Soliq solishga doir dolzarb masalalar, yangi interaktiv xizmatlar
02.12.2016
Rukn: Tadbirlar, Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

2016 yil 24 noyabr kuni poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Soliq Info» gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda buxgalterlari uchun «Soliq solishga doir dolzarb masalalar, my.soliq.uz portalida ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar» mavzusiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi YAngi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz – «Elektron soliq xizmatlari» yangi portalining imkoniyatlari va xizmatlari yuzasidan tushuntirish berib o‘tildi. Portalda soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun mo‘ljallangan shaxsiy kabinetlar, shu jumladan, «YAkka tartibdagi tadbirkorning shaxsiy kabineti» mavjud.

Tadbirkorning shaxsiy kabinetiga O‘zbekiston Respublikasi Foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona axborot tizimida (https://esi.uz) ro‘yxatdan o‘tgan holda kirish mumkin. Ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalanuvchining shaxsiy kompyuteriga E-IMZO modulini yuklab olish va o‘rnatish lozim bo‘ladi.

YAngi SHaxsiy kabinetning alohida bo‘limida soliq organlaridan olingan xizmatlardan foydalanish doirasidagi barcha xabarlar to‘plangan. SHuningdek, SHaxsiy kabinetga kirishda foydalanuvchiga byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar bilan o‘zaro hisob-kitoblar holati to‘g‘risida zarur ma’lumotlar taqdim etiladi.

Soliq to‘lovchilar tomonidan ushbu portal orqali ko‘rsatilayotgan har bir xizmatni baholab borish va ular yuzasidan o‘z sharh va fikr-mulohazalarini qoldirish, soliq organlari tomonidan esa ularning taklif-mulohazalari o‘rganilib, ularga tezkor ravishda munosabat bildirilishi kabi imkoniyatlarning yaratilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ishlovchi pensionerlarga pensiya, nafaqa va har oyda to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga elektron buyurtmani to‘ldirish va yuborish imkoniyati portalda joriy etilgan yangi xizmat turi hisoblanadi. Seminarda ishtirokchilarga Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mutaxassislari tomonidan ushbu xizmat va undan foydalanishda harakatlarni to‘g‘ri amalga oshirish tartiblari yuzasidan batafsil tushuntirish berilib, ushbu jarayon misollar orqali namoyish etildi.

Tadbirda soliq solishga doir bir qator dolzarb masalalar, xususan, ko‘p tarmoqli korxonalarda yagona soliq to‘lovini hisoblab chiqarish va ushbu soliq turi bo‘yicha taqdim etilgan imtiyoz va preferentsiyalarni qo‘llash tartibi, muayyan faoliyat turlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni tatbiq etish mezonlari hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish va ular bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash bilan bog‘liq mavzular ham keng muhokama etildi.

Seminar davomida ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq