Zamonaviy AKT – sud faoliyati samaradorligining muhim omili
19.11.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Mustaqilligimizning ilk kunlardan boshlab sud-huquq tizimini isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib kеlinmoqda. Bu o‘z navbatida, sud hokimiyatining obro‘si jamiyatda oshib borishiga hamda qonuniylikni ta’minlash borasida uning roli yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga og‘ishmay amal qilgan holda rivojlangan fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida shaxdam qadam tashlab bormoqda. Shunday ekan, boshqa sohalarda bo‘lgani kabi sud-huquq sohasini ham eng avvalo, inson manfaatlari uchun xizmat qilishi nuqtai nazaridan, zamon talablariga mos ravishda, takomillashtirib borish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21-oktabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4850-son Farmoni ushbu sohadagi islohotlarning uzviy va mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.

Ta’kidlash joizki, sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan ushbu hujjat o‘z mazmuniga ko‘ra keng miqyosli bo‘lib, sud-huquq tizimining qariyib barcha jabhalarini o‘zida qamrab olgan.

Farmonda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining quyidagi muhim vazifalari belgilab berilgan:

  • sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qoidalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyiliga og‘ishmay amal qilinishini ta’minlash;
  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari yuzasidan zarur choralar ko‘rish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish;
  • murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash;
  • shuningdek, buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish kabi bugungi kundagi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalar o‘rin olgan.

Ushbu huquqiy hujjatning o‘ziga xos ahamiyati shundan iboratki, unda sud-huquq sohasida amalga oshirilishi belgilangan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari, ya’ni sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Bu vazifalarning amalga oshirilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada oshirishga, fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchining oshishiga, qonuniylikka rioya etilishini yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Farmonda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlashning bir qator yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unda elektron tartibda sud va ijro ishi yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, odil sudlovga erishishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish orqali odil sudlov sifatini oshirish belgilangan.

Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi sud faoliyatining samaradorligiga, shuningdek, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonunini amalda qo‘llash doirasida mamlakatni rivojlantirishning zamonaviy bosqichi talablariga to‘liq asoslangan odil sudlovning jamoatchilik uchun ochiqligi, shaffofligi va erkinligi tamoyillarini hayotga izchil tatbiq etishda muhim omil bo‘ladi.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu Farmon davlat organlari, eng avvalo, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar faoliyatini yangi talablar asosida tubdan qayta ko‘rib chiqishni, bu borada, zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni joriy etishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Mualif: No‘mon Akbarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq