Inson manfaati — hamma narsadan ulug‘
27.12.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hafiza Salyahova.

inson_27_12_2016

«O‘zbektelekom»AK Farg‘ona filiali va kasaba uyushmasi qo‘mitasi 2016-yil davomida Yagona jamoa shartnomasi majburiyatlari o‘z vaqtida bajarilishiga erishdi. Qo‘mitaning ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish, ishchi-xodimlarning turmush darajasini yuksaltirish, ularni ijtimoyi himoya qilish borasidagi barcha rejalashtrilgan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filialida 2016-yil 1-dekabr holatiga jami daromad 19 mlrd. 440,3 mln. so‘mni tashkil etdi. Internet xizmati abonentlari soni 18210 nafarga yetdi. Bu natijalar mashaqqatli mehnatlar evaziga qo‘lga kiritilmoqda. Rag‘batlar ham mehnatlarga yarasha bo‘lishiga harakat qilinmoqda.

Quyidagi raqamlarga diqqat qilib, filial ishchi-xodimlarining manfaatlarini ko‘zlab, rejalashtirilgan ishlar amalga oshirib kelinayotganining guvohi bo‘lish mumkin:

  • Ona va bola salomatligini ko‘zlab beriladigan moddiy yordam «Yagona jamoa shartnomasi»da belgilanganidek, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar eng kam ish haqining ikki baravari, keyin yana bir yil eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lab ke­linmoqda.
  • «O‘zbektelekom»AK Farg‘ona filiali xodimlarining 150 nafar farzandlari esa yozgi ta’til davrida eng ommabop va so‘lim oromgohlarda sog‘lomlashtirildi. Nikohdan o‘tgan 19 nafar yosh oilalarga eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgani ham sog‘lom oila, sog‘lom ona va bola, demakki, Vatan kelajagi yo‘lidagi g‘amxo‘rlik ifodasidir.
  • 36 nafar ishchi-xodimlar esa Toshkent, Chimyon va Namangan­dagi eng yaxshi sihatgohlarda salomatliklarini mustahkamlab oldilar, moddiy jihatdan taqdirlanib, faxriylikka kuzatilgan, shu­ningdek, qutlug‘ yoshni nishonlaganliklari munosabati bilan 28 nafar xodim rag‘batlantirildi.
  • 78 nafar ishchi-xodimga ko‘rsatilgan moddiy mehr-shafqat yordami kabi olijanob esgu-ishlar shular jumlasidandir.

Shunday chog‘larda har qanday xodim ham mehnat jamoasi, rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasidan juda minnatdor bo‘lib, e’tibor va hurmat ko‘rsatganlari uchun dildan xursand bo‘ladilar. Bu rag‘bat va e’tiborda ming-ming hikmat yashirin. Mazkur ezgu va savob amallar ajdodlar ana’analariga sadoqatning eng go‘zal ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Konstitu­tsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ko‘rsatib berilgan vazifalar har bir tashkilot va korxonalarga, har bir insonga taalluqlidir.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbussi bilan 2017-yilni — «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb nomlanishi bizdek kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodimlariga ham katta mas’uliyat yuklaydi, — dedi filial kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Botirjon Mamajonov. — Kelayotgan yilda yoshlarni sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalash, ularni yon-atrofimizdagi turli illat va «ommaviy madaniyat» degan balo-qazolardan asrash borasidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarimizni kuchaytiramiz. Biz ma’na­viyat sohasi mutaxassisi bilan yaqinda qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati» Qonuni bo‘yicha ham amalga oshirish zarur bo‘lgan ishlarni rejalashtirib oldik. Oilada bola tarbiyasi mavzusida olimlar va o‘qituvchi-ustozlar bilan uchrashuv-muloqotlar tashkil etamiz. Ma’ruzada ta’kidlaganidek, yurtimiz kelajagi bolalarning oilada olgan tarbiyasiga juda-juda bog‘liqdir».

Filial va sex kasaba uyushmasi qo‘mitalari ishga o‘ta mas’uliyat bilan qarab, samarali mehnati bilan hurmat qozonayotganlarni ma’na­viy rag‘batlantirishga jiddiy ahamiyat bilan qaramoqda. Farg‘onada bo‘lib o‘tgan «Universiada — 2016» musobaqalarida, O‘zbekiston Pre­zidenti saylovi jarayonlari va saylov kunida sifatli va uzluksiz aloqani ta’minlashda filialning Mirjahon Eshimov boshliq tarmoqni rivojlantirish va ekspluatatsiya qilish bo‘limi mutaxassislari: Jahongir Tursunov, Akmaljon Millajonov, Ahlidin Dadajonv, Ravshanbek Parpiyevlarning, filial xodimlari Mo‘minjon O‘rinboyev, Javlonbek Bobojonov va Abdurahim Abduno‘monovlar hamda xodimlar bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Jo‘rayeva, shuningdek, barcha shahar va tuman TB jamoalarining xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Ular­ning o‘zlari ham saylovning xolis, ochiq-oshkora, adolatli o‘tishiga hissa qo‘shganlaridan behad mamnunlar.

Filial kasaba uyushmasi qo‘mitasi zimmasiga ma’ruzada urg‘u be­rilgan quyidagi fikrlar ham qator vazifalar qo‘yadi: «Barchamizga yaxshi ayonki, inson manfaatlarini yurt tinchligi, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitidan ajratgan holda tasavvur etolmaymiz. Bularning barchasi bizning bebaho boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek saqlash har birimizning muqaddas burchimizdir».

Muallif: Hafiza Salyahova, jurnalist, Farg‘ona viloyati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq