LTE va undan keyingi bosqich — VoLTE
14.12.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar, Texnologiya.
Muallif: .

lte_14_12_2016

Hozirgi kunda mobil aloqasi korxonalari tomonidan taqdim etilayotgan mobil internet xizmatlari uyali aloqa foydala­nuvchilari orasida kundan-kunga ommalashib bormoqda. Mazkur xizmat orqali har bir mobil aloqa tarmog‘i abonenti tarmoq qamrovining istalgan qismida internet xizmatlaridan foydalanib, kerakli ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Misol uchun, bugungi kunda mobil aloqa xizmatlarining 3G va LTE avlodlari mavjud. Biroq LTE bu 3G avloddan farqli ravishda, butunlay yangi texnologiya bo‘lib, hozircha Respublikamizning mobil aloqa tarmoqlarida mustahkam o‘rnashib olgani yo‘q. Bugungi kunda ko‘p foydalanuvchilar LTE (uyali aloqaning to‘rtinchi avlod texnologiyasi) nimaligi, undan qanday foydalanish kerak ekanligi va bu texnologiya qanday yangi imkoniyatlarni olib kelishi mum­kinligini tasavvur etmaydilar. Quyida LTE yangi to‘rtinchi avlod uyali aloqa texnologiyasi ustida batafsil to‘xtalamiz.

lte_14_12_2016_01

Mobil tarmoqlarning rivojlanishi va LTE texnologiyasining paydo bo‘lishi

Mobil aloqa terminallarida birinchi bo‘lib, internet xizmatlari — GPRS texnologiyasi yordamida tashkil qilingan, uni yana birinchi avlod texnologiyasi deb ham ataydilar. Kichik tezlik va unchalik katta bo‘lmagan qamrov zonasiga ega bo‘lganligi sababli mobil tarmoq abonentlariga internet xizmatlaridan to‘la-to‘kis foydalanishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan. GPRS’dan so‘ng EDGE texno­logiyasi ixtiro qilindi. Mobil telekommunikatsiyalar operatorlari bozorida EDGE texnologiyasi «2G», ya’ni «Ikkinchi avlod uyali aloqa texnologiyasi» deb nomlandi, chunki GPRS’ga nisbatan EDGE’ning tezligi yuqori edi. Biroq ustunliklariga qaramay, EDGE texnolo­giyasida web-sahifalarni yuklash tezligi yoki video-lavhalarni onlayn ko‘rish kabi masalalar yechimini topmagandi.

Ma’lumotlarni simsiz uzatishda rivojlanishning keyingi bosqichi uchinchi avlod texnologiyalarining paydo bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Bu yangi texnologiya uyali tarmoq operatorlari abonentlariga internet xizmatlaridan foydalanishni ancha osonlashtirdi va aloqa sifati barqarorlashdi. Natijada mobil tarmoq foydalanuvchilari web-sahifalarni tez yuklash hamda onlayn video ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 3G hozirgi davrda keng tarqalgan va ko‘p abonentlar soniga ega bo‘lib, biroq bugungi kunda yangi bo‘lgan mobil aloqaning to‘rtinchi avlod texnologiyasi hayotimizga jadal kirib bormoqda. Telekommunikatsiyalar bozorida internet va mobil terminallarning rivojlanishi bilan birga, ma’lumotlarni tezroq uzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan hamda kam xarajatli tarmoqqa talab kuchaya boshladi. Yuqorida keltirilgan talablarni inobatga olgan holda, jahon telekommunikatsiya korxonalarining muhandis-olimlari tomonidan yangi, to‘rtinchi avlod tarmog‘i — «4G» yoki «LTE» yaratildi. LTE ning tarjimasi «Uzoq muddatli evolutsiya», ya’ni kelajakda mazkur texnolo­giyaning uzoq davr mobaynida qo‘llanilishi nazarda tutiladi. Bu texnologiya avvalgilariga nisbatan juda ham katta afzalliklarga ega bo‘lb, kundalik hayotimizga jadal kirib kelmoqda.

LTE texnologiyasining imkoniyatlari

4G texnologiyasi ma’lumotlarni mobil tarmoqlari orqali 150 Mbit/s. gacha bo‘lgan tezlikda uzatish imkoniyatini beradi. Ayrim qo‘shimcha texnologiyalarni qo‘llash yordamida tezlikni yanada (750Mbit/s. gacha) kattalashtirish imkoniyati mavjud. Ta’kidlash joizki, bu tezlik har bir baza stansiyasi hisobida bo‘lgan foydalanuvchilar uchun umumiy hisoblanadi va stansiyadagi abonentlar soni oshgani sari foydalanuvchiga o‘rtacha taqsimlanadi. Bunday yuqori tezlik yordamida foydalanuvchilar istalgan veb-sahifalarni bir zumda ochish, ma’lumotlarni tez yuklash va yuqori sifatli filmlarni on­layn ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

LTE texnologiyasi O‘zbekistonda

O‘zbekistonda telekommunikatsiya bozori boshqa davlatlarga nisbatan juda tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Misol tariqasida, 2016-yil «UMS» hamda «Beeline» savdo belgisi ostida ish yurituvchi mobil operatorlari tomonidan Toshkent shahrida LTE tarmog‘i­ning ishga tushirilganligi haqida e’lon qilindi. Bundan tashqari, Ucell kompaniyasi ham Respublikaning ko‘plab hududlarida LTE tarmog‘ini yo‘lga qo‘ygan.

lte_14_12_2016_02

«EVO» savdo belgisi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan «Super iMAX» MCHJ tomonidan LTE TDD texnologiyasi orqali internet xizmatlarini Toshkent shahrida va mamlakatimizning ayrim hududlarida taqdim qilib kelinmoqda. Yuqorida LTE foydalanuvchiga yuqori tezlikni taq­dim qila olishi haqida fikr yuritildi, ammo kundalik hayotimizda nafaqat internet xizmatlaridan, balki ovozli yoki video-qo‘ng‘iroq, SMS va boshqa qo‘shimcha xizmatlardan ham foydalanamiz. Bu xizmatlarni taqdim qilish uchun operatorlar tarmoqqa ulanish texnolo­giyalari (LTE, 3G, 2G) bilan bir qatorda, tayanch tarmog‘ini (Core Network) ham rivojlantirib, takomillashtirmog‘i darkor.

VoLTE texnologiyasi

Ikkinchi va uchinchi avlod texnologiyalarida ovoz xizmati kanal kommutatsiyasi orqali amalga oshiriladi. Ma’lumki, LTE texnologiyasi ma’lumotlarni paket ko‘rinishida uzatadi. Demak, LTE tarmog‘i orqali ovozni uzatish uchun tayanch tarmog‘ida ham o‘zgartirishlar amalga oshirish kerak. Masalan, foydalanuvchi LTE tarmog‘iga ulangan holda kiruvchi yoki chiquvchi qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish uchun LTE tarmog‘idan 2G/3G tarmoqlariga (CSFB texnologiyasi yordamida) o‘tishga majbur. Bu holatda qo‘ng‘iroqni amalga oshirish uchun talab qilinadigan vaqt ko‘payadi (9 soniyagacha) va bu o‘z navbatida, abonent uchun noqulayliklarni yuzaga keltiradi. Yuqoridagi muammo VoLTE texnologiyasini qo‘llash orqali o‘z yechimini topadi. VoLTE (Voice over LTE yoki tarjimasi LTE orqali ovoz) — LTE tarmog‘i orqali ovozni uzatish texnologiyasi yangi turdagi tayanch tarmog‘i bo‘lgan IP-Multimedia Subsystem (IMS) ga asoslangan. Kommutatsiyani yagona IP-transport vositala­riga o‘tkazish, xizmatlar spektri kengayishiga olib keladi.

VoLTE texnologiyasini targ‘ib qilishda Huawei kompaniyasining hissasi

Huawei kompaniyasi 1988-yil Xitoy Xalq Respublikasida tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunga qadar dunyo miqyosida kommunikatsiya texnologiyalari sohasida eng yangi yechimlarni tatbiq qilib kelmoqda. O‘zbekistonda Huawei kompaniyasi 1999-yildan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Huawei kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan VoLTE yechimi xalqaro standartlarga asosan ishlab chiqarilgan uskunalardan tashkil topib, nafaqat tayanch tarmog‘i uchun, balki o‘zining ichiga foydalanuvchining radio ulanish qismidan boshlab xizmatlarni taqdim qilish serverlarigacha mujassam etgan. VoLTE texnologiyasi IP-Multimedia Subsystem (IMS) ga asoslangan. IMS yangi avlod tayanch tarmog‘i bo‘lib, turli standartlarni o‘zida mujassamlashtirgan yagona platformadir. IMS nafaqat LTE foydalanuvchilarga, balki turli xil (2G/3G, WiMax, Wifi, CDMA, POTS) ulanish texnologiyalari orqali ulangan foydalanuvchilarga yagona platformaga asoslangan holda xizmatlarni taqdim qilish imkoniga ega. IMS’ning arxitekturasi quyidagi asosiy logik qatlamlardan iborat:

  1. Tarmoqqa ulanish qatlami (Access Layer).
  2. Sessiyalarni boshqarish qatlami (Session Control Layer).
  3. Xizmatlarni taqdim qilish qatlami (Service Layer).
  4. Boshqa tarmoqlar bilan bog‘lanish qatlami (Interconnection Layer).

Tarmoqqa ulanish qatlami — bu IMS tayanch tarmog‘i bilan bog‘lanishning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi. LTE radio ulanish tarmog‘i paketli uzatish tarmog‘iga ulanadi va ovoz xizmatini taqdim qilish uchun IMS tarmog‘ining «Tarmoqqa ulanish qatlami»ga ulanadi. Huawei VoLTE yechimida «Tarmoqqa ulanish qatlami»ning aso­siy uskunasi SBC (Session Border Controller) qatnashadi. Sessiya­larni boshqarish qatlami — o‘z nomi bilan sessiyalarni boshqaruvchi qatlamdir, ya’ni qo‘ng‘iroqlarni ulash, uzish, turli yo‘nalishlarga marshrutizatsiya qilish, sessiyalarga o‘zgartirish kiritish kabi vazifalarni bajaradi. Bu qatlamda Huawei VoLTE yechimida ham o‘zining CSC3300 uskunasini taqdim qiladi. Huawei CSC3300 vazifalarga qarab, turli logik (P-CSCF, S-CSCF, BGCF, E-CSCF) modullardan iborat.

Xizmatlarni taqdim qilish qatlami — bu qatlamninig vazifasi foydalanuvchiga xizmatlarni taqdim qilishdir. Uning asosiy uskunasi bu Dasturlar Serveridir. Huawei VoLTE yechimida qo‘llaniladigan ATS9900 nomli dasturlar serveri o‘zining ichiga 6 xil dasturlar ser­verini mujassam qilgan. U nafaqat VoLTE xizmatlarini, balki sim orqali ulanadigan foydalanuvchilarga xizmatlarni taqdim qilish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda ATS9900 150dan ko‘proq servislarni o‘ziga mujassam qilgan. Boshqa tarmoqlar bilan bog‘lanish qatlami — bu qatlamning asosiy vazifasi mavjud tarmoqlar va boshqa operatorlarning tarmoqlari bilan bog‘lanishdir. Boshqa tarmoqlar IMS kabi SIP protokol bilan emas, balki SS7 protokollariga asoslanib, ishlashi mumkin. Shu holatlarda protokollarni bir turdan ikkinchi turga o‘tkazish, tarmoqlararo kodeklar kelishuvini amal­ga oshirish vazifalarini aynan shu qatlam bajaradi. Bu qatlamda Huawei VoLTE yechimida MSoftX3000 uskunasi (Mobile SoftSwitch) va UMG8900 (media shlyuz) uskunasi qo‘llaniladi. Yuqorida sanab o‘tilgan uskunalar — bu IMS tarmog‘ining asosiy qatlamlari va us­kunalaridir. Huawei VoLTE yoki IMS yechimlarining to‘liq portfo­liosiga ko‘plab qo‘shimcha uskunalar kiradi.

VoLTE texnologiyasini tatbiq qilishda Huawei tajribasi va yutuqlari

Hozirgi kunga kelib, dunyo bo‘ylab 30dan ortiq operatorlar tomonidan abonentlarga yuqori sifatli xizmatlarni taqdim etish uchun Huawei kompaniyasining VoLTE yechimi ishga tushirilgan. Yevropa davlatlarida Huaweining yechimlari yetakchi mobil aloqa korxo­nalaridan Vodafone, T-Mobile va Dutch Telecom kabi operatorlar, Rossiyada — Vimpelcom (Beeline), MegaFon va Yota operatorlari tomonidan o‘z tarmoqlariga tatbiq qilingan. Huaweining LTE tarmoqlari orqali ovozni o‘tkazish (VoLTE) yechimi Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan IMS-2012 Xalqaro forumida «VoLTE yechimini eng yaxshi yo‘lga qo‘yish» sovrinini qo‘lga kiritgan. Bu sovrin dunyoning yetakchi operatorlari hamda analitik tashkilotlar tomonidan Huawei VoLTE yechimi tan olinganligining isbotidir. Bundan tashqari, 2014-yil Huawei «Eng yaxshi VoLTE yechimi» va «Eng innovatsion virtuallashtirilgan VoLTE yechimi» sovrinlarini xalqaro forumlarda qo‘lga kiritgan.

Xulosa qilib, aytganda, LTE — bu birinchi navbatda, revolyutsion emas, balki evolyutsion texnologiyadir. Albatta 2G va 3G texnolo­giyalariga asoslangan tarmoqlar hali bizga ko‘p xizmat ko‘rsatadi, ammo LTE ham bir joyda turib qolmay, yanada rivojlanadi, yangi­lanadi va sekin-asta avvalgi texnologiyalarni chetga surib boradi.

Muallif: Botir Faxriddinov, Huawei tayanch tarmoqlarini loyihalashtirish mutaxassisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq