Internet vakant ish o‘rinlarini aniqlashning muhim omili sifatida
14.12.2016
Rukn: Internet.
Muallif: .

inter_14_12_2016

Kundalik hayotimizda atrofimizni turli-tuman axborotlar qamrab oladi. Ularni ko‘ramiz, his etamiz, eshitamiz, o‘qiymiz, tajriba asosida hosil qilamiz, foydalanamiz va amalyotga joriy etamiz. Axborot texnologiyalari yordamida esa axborotlarni to‘plash qayta ishlash va uzatish jarayonida ishtirok etamiz. Bu jarayonda elektronika, telemexanika va kompyuter texnologiyalaridan, ya’ni eng zamonaviy fan texnika yutuqlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda hayotimizning barcha sohalarini qamrab olgan axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish va axborot uzatishni bilish yoshlardan chuqur bilim va o‘zini-o‘zi boshqara bilishni talab etadi. Zamonaviy yoshlar yangiliklarga qiziquvchan, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga intilishlari yuqoridir.

inter_14_12_2016_01

Yoshlarning o‘qishni davom ettirishlari, ishga joylashishlari mamlakat taraqqiyotida, uning iqtisodiy yuksalishini ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega. Ularni kasbga yo‘naltirish, bandligini oshi­rish orqali huquqbuzarliklarning oldi olinadi, ikkinchi tarafdan, yoshlarning kelajakka ishonchi yanada mustahkamlanadi. Ta’kidlash joizki, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlashda zamonaviy axborot texnologiyalari, internet tarmog‘idan foydalanishga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda, Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan tadbirlar maqsadli tashkil etilganligiga guvoh bo‘ldik. 2010–2011 o‘quv yilida 9-sinf biti­ruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga to‘liq qam­rab olishni sifatli va rejali amalga oshirish uchun Namangan shahri prokuraturasi tashabbusi bilan www.kollejlar.uz sayti yaratildi. Ushbu sayt orqali umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari viloyatdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan tanishish, har bir ta’lim muassasasining tayyorlov yo‘nalishi, qabul rejasi yuzasidan yetarli ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Xuddi shuningdek, kasb-hunar kollejlari uchun mo‘ljallangan www.bandlik.uz sayti ham ishga tushirildi. Bundan asosiy maqsad aholiga, ayniqsa, yoshlarga, ta’lim muassasalari bitiruvchilariga va ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga ish topishda qulaylik yaratishdir. Qolaversa, saytda mehnat qonunchiligi, mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi to‘g‘risida maslahatlar, mehnatga oid barcha sa­vollarga to‘liq javob olish mumkin. www.bandlik.uz sayti 2011-yil 15-apreldan ishga tushirildi. Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi ko‘plab yoshlar ushbu sayt yordamida ishga joylashmoqdalar.

Shu o‘rinda sayt to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Saytning bosh sahifasida bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi faoliyati, vazifalari, ish rejalari va e’lonlari bilan tanishish hamda amalga oshirilgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Shu bilan birga, bu sahifada «Yangi ish o‘rinlari» va «Bandlik» dasturlari hamda viloyatda joylashgan korxona, tashkilot va muassasalardagi har oyda o‘zgarib turuvchi bo‘sh ish o‘rinlari, aholining ayrim toifalari uchun shahar hokimining qarori asosida bo‘sh ish o‘rinlariga qo‘yilgan «kvotalar» haqidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Bundan tashqari, Internet orqali ish topish uchun yoshlar www.torg.uz, www.rabotavsem.uz, www.myjob.uz, www.ish.mehnat.uz, www.mehnat.uz, www.uzsayt.uz kabi saytlardan ham foydalanishlari mumkin. www.torg.uz saytida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida berilgan e’lonlar bilan tanishish imkoniyati mavjud. www.myjob.uz sayti O‘zbekistonning dastlabki ishbilar­mon ijtimoiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Uning qulay imkoniyatlaridan biri — bu ro‘yxatdan o‘tgan milliy iqtisodiyotning turli jabhalarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar bilan muloqot qilish imkonini beradi. Yoshlar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimiz hududida ushbu sayt orqali ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishlari mumkin. Buning uchun, foydalanuvchi o‘zi haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirib jo‘natishi va javob olishi kerak. Respublika doirasida bo‘sh ish o‘rinlarini topish, aniqlash va muloqot o‘rnatish­­ni amalga oshirish mumkin (www.myjob.uz). www.mehnat.uz O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Vazirligining rasmiy sayti. Unda ish bilan band bo‘lmaganlar va ish izlovchilar uchun, aholining imkoniyati cheklangan qatlami uchun ishga joylashuv, kasbiy ta’lim va aholining ish bilan band bo‘lmagan qatlamini qayta tayyorlash, ish beruvchilar va xodimlarga, mahalla raislari va kasb-hunar kolleji rahbarlariga, mehnat muhojirlariga kabi ma’lumotlar ba’zasi shakllantirilgan. (www.mehnat.uz). www.ish.mehnat.uz saytida ham ish izlash mumkin bo‘lib, qidiruv natijasida o‘zingizga ma’qul topgan ish o‘rnini aniqlasangiz, uning manzili, rahbariyatining qabul kunlari haqidagi ma’lumotlarga ham ega bo‘lasiz.

Bundan tashqari, «Karyera+» gazetasining rasmiy sayti www.rabotavsem.uz dir. Yuqorida nomlari ko‘rsatilgan internet saytlaridan foydalanish foydalanuvchi uchun quyidagi muammolar­ning oldini olish imkonini beradi: vaqt; moliyaviy mablag‘; ortiqcha ovoragarchilik; behuda urinish; kutish; anglashilmovchiliklar; asabbuzarlik; ruhiy tushkunlik; o‘ziga ishonmaslik va shu kabi kichik mu­ammolarga duch kelmaslikning oldini oladi. Chunki internet sayti orqali u qachon, qayerga, qanday? kabi savollarga javob topa oladi. Bu uch savolning yechimi yuqorida sanab o‘tilgan psixologik holatlarning oldini olishga imkon bo‘ladi. Asosiysi, mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelayotgan yoshlar internet saytlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalana olishlari kerak. Sababi noqonuniy ravishda tashkil etilgan, noto‘g‘ri berilgan axborotlarning jabrlanuvchilariga aylanib qo­lishlari ham ehtimoldan xoli emas. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsi­yalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Axborot xavfsizligini ta’min­lash markazi» davlat muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublika­sining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» PQ-1989-sonli va O‘zbeki­ston Respub­likasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnolo­giyalari davlat qo‘mitasi huzurida «Elektron hukumat» ti­zimini rivoj­lantirish markazi hamda Axborot xavf­sizligini ta’min­lash markazi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» 250-sonli qarorlariga muvofiq tashkil qi­lingan (https://infosec.uz).

Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi kompyuter hodisalari bo‘yicha axborotni yig‘ish va tahlil qilish, axborot xavfsizligi­ni ta’minlashga texnik va konsultativ yordam berish bo‘yicha O‘zbekistonda yagona davlat muassasasi hisoblanadi. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi — iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va sohalarida axborotni muhofaza qilishning zamonaviy vositalari va metodlarini yanada rivojlantirish va keng joriy qilishni ta’minlash, shuningdek, Internet milliy foydalanuvchilarini hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarini axborot xavfsizligiga tahdidlar to‘g‘risida ogohlantirishdan iborat. Yoshlarning ish izlashda har bir internet ma’lumotlaridan o‘rinli foydalana olishlari o‘zlari uchun muammoning bir qismini to‘g‘ri yechishdan iboratdir. Chunki ular birinchi muammoni unumli va o‘rinli hal qila olsalar, o‘zlariga bo‘lgan ishonch ularning oldinga qarab yurishlari uchun ajoyib imkoniyat tug‘diradi. Ruhiy tushkinlikning ham oldi olinadi. Shuning uchun ularni ol­dindan tayyorlash, o‘qitish, o‘rgatish maqsadga muvofiqdir.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. O‘zbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ular­ni ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, Internetda tarqatish tartibi to‘g‘risida Nizom. 1999-yil.
  2. Kadirov M.M., Karimova N.O. Zamonaviy infokommunikatsion texnologiyalarni ta’limdagi o‘rni. Aloqa va axborotlashtirish sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatini oshirish muammolari, Toshkent, 2015, 97–99 bet.
  3. https://infosec.uz Ganiyev A. A., Alimov I. X. Axborot tizimlari xafvsizligining monitoringi. To‘plam, 1-qism, Toshkent 2015.
  4. www.myjob.uz
  5. www.mehnat.uz

Muallif: Muhabbat Asqarova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy ilmiy xodim-izlanuvchisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq