Birinchi ATS tarixini bilasizmi?
19.11.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov.

bir_19_11_2016

Bugungi kunda telefon har bir zamonaviy inson uchun eng muhim qurilmaga aylangan. Uyimiz va idoralardagi statsionar telefonlardan ham ko‘proq mobil telefonlaridan foydalanamiz. Qo‘l telefoni aslida, muloqot uchun yaratilgan bolsada, allaqachon ko‘plab buyumlar, jumladan, radio, televizor, soat kabi qurilmalarning o‘rnini egallab ulgurdi. Birgina telefon aloqasi kundalik hayotimizga vaqt va mablag’imizni tejaydigan qanchalik qulay imkoniyatlar taqdim etishini yaxshi bilamiz. Mazkur imkoniyatlarni taqdim etuvchi ATSIar tarixini esa hamma ham bilmasa kerak. Mamlakatimizda birinchi ATS qachon ish boshlagan? Ushbu savolga javob olish uchun «Aloqa tarixi muzeyi» zallarida namoyish etilgan eksponat va materiallar bilan tanishdik va navbatdagi sahifamizni mamlakatimizda ish yuritgan birinchi ATS tarixiga bag’ishladik.

Ozbekiston tarixidan yurtimizda birinchi xususiy telefon stansiyasi 1895-yilda Xiva shahrida ishga tushirilganli­gini ko‘pchilik yaxshi biladi. Mazkur mahalliy batareyali, telefon stansiyasi «Eriksson» Shved firmasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 20 raqamga ega edi. 1887-yilda Toshkent pochta-telegraf idorasi o‘rtasida telefon aloqasi tashkil etilib, 1891-yil iyul oyida Toshkent telefon tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan hamda Toshkent shahrida umumiy foydalanish imkoniyatlarini beruvchi telefon tarmog‘i tashkil etilgan. 1901-yilda Toshkent shahridagi telefon aloqasi xizmatidan foydalanuvchilar soni 55 nafarga yetgandi. 1901-yil 26-iyul kuni Turkiston Ichki ishlar vazirligining xususiy tadbirkorlarga shahar telefon stansiyalarini qurish, ishga tushirish va foydalanish huquqini berish haqidagi farmoyishi imzolangan bo‘lib, unga muvofiq 1904-yil 7-sentabrda 200 raqamli «Simens va Galske» tizimidagi birinchi qo‘l bilan bosh­qariladigan telefon stansiyasini foydalanishga topshirish bo‘yicha hujjatlar imzolangan.

Shunday qilib, mamlakatimizda birinchi telefon stansiyasi 1904-yil 15-sentabrda faoliyat boshlagan. 1904-yil 15-sentabr kuni Toshkent shahrida umumiy foydalaniladigan 200 raqamli dastlabki davlat telefon stansiyasi ishga tushirilgan. Telefon tarmog‘i bir simli bo‘lib, yer ikkinchi o‘tkazgich vazifasini bajargan. Toshkent shah­ridan keyin shunday telefon stansiyasi Samarqand shahrida ham qurilgan. 1907-yilda esa telefon tarmog‘ida va telefon apparatlarida bo‘layotgan nosozliklarni bartaraf etish uchun Toshkent shahrida xususiy telefon ustaxonasi ochilgan. 1911-yilga kelib, Turkistonda 85ta aloqa korxonasi amal qila boshlagan. Bu davrda Toshkent shahar telefon tarmog‘i abonentlar soni 708ga yetib, undan 54tasi shaharning eski qismiga to‘g‘ri kelardi. Shuningdek, 4ta telefon-avtomat: Temir yo‘l vokzali, Toshkent tovar stansiyasi, bozor va shahar boshqarmasiga qo‘yilgan. 1914-yilga kelib, Toshkentda 942 abonent va 5ta telefon-avtomat bo‘lib, telefon-avtomatlar yuqorida ko‘rsatilgan joylardan tashqari, muhim idoralarga ham o‘rnatildi. 1915-yilda shahar eski chegarasini telefon aloqasi bilan ta’minlash maqsadida 60 raqamli qo‘shimcha telefon stansiyasi qurildi. 1917-yilga kelib, faqat Xiva shahrining o‘zida 100ga yaqin telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyatlari ochildi.

XX asrning birinchi yarmiga kelib, telegraf aloqasi xizmatini ko‘rsatayotgan korxonalar aholi tomonidan tushayotgan oddiy buyurtmalarni ham bajara olmay qoldi. 1917-yil boshlarida 10ta ishlayotgan telefon stansiyasidan 9tasi xususiy shaxslarga tegishli bo‘lib, ularda asosan aloqa xizmatlaridan tijorat ishlarini olib bo­rishda foydalanilgan. O‘rtacha hisobda, bir telefon aloqa stansiyasi 6400 kv.km maydonda istiqomat qilayotgan 150 ming aholiga xizmat ko‘rsata olgan. 1917-yilda Pochta va Telegraf sohasini boshqa­ruvchi idora tashkil etildi va aloqa korxonalari xizmatlaridan unumli va samarali foydalanish ishlarini tashkil etish, pochta, telegraf, radio, telefon aloqasi xizmatlari hamda boshqa turdagi barcha aloqa inshootlarini qurish va foydalanish ishlarini nazorat qilish vazifalari yuklandi.

Dunyoda ro‘y berayotgan vaziyat aloqa sohasidagi vositalarga ham katta zarar keltirdi. 1918-yil yoz faslida bir necha ming kilometr masofadagi barcha telegraf liniyalari ishdan chiqdi, bir qancha pochta-telegraf korxonalarida o‘g‘irliklar sodir etildi. Natijada, 22ta shahar bilan aloqa qilib kelayotgan Toshkent telegraf idorasi 1919-yil o‘rtalariga kelib, faqat 6ta shahar bilan aloqa qila oladigan holatga tushdi. O‘zbekistonda 1924-yildan shaharlararo stansiyalarining sig‘imi 1700 raqamni tashkil etgan telefon aloqasi xizmatlari boshlanib, o‘sha vaqtda Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida birinchi havo aloqa liniyasi ishga tushirilgan.

1925-yilda respublikada 51ta aloqa korxonasi faoliyat ko‘rsatardi, 1926-yilda esa ularning soni 250taga, 1927-yilda esa 392taga yetkazilgan va shu tariqa, rivojlanish, o‘sish ko‘rsatkichlari kuzatilgan. Telefonlashtirish sezilarli o‘zgarishlar muvaffaqiyatlari 1926-yilda Toshkent–Samarqand, Samarqand–Dog‘bit–Kattaqo‘rg‘on orali­g‘idagi aloqa liniyalarining foydalanishga topshirish hamda shahar­lararo simlar va shahar telefon tarmog‘iga o‘rnatilgan uskunalarni, aloqa vositalari va telefon simlarini joriy ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida bo‘ldi.

1929-yilda telegraf liniyalarini qurish uchun 41600 dona ustunga buyurtma berilib, Moskva–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha bronza telegraf magistrali qurilishi boshlandi. Shuningdek, Samarqand–Buxoro–Chorjo‘y yo‘nalishini xrom-bronzali zanjir bilan, Qo‘qon–Xovost, Samarqand–G‘uzor, Termiz–Jarqo‘rg‘on, Qovunchi–Mirzacho‘l, Yangiqo‘rgon–Jizzax, Dushanbe–Termiz va boshqa shaharlar bilan esa po‘lat zanjirlar orqali shaharlararo aloqa o‘rnatish uchun zarur ishlar amalga oshirildi. 1930-yilda Toshkent–Andijon shaharlari o‘rtasida bimetall zanjir bilan shaharlararo aloqa xizmati tashkil etilib, mazkur liniyalar orqali Toshkent shahrini Qo‘qon va Farg‘ona shaharlari bilan ham aloqa o‘rnatishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Toshkent shahri bitta kanal orqali Samarqand shahri bilan shaharlararo so‘zlashuv imkoniyatiga, Andijon, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari bilan esa jadval asosida aloqa qilish imkoniyati­ga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, Toshkentning o‘ziga yaqin Pskent, To‘ytepa, Oqqo‘rg‘on, Qibray tumanlari bilan aloqa o‘rnatishi bo‘yicha ham kerakli ishlar olib borildi.

1930–1931-yillarda Pasdarg‘om, Norpay, Bulung‘ur, Angren, Xa­tirchi, Buvayda, Mang‘it va boshqa tuman markazlari bilan aloqa o‘rnatish maqsadida, havo telefon-telegraf liniyalari qurildi. Umuman olganda, aloqa sohasida simlardan foydalanish miqdori 24 foizga, kabellardan foydalanish esa 65 foizga oshdi. Shahar telefon tarmog‘ining jadal rivojlanishi qo‘l bilan boshqariladigan telefon stansiyalarini avtomatik telefon stansiyalariga almashtirish zaruratini ko‘rsatdi. Shuning uchun avtomatik telefon stansiyalarini (ATS) qurish va ularni foydalanishga topshirish, ratsional tizimli ATSlarni tanlash eng muhim masalalardan edi. Tanlov yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida 5000 raqamli «L. M. Eriksson» shved firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan va mashina tizimi bilan ishlaydigan birinchi avtomatik telefon stansiyasi — ATS-3 ishga tushirildi. 1932-yilda Moskva–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha shaharlararo magistral liniyasi­ning qurilishi boshlanib, ushbu ishlar 1939-yilda yakunlandi. Shu davrdan telefon tarmoqlarini ATSni joriy etish yo‘nalishida rivojlana boshladi. Ushbu avtomatik telefon stansiyasi deyarli 30-yil mobaynida Toshkentda yagona ATS timsolida ishladi va ke­yinchalik davr talabiga muvofiq, uning umumiy sig‘imi 10 000 ra­qamgacha yetkazildi. Umuman olganda, 1934-yilda respublikada 109ta aloqa korxona va idoralari bo‘lib, idoralarga 4 ta va o‘ndan ortiq telefonlar o‘rnatilgandi.

1934-yilda Toshkentda aholining zich joylashganligini inobatga olgan holda, telefon aloqa tarmog‘ini 10000 raqamgacha kengaytirish qarori qabul qilindi va Toshkent ATS ni to‘liq o‘zini-o‘zi boshqa­rish hisobiga o‘tkazish taklifi berildi. 1935-yilda tuman markazlari bilan qishloq hududlarining aholisi 40–50 foizgacha telefon aloqasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Aloqachilar shu kabi jamoalarni to‘liq telefon aloqasi bilan ta’minlash uchun barcha kerakli chora-tadbirlarni ko‘rib, 20ta tuman markazlarida yangi telefon stansiyalari qurildi. Shu bilan bir qatorda, shaharlararo telefon aloqasini rivojlantirishga ham kerakli e’tibor qaratila boshlandi. Respublikadagi 17ta shaharlararo telefon stansiyasi, 70ta so‘zlashuv punktlari foydalanishga qabul qilindi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida, O‘zbekistonda aloqa sohasining jadal rivojlanishiga eri­shildi. 1936-yilga kelib, shaharlarda 227ta yangi pochta aloqa bo‘limlari va qishloq joylarida 40ta agentlik bo‘limlari ochildi. Natijada, Respublikada 471ta pochta bo‘limlari ishlay boshladi. Qishloqda ishlayotgan pochtachilar velosipedlar bilan ta’minlandi. 1936-yilda Respublikaning aloqa sohalaridagi o‘sish koeffitsiyenti 11 foizni tashkil etdi. Telefon tarmoqlarida ham abonentlarga xizmat ko‘rsatish sifati ancha yaxshilandi.

Telegraf aloqasi bo‘yicha olib borilayotgan tinimsiz ishlar natijasida, ushbu sohaning sifat ko‘rsatkichlari ham yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. Toshkent Markaziy Telegrafida telegrammalarni tezroq joylarga yetkazish, ishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda nuqsonlarni kamaytirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Telegraf aloqasi Respublikaning Toshkent shahridan boshqa shaharlarida ham rivojlana boshladi. 1935-yilda Shaharlararo Telefon Stansiyasi (MTS) Markaziy Telegraf tassarufidan chiqarilib, unga mustaqil korxona maqomi berildi.

1937-yilda O‘zbekiston aloqa boshqarmasi aloqa sohasida vakolatli boshqarmaga aylantirildi. 1936-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, telefon aloqasining texnik ko‘rsatkichlari: texnik sabablarga ko‘ra to‘xtash koeffitsiyenti, aloqa tizimda bo‘layotgan uzilishlar 1932-yilga nisbatan ikki barobarga kamaydi hamda aloqa vositalari bilan ta’minlangan shahar va tuman markazlarini Toshkent shahri bilan uzluksiz aloqa qila olish imkoniyatlariga erishildi. 1940-yilda O‘zbekistonda montaj qilingan umumiy sig‘imi 17,5 ming raqamli 118ta telefon stansiyasi ishlay boshladi. 1946-yil mart oyidan bosh­lab, Aloqa boshqarmasi Respublikalar Ittifoqi Aloqa vazirligining O‘zbekistondagi vakolatli boshqarmasi sifatida ishlay boshladi. 1991-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishganidan so‘ng, aloqa sohasi jadal sur’atlarda rivojlana boshladi. O‘zbekistonimizning barcha mintaqalari va hattoki, olis, yetib borish qiyin bo‘lgan hududla­rida ham katta sig‘imga ega ATSlar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda birinchi ATS 1932-yil 8-sentabr kuni o‘z faoliyatini boshlagan. Birinchi ATS ish boshlagan o‘tgan 84 yillik davr mobaynida telefon aloqasi kundalik hayotimiz mazmun-mohiyatini boyituvchi muhim omilga aylandi. Biroq ushbu insonlararo aloqa-munosabatlar o‘rnatishda alohida ahamiyatga molik bo‘lgan zamonaviy imkoniyatning kelib chiqish tarixini ham unutmasligimiz lozim. Bu borada bizga mamlakatimizda fao­liyat yuritib kelayotgan «Aloqa tarixi muzeyi» zallarida namoyish etilgan eksponat va materiallar katta yordam beradi.

Maqola infoCOM.UZ jurnali va «Aloqa tarixi muzeyi» o‘rtasidagi hamkorlik loyihasi asosida tayyorlandi. Maqolada turli manba, shu­ningdek, «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kom­paniyasining yirik filiali bo‘lgan «Toshkent shahar telefon tarmog‘i»* rasmiy veb-sayti materiallaridan foydalanildi.

*      «Toshkent shahar telefon tarmog‘i» — «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining eng yirik filialidan biri bo‘lib, poytaxtimizdagi tashkilot, muassasa, idora hamda qator yuridik maqomidagi korxonalar va shahar aholisiga mahalliy telefon aloqasi, shaharlararo, xalqaro telefon so‘zlashuvlari, ma’lumotni uzatish va Internet tarmog‘idan foydalanish kabi qator xizmatlarni taqdim etib keladi.

Mualif: Tohirjon Nazarjonov

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq