Atrof-muhitni muhofaza qilishda AKTdan foydalanishning huquqiy asoslari
12.12.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga va kundalik hayotimizga keng joriy etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasini rivojlashtirish, uning davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotidagi roli va o‘rnini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohaning qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator yangi qonunlar qabul qilindi va mavjud qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatiga keng joriy etilishi nafaqat boshqaruv tizimi faoliyatining yaxshilanishiga va iqtisodiy o‘sishga, balki aholining axborot olish imkoniyatlarining kengayishiga, ochiqlik va oshkoralikning ta’minlanishiga olib kelmoqda.

2016-yil 15-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitalarining hamkorligida «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi roli va ahamiyati» mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi atrof-muhitni muhofaza qilishda ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish bugunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga tegishli milliy qonunchiligimizda aholining atrof-muhitning holati to‘g‘risida to‘liq, ishonchli va tezkor axborot olishiga, vakolatli davlat organlarining sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot taqdim etishiga, atrof-muhitda kechadigan jarayonlarni uzluksiz kuzatish, miqdoriy va sifat o‘zgarishlarini tizimli o‘rganish, baholash va ma’lumotlar bazasidagi axborotlardan atrof-muhitni muhofaza qilish amaliyotida foydalanish imkonini beradigan monitoring va kadastr faoliyatiga axborot infratuzilmasini joriy etish va undan samarali foydalanishga doir huquqiy normalar uchraydi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 12-moddasida O‘zbekiston Respublikasi aholisi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqiga egaligi belgilangan. Mazkur norma fuqarolarga atrof-muhitni muhofaza qilishda hamkorlikda faoliyat yuritish, qulay yashash muhitiga ega bo‘lish, sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan xabardor bo‘lish va jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasining «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi Qonunining qator moddalarida (14–18 va 20-moddalar) ham ekologik nazoratning shakllari va usullari sifatida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda ko‘kalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish, tegishli davlat organlariga murojaat qilish va axborot olish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 20-sentabrda yangi tahrirda qabul qilingan «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi hamda 22-sentabrda yangi tahrirda qabul qilingan «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunlarining 16-moddalarida hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarining davlat hisobini va ulardan foydalanish hajmlarining hisobini yurituvchi vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar hayvonot dunyosi obyektlarining davlat kadastri bo‘yicha zarur axborotni O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bepul taqdim etishi belgilab qo‘yilgan. Hozirgi paytda hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarining kadastrlarini yuritish bevosita zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan holda amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining atrof-muhitni muhofaza qilishga doir qarorlarida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sohaga joriy etish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 27-maydagi «2013–2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi to‘g‘risida»gi 142-sonli Qarorida geografik axborot tizimlarini qo‘llagan holda atrof tabiiy muhit holati davlat monitoringining integratsiyalashgan axborot bazasini tashkil etish masalalari o‘rin olgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yildagi «2016–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit monitoringi dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 273-sonli Qarori bilan qabul qilingan Dasturda ma’lumotlarning elektron bazasi va axborot tizimlarini texnik qo‘llab-quvvatlash, atrof tabiiy muhit monitoringi elektron ma’lumotlar bazasini yuritish va qayta ishlashda dasturiy ta’minotni takomillashtirish, atrof tabiiy muhit holati monitoringi tizimiga geoaxborot texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish kabi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari hamda kutilayotgan natijalar belgilab berilgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda qo‘llashning qonuniy bazasi yaratilgan. Aholi sonining oshishi va zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishning rivojlanishi atrof-muhitga bo‘ladigan ta’sirlar xilma-xilligining oshishiga va ko‘lamining kengayishiga sabab bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, suv, tuproq, atmosfera havosi, o‘simlik va hayvonot dunyosini samarali muhofaza qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish orqali amalga oshadi.

Muallif: Faxriddin Xolboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq