Sudlar faoliyatini takomillashtirish – odil sudlovni amalga oshirishning muhim omilidir
12.12.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish” konsepsiyasida “Avvalo, sud hokimiyatini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish, sudning mustaqilligini ta’minlash, uni sobiq tuzumda bo‘lgani kabi qatag‘on quroli va jazolash idorasi sifatidagi organ emas, balki inson va fuqaro huquq va erkinliklarini ishonchli himoya va muhofaza etishga xizmat qiladigan tom ma’nodagi mustaqil davlat institutiga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi” – deya ta’kidlagan edilar.

sud_12_12_2016

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirishga, jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligini liberallashtirishga, inson huquqlari va erkinliklari puxta himoya qilinishini ta’minlovchi mustaqil sud hokimiyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aks ettirilgan tamoyillarga muvofiq jinoiy jazo tizimi va sud ishlarini yuritish bosqichma-bosqich libe­rallashtirildi, shaxsni jamiyatdan ajratib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlarini tayinlash imkoniyatlari kengaytirildi. Shu­ningdek, dastlabki tergov bosqichida sud nazoratini kuchaytirish, mazkur sohada sud faoliyatini liberallashtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilib, «Xabeas korpus» instituti joriy etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tomonidan 2005-yil 1-avgustda imzolangan «O‘zbekiston Respublika­sida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi hamda 2005-yil 8-avgustda imzolangan «Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmonlari qabul qilinishi va bu­ning natijasida qonunchilikka kiritilgan qator o‘zgartish va qo‘shim­chalar sud huquq sohasini liberallashtirish sari qo‘yilgan katta qa­dam bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayniqsa, Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va libe­rallashtirish, sudning obro‘si va mustaqilligini oshirish, odil sudlov­ni amalga oshirishda qonuniyligini ta’minlash, sudlar faoliyatiga aralashishga hamda g‘ayriqonuniy sud qarorlari chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, 2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzurida Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazining tashkil etilganligi, bu sohani yanada takomil­lashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilishiga zamin yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzi­yoyev tomo­nidan «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ayni damda fuqarolar­ning huquq­lari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi ekanligidan darak beradi.

Farmonda, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyiliga og‘ishmay amal qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, Sud-huquq tizimiga zamonaviy, ilg‘or texnikalarni jalb qilish va shu bilan birga, bir qator vazifalarni amalga oshirish belgilangan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, sudyalar kasbiy faoliyatini takomillashtirishga, ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlar sifatining oshishiga, vaziyatlarga to‘g‘ri baho berishga, umuman sudya­lik faoliyatida professionallik darajasini shakllantirishga xizmat qiluvchi mexanizmlar joriy qilinganligini ko‘rish mumkin.

Birinchidan. Sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil, keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi. Albatta mazkur tartib joriy etilishi, bugungi kunda samarali natija berayotgan xorijiy tajribani implementatsiya qilish orqali sud-huquq tizimini isloh qilishga, sudyalarni chinakamiga mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘l­magan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida qamoq jazosi shaxs­ni batamom ajratgan sharoit ostida saqlashdan iborat bo‘lib, bir oydan olti oygacha muddatga belgilangan jazo turi hisoblanadi. Jinoiy qonunchilikni liberallashtirish orqali inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini e’tirof etgan holda jinoiy jazo turi sifatida qa­moq jazosini muqobil jazo turiga almashtirish, mamlakatimizda «Xabeas korpus» instituti joriy etilayotganligining namunasi deyish mumkin.

Uchinchidan. Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirishni na­zarda tutadi. Bunda fuqaroning erkinlik huquqini inobatga olgan holda, gumondorni nazarda tutilayotgan jinoyat ishiga aloqasi bor yoki yo‘qligini aniqlash uchungina 48 soat davomida ushlab turilishi mumkin xalos.

To‘rtinchidan. Qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi. Qonunchilikda dastlabki tergov jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi, dastlabki tergov muddati Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va unga tenglashtirilgan prokuror tomonidan besh oygacha uzaytiri­lishi mumkinligi, keyinchalik dastlabki tergov muddati faqat O‘z­bekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari tomonidan yetti oygacha va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan to‘qqiz oygacha uzaytirilishi mumkinligi, alohida hollarda esa, sodir etilgan jinoyatning og‘irligini hamda tergov qilinayotgan ishning murakkabligini inobatga olib, dastlabki tergov muddati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkinligi belgilangan. Albatta mazkur norma dastlabki tergovning puxta bo‘lishini ta’minlashi mumkin, biroq inson huquqlari har narsadan ustungiligini, uzoq muddat davom etadigan tergov jarayonlari odamni tinka-madorini quri­tishini inobatga olib, dastlabki tergovning tezkorligini oshirish orqali eng ko‘p muddatni 7 oyga qisqartirish eng maqbul chora desak, mubolag‘a bo‘l­maydi.

Shuningdek Farmonda, Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish, sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tar­zidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqini berish, tergovning to‘liq emasligini sud muhokamasi jara­yonida to‘ldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish institutini bekor qilish, fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqar­tirish, viloyat darajasi­dagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish bo‘yicha vakolatlarini bekor qilish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi vakolatlarini bekor qilish, adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash sohasidagi vazifa va vakolatlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga o‘tkazish va xo‘jalik sudlari tizimida min­taqaviy apellyatsiya sudlari tashkil etish bilan bog‘liq masalalar belgilandi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ushbu Farmon Sud-huquq tizimida tub burilish yasab, unda shu kungacha mavjud kam­chiliklarni bartaraf etish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarga xizmat qilishini, tergov jarayonlari tezlik bilan mu­kammal tarzda o‘tkazilishini, jazo tayinlashda qamoq o‘rniga muqobil jazo turini tanlashga, umuman mamlakatimizda «Xabeas korpus» institutini, tubdan rivojlanishiga, Sudlar faoliyatida insonparvarlik tamoyiliga amal qilgan holatda kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Muallif: Shuhrat To‘xtaboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq