Sharl Bursel va Filipp Reys elektr aloqasi poydevori asoschilaridandir
15.12.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov.

muz_15_12_2016

Mamlakatimiz «Aloqa tarixi muzeyi» zallari bo‘ylab navbatdagi tanishuv-sayohatimiz elektr aloqa sohasi tarixida o‘z faoliyati va ilmiy izlanishlari bilan munosib o‘rin olgan muhandis-olimlarga bag‘ishlandi. Muzey binosining ikkinchi qavatida joylashgan zalning asosiy eksponatlari qatorida aynan shunday insonlar faoliyatiga oid ma’lumotlar alohida e’tiborimizni tortdi. Ular orasida elekr aloqasi sohasida mashhur muhandis-ixtirochilar Sharl Bursel va Filipp Reysni elektr aloqasi poydevorining asoschilaridan deb atash mumkin.

XIX asrda yashab faoliyat yuritgan Parij telegraf inspektori, muhandis Sharl Bursel yoshlik chog‘idan ko‘proq oliy matemati­kaga qiziqqan bo‘lsada, uning nomi tarix zarvaraqlarida telefon aloqasining nazariy asoslarini yaratgan ixtirochi-olim sifatida qolgan. Sharl Burselda telefon aloqasi qurilmasi yaratish g‘oyasi 1849-yilda Antonio Meuchchi telefon apparatini taqdim etishidan o‘n bir yil avval, Iogan Filipp Reys bu borada o‘tkazgan, nisbatan muvaffaqiyatli tajribalarini namoyish etishidan va tadbirkor Alek­sandr Bell tomonidan Meuchchining «yo‘qolgan» hujjatlaridan foydalanib, patent olish uchun ariza berilguniga qadar, yuzaga kelgan. (Aytgandek, 1849-yilda Bell bor-yo‘g‘i ikki yoshga to‘lgandi).

Bu dalil muhandis-ixtirochi Sharl Bursel haqiqatdan ham barcha g‘oyalarni o‘zi o‘ylab topganligi, unga hech kim hamkorlik qilmaganligini ko‘rsatadi. Hattoki, «telefon» so‘zini ham mazkur nazariyotchi birinchi bo‘lib qo‘llagan. Uning nazariy fikrlari ilmiy jihatdan juda aniq bo‘lib chiqdi. U «kelajakda qanday voqealar sodir bo‘lgan taqdirda ham shuni aniq bilamanki: odamlar elektr toki yordamida simlardan uzatiluvchi omillarga asosan masofadan muloqot qiladilar» — degan fikrni ilgari surgandi. Besh yil mobaynida amalga oshirgan ilmiy ishlarining natijasi sifatida 1854-yilga kelib, bu mavzuga oid dissertatsiyasini e’lon qiladi. Shu bilan parallel ravish­da, ko‘plab tajribalarni amalga oshiradi. Bu borada Bursel o‘zining o‘tkazgan tajribalari juda murakkabligi va ba’zan g‘oyatda qiyin kechi­shi haqida yozib qoldirgan fikrlari ham mavjud. Yaxshi hamki, ularni amalga oshirish uchun quvvat manbai — elektr toki, simlar va metall plastinkalar yetarli darajada mavjud edi. Biroq ayrim vaqtlarda zaruratga ko‘ra ular ham topilmay qolardi. Burselning shu sohaga oid maqolasi faqat 1878-yildagina omma e’tiboriga taqdim etilgan.

Loyihachi-muhandis qurilmaning ishlash tamoyillarini juda oddiy va tushunarli tilda bayon etishga muyassar bo‘lgan. Unga asosan elektr signalini qabul qiluvchi stansiya yetarli darajada inson tovushi, nutqining ifodalanishi, talaffuzini to‘g‘ri uzatishi shart edi. Shundagina stansiyada tovushlardan inson nutqini to‘g‘ri shakl­lanib, uzatilishiga erishish mumkin edi. Boshqacha aytganda, fransuz loyihachi-muhandisi konseptual yangi sxemani taqdim etgandi. Ilgari bu shunchaki: «tovushlar titrashi — uni muvofiq uzatish muhiti — aynan o‘sha tovush» sifatida aks etardi. Endi esa boshqacha: «tovushlar titrashi — ularni tokka aylantirishi — tokni uzatish — yana qayta tovushga aylantirish» ko‘rinishiga ega bo‘ldi.

Burselning ko‘p yillik tajribalari omadsiz bo‘lganligining asosiy sababi uning o‘z g‘oyasiga «telegrafcha» yondashuvda bo‘lganligidir. Bursel aloqalar uzilishiga olib keluvchi akustik to‘lqinlar ta’sirida, elektr tokini metall disklar yordamida tovushlar titrashini qayta tashkil etishga uringan. Iogann Filipp Reys 1860-yilda elektr zanjiriga bog‘liq holda aynan shu usulni qo‘llagan, shuning uchun ham uzatiladigan tovushlardan nutqni anglab olish qiyin bo‘lgandi. Hozirgi davrda, ya’ni XXI asrda mikrofon butunlay boshqacha tarzda ishlanganligini tushunamiz, biroq shuni ham unutmaslik kerakki, XIX asrning o‘rtalarida Ona-Sayyoramizni elektrlashtirish asrida bu ixtiro ajoyib va hayratlanishga sazovor intilish edi.

Mana shu tariqa, haqiqat qaror topdi: Filipp Reys izlanishlarini (ixtironing amaliy ifodasi) va Antonio Meuchchi ixtirosini (muvaffaqiyatli tajribalari) jahon ilmiy jamoalari tan oldi. Nazariyotchi fransuz muhandisi loyihachi-telegrafchisi Sharl Burselning zamondoshlari uning g‘oyasini o‘zlashtirib olib, telefon qurilmasini loyihalashtirishga kirishdilar. Biroq ixtirochining o‘zi esa parij telegrafining yo‘riqchisi sifatida o‘z intellektual mehnati evaziga hech narsaga erishmadi, faqat ilmiy ensiklopediyalarda u haqda qisqacha fikrlar bayon etildi, xolos. Tarixiy ma’lumotlarda mazkur olimning o‘zi amalga oshirgan ilmiy izlanishlaridan afsusdaligi yoki aksincha, elektr aloqasi sohasining rivojiga qo‘shgan hissasi bilan faxrlan­ganligi borasida biror ma’lumot mavjud emas. Har holda Bursel­ning g‘oyasi patent olishga asos bo‘lolmadi (faqatgina zamonaviy dunyoda ayrim, burchaklari dumaloqlashtirilgan smartfonlarni yara­tishda uning g‘oyasi esga olingan). Bursel aslida — g‘oyaning naza­riy asosi konsepsiyasini yaratgan bo‘lsa-da, unga tegishli patentni boshqalar olishga muyassar bo‘lganlar.

Iogann Filipp Reys va uning Telephon qurilmasi

Germaniyada Fridrixsdorf shahri mavjud. Bu shaharda 1834-yilda matematika fani o‘qituvchisi, iste’dodli konstruktor, telefon aloqasi ixtirochilaridan biri Iogann Filipp Reys (Johann Philipp Reis) tavallud topgan. Nima uchun ixtirochilaridan biri deysizmi? Sababi Antonio Meuchchi o‘z ixtirosi «telektrofon» ustida ancha ilgari, 1850-yilda ish boshlagan, bu vaqtda Reys hali o‘smirlik yoshida bo‘lgandi.

Iogann Filipp Reys — bugungi kunda Reys telefoni deb ataladigan dastlabki elektr telefonini 1860-yilda loyihalashtirgan nemis fizik olimi va ixtirochisidir. Reys bolaligida onasidan ajralgan bo‘lishiga qaramay, turli ilm sohalariga katta qiziqish bilan qarardi, o‘n to‘rt yoshligida undagi qiziquvchanlikni sezgan qarindoshlari, uni savdo sohasiga qiziqtirishga urindilar, biroq o‘smirning ko‘ngli Frankfurt institutidagi mexanika, fizika va matematikaga oid ma’ruzalarni tinglashga moyil edi. Ko‘p narsalarni o‘qib, o‘rgangan yigitcha mahalliy Fiziklar Jamiyatiga a’zo bo‘lishga muyassar bo‘ldi.

Harbiy xizmatni o‘taganidan keyin Filipp Reys XIX asrning 50-yillaridan boshlab energiya uzatilishining nazariy asoslari bilan qiziqdi va elektr — bu ko‘rinmaydigan yorug‘likdir, shu sababli yorug‘­lik borliq muhitida erkin tarqala oladi, degan xulosaga keldi. U elektr magnit nurlanishi borasida yanglish fikrga borgandi. Nikola Tesla­ning dastlabki radiouzatkichi paydo bo‘lguniga qadar hali yana qirq yil oraliq vaqt mavjud edi, demak, shuning uchun ham bu boradagi yanglish fikrlarni to‘g‘ri qabul qilish mumkin. Umuman olganda, mazkur ixtiro ilk bor 1860-yil 25-oktabrda omma oldida namoyish etilgan. Reys elektr yorug‘lik kabi moddiy simlarsiz ham masofalarga tarqaladi deb taxmin qilgan hamda o‘z nazariyasiga oid bir necha tajriba o‘tkazgan. Tajriba natijalari asosida 1859-yilda Reys professor Poggendorffga mashhur «Annalen der Physik» jurnalida chop etish uchun «Energiya nurlarida» sarlavhasi ostidagi maqolasini yozib jo‘natadi. Biroq maqolani jurnalning mavqeiga to‘g‘ri kelmasligi va duch kelgan bo‘lar-bo‘lmas fikrlarni chop etmasliklarini bildirib, rad etadilar. O‘shanda Filipp Reys bu bo‘lar-bo‘lmas fikr emasligini is­botlashga qaror qildi. U elektr quvvati yordamida nimani bo‘lsa ham, masalan, tovushni masofadan uzata olishini isbotlamoqchi bo‘ladi. O‘z g‘oyasining asosiga 1854-yilda chop etilgan fransuz telegrafchi-muhandis Sharl Burselning konsepsiyasini oladi. Tovush to‘lqinlari metall plastinkaga tushib, rezonansni tebratadi va u bilan tebranish on uzilish usulida elektr zanjiriga uzatiladi. Induktivlik katushkasining boshqa uchida impulslarni qayta tovushga aylanti­radigan boshqa plastinkani tebranishga majbur qiladi.

Reys yana o‘sha jurnalga boshqa maqolani yozib topshiradi. Yana o‘sha professor: «yigitcha bizni tinch qo‘ying» — degan ma’no­da, «tovushni masofadan uzatish g‘oyasi shunchaki — safsata» — deb javob beradi. Shuning uchun loyihachi-muhandis fikrini isbotlash uchun Sharl Bursel birinchi bo‘lib tilga olgan so‘z «telefon» (ya’ni «Telephon» qurilmasini amalda yaratib, taqdim etishga kirishadi. Qurilmani 1860-yilda Frankfurt-na-Mayne shahrida Fiziklar Jamiyatida taqdim etadi. Haqiqatdan ham tovushning masofadan uzatilishi namoyon bo‘ldi, bu masofa bor-yo‘g‘i 100 metrni tashkil etardi, xolos.

Reysda elektr orqali tovushni uzatish g‘oyasi eshitish organlarini o‘rganish vaqtida yuzaga keldi va uzoq yillar bu borada o‘ylanib yurdi. Reys 1860-yilda 100 metrgacha masofada tovushni uzatishga qodir telefonning dastlabki prototipini loyihalashtirdi. 1862-yilda Filipp apparat ixtiro qilganligi haqida ma’ruzasini chop etishini iltimos qilib, yana Poggendorffga murojaat etadi — biroq iltimosi rad etiladi. Professor Poggendorff tovushni masofadan uzatish imkoniyatini tan olmasdi, bu unga xomxayol bo‘lib tuyulardi, biroq Reys uning iltimosi rad etilishi sababini — o‘zining oddiy maktab o‘qituvchisi ekanligida deb bildi.

Reysning Telephon deb nomlagan ixtirosi bilan ko‘pchilik ta­nishdi, jumladan, Prussiya Telegrafi Qirollik Korpusi inspektori Vilgelm fon Legat ham uning taqdimotida bo‘ldi, biroq ixtiroga qiziqish bildirmadi. 1872-yilda ixtironi AQSHda professor Vandervaydga namoyish etganida, u Reysning mazkur ixtirosiga katta qiziqish bilan yondashdi. Birinchi telefon Tomas Edison va «Western Union» kompaniyasi vakili Bell tomonidan yaratilgani barchaga ma’lum edi. 1865-yilda Sankt-Peterburgda ko‘mirli mikrofon ixtirochilaridan biri professor Devid Xyuz Reys telefonini testdan o‘tkazdi va «barcha musiqiy pardalar hamda bir necha so‘zni uzatishga erishdi». Reys apparati shu sohadagi Bell, Edison va Berliner ishlanmalariga ajoyib nuqta qo‘ygandi.

Ixtiro ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyatli taqdim etilgan bo‘lsada, na Frankfurt-na-Mayne shahri Fiziklar Jamiyatida, na boshqa tadbir­korlar, na davlat muassasalaridan birortasi ham qiziqish bildi­ruvchilar bo‘lmadi. Reys ham qurilmasini joriy etish bo‘yicha hara­katda bo‘lmadi. Unda o‘pka kasalliklari aniqlanganidan so‘ng qirq yoshida o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtida vafot etdi va dafn etildi. Reys apparati Sharl Burselning «telegraf» tamoyiliga — elektr zanjirini metall plastinalari titrashi (vibratsiyasi) tovush tezligi chastotasida uzatishga muvofiq loyihalashtirilgandi. Tabiiyki, natija titroq va tu­shunarsiz edi. Qurilmani takomillashtirishga kirishuvchi hamkorlar ham topilmadi. Biroq Iogann Filipp Reys tarixda telefon qurilmasi naushnigining ixtirochisi sifatida tanildi.

Naushniklar — tovushli axborotni shaxsan tinglash qurilmasi. Komplektida mikrofoni mavjud bo‘lgan telefon yoki boshqa ovozli aloqa vositalari orqali aloqada uzatiladigan tovushlarni tinglab, boshga taqiladigan garnituradir. Bundan tashqari, naushniklardan ovoz yozish studiyalarida musiqiy kompozitsiya treki yozilishini aniq nazorat qilish uchun foydalaniladi. «Naushnik» atamasi — «bosh telefonlari» atamasining oddiy so‘zlashuvdagi sinonimidir.

1876-yilda Aleksandr Bell juda adolatli bo‘lmagan holda Antonio Meuchchining o‘rniga telefon qurilmasi ixtirochisi sifatida patent olishga muyassar bo‘ladi. 1877-yilda esa unga ko‘mirli mikrofonlar yaratilishi ayni muddao bo‘ldi. Ularning ishlanmasi va takomil­lashtirilishi bilan ixtirochi olimlar Emil Berliner, Devid Yuz, Entoni Uaytlar shug‘ullandilar. Yangi modifikatsiyasi ustida ishlagan Tomas Edisonning nomi elga tanildi. Shunday qilib, taraqqiyot olg‘a intilaverdi, Filipp Reysning nomi esa unut bo‘lib ketdi. Faqat 1878-yilda aholini telefonlashtirish uchun barcha narsa tayyor bo‘lib, gazetalarda Bellning bu boradagi izlanishlari maqtovlarga sazovor bo‘layotgan bir davrdagina Frankfurt Fiziklari jamiyati a’zolari Reysni yodga olib, uning qabri ustiga oddiygina xotira yodgorligini o‘rnatdilar.

Maqola «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasiga asosan tayyorandi. Maqola materialida Wikipedia — ochiq ensiklopediya va boshqa manbalar hamda adabiyotlardan foydalanildi.

Muallif: Tohirjon Nazarjonov

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq