahon muzeyshunosligi tajribalarini qo‘llashga zarur shart-sharoitlar yaratish kabi vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 1998-yil 12-yanvardagi «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-1913-sonli Farmonida aniq belgilab qo‘yilgan.

muza_28_12_2016_03

Hozirgi davrda barcha sohalar qatori aloqa va axborotlashtirish sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Sohadagi zamonaviy rivojlanish odimlariga tayangan holda, 2017-yilga belgilangan Fond rejasiga albatta, soha korxona va tashkilotlari yordamida Toshkentdagi «Aloqa tarixi muzeyi» ekspozitsiyalarini tubdan yangilash vazifalari kiritilgan. Mamlakatimizdagi barcha aloqa sohasi korxona va tashkilotlarining amaliy yordami natijasida ushbu vazifa hamkorlikda, yuqori saviyada bajarilishiga ishonchimiz komil. Fond hamda Muzey rahbar va mutaxassislarining tinimsiz izlanishlari va samarali mehnatlari natijasida, har yili kamida uchta yangi ekspozitsiya yaratilmoqda, joriy yilda ham uchta yangi ekspozitsiya tashkil etildi va tashrifchilar e’tiboriga havola qilindi. Ularning har biri o‘ziga xos individual va qiziqarli bo‘lib, muzeyga tashrif buyuruvchilarning e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, muzey qoshida eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlanib, tashkil etilgan kinozalda yurtimiz va jahon muzeylarining virtual ekspozitsiyasi va xalqimizning boy madaniy merosi to‘g‘risidagi filmlar doimiy ravishda tashrifchilarga namoyish etiladi.

muza_28_12_2016_04

Muzeyning uchinchi qavatida joylashgan, so‘nggi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ikkita konferens-zal hozirgi kunda sohaning axborot markaziga aylangan. Tashkil etilayotgan har bir yig‘ilish va anjumanlar O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ko‘rsatmalariga asosan, shuningdek, Fond rahbariyati va mutaxassislari tomonidan tayyorgarlik ishlari natijasida ta’minlanadi. Bu tadbirlarning muzeyda o‘tkazilishi muzeyning soha taraqqiyotiga qo‘shayotgan o‘ziga xos hissasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tugab borayotgan yil sarhisobini qilish bilan birga, kirib kelayotgan yangi yil uchun o‘z oldimizga ma’lum maqsad va vazifalarni qo‘yganmiz. Yuqorida sanab o‘tilgan rejalardan tashqari, 2017-yilda oldimizga qo‘ygan maqsadlar talaygina. Xususan, ular asosida tuzilgan Reja-dasturga muvofiq xalqimizga manzur bo‘ladigan qiziqarli ekspozitsiyalar yaratish, axborot markazi ko‘lamini kengaytirish va filiallar faoliyatini nazorat qilib, Xiva «Aloqa tarixi muzeyi»ga metodik hamda amaliy yordam ko‘rsatib borishdan iborat. 2017-yil uchun mo‘ljallangan Reja-dastur «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi» jamoat fondi Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanishi bilan Fond va Muzey faoliyatini rivojlantirish ishlarini davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan Yangi 2017-yil bilan qutlab, O‘zbekistonda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb nomlangan yil har tomonlama samarali bo‘lishini hamda Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshiradigan ishlarida zafarlar tilaymiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq