Axborotlashgan iqtisodiyot va O‘zbekistonda AKT rivojlanishining o‘ziga xosligi
19.11.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT) taraqqiyoti bilan birgalikda rivoji masofa va vaqt oralig‘iga qaramay axborot, pul va boshqa resurslarni tez yetkazib berish, almashish uchun imkoniyat yaratmoqda.

Axborotlashgan iqtisodiyotga o‘tish bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan chuqur va tub o‘zgarishlar bir qator muammo va ziddiyatlarga olib kelmoqda. Bunday muammolarga jamiyat faoliyatidagi turli sohalarga oid globallashuv va axborotlashtirish tufayli paydo bo‘lgan hamda har tomonlama o‘rganish va yechimi kompleks yondashuvni talab etuvchi iqtisodiy hayotning o‘zgaruvchanligi va beqarorligini kiritish mumkin bo‘ladi. Bulardan ta’lim, AKT, ilmiy va innovatsion faoliyat turlarining jamiyat, davlat va iqtisodiyotga bo‘lgan ta’sirining kuchayishi hamda ular faoliyat yuritishining sifat jihatdan yangi xususiyatlarga ega bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Shu sababli zamonaviy iqtisodiyot nazariyasi jamiyat hayotidagi ziddiyatlarga qanday ta’rif berishi hamda uning nazariy jihatdan mazmun-mohiyati jahon iqtisodiyotining hozirgi zamon bosqichida o‘z aksini qanday topayotganligi va axborotlashgan iqtisodiyotning o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatib bermoq hozirgi kunda o‘ta muhim masalalardan biridir.

O‘zbekistonda AKTning rivojlanishi 2013–2020 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini Kompleks rivojlantirish dasturi asosida amalga oshiriladi. Ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yil 21-mart «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1730-son Qarori bilan tasdiqlangan. AKTni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari amalga oshirilishining muvaffaqiyatli monitoringini o‘tkazish kafolati bo‘lib, axborotlashgan iqtisodiyotning shakllanib borish indikatorlari samarali tizimini barpo etish xizmat qiladi. Har qanday mamlakatga xos bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham axborotlashgan iqtisodiyotni shakllantirish darajasini zamonaviy AKT ni joriy etish va rivojlantirish, iqtisodiyotga ilmiy-tadqiqotlarni joriy etish ko‘rsatkichlari hamda YAIMda xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi bilan belgilab berish mumkin bo‘ladi. O‘zbekistonda axborotlashgan iqtisodiyot bilan bog‘liq chuqur ilmiy-tadqiqot ishlari hozirgi vaqtgacha yetarli darajada olib borilmaganligini hisobga olib, mazkur mavzuni o‘rganish va izlanishlar olib borish dolzarb hisoblanadi.

Axborotlashgan iqtisodiyot mazmunining tahlili M. Porat, D. Bell, U. Dayzard, M. Kastels, M. Konnorz, U. Martin, A. Norman kabi olimlar ilmiy ishlarida aks etgan bo‘lib, axborotlashgan iqtisodiyot kategoriyasining o‘zi esa fanga 1976-yilda amerikalik iqtisodchi M. Porat [1, p.71] tomonidan kiritilgan. Ispan-amerikalik iqtisodchi M. Kastelsning 1996–1998 yillarda chop etilgan «Axborot davri: iqtisodi-yot, jamiyat va madaniyat» nomli monografiyasi tufayli axborotlashgan iqtisodiyot nomli atama keng omma orasida tarqaldi. Vaqt mezoni bo‘yicha axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasining shakllanib borishini uch davrga ajratish mumkin: axborotlashgan iqtisodiyot paydo bo‘lishi va yangi hodisaning rivojlanish ten-densiyalarini aniqlash (1960–1970 yillar); ilg‘or mamlakatlarda axborotlashgan iqtisodiyotning shiddat bilan rivojlanishi (1980–1990 yillar); axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasini bilimlar iqtisodiyoti bilan bog‘liqlikda o‘rganish (2000-yildan). Umuman olganda, iqtisodiyot nazariyasida axborotlashgan iqtisodiyotning yagona tushuncha yoki ta’rifi mavjud bo‘lmay, ilmiy adabiyotlarda unga turli yondashuvlar mavjud. Shunga qaramay, olib borilgan ko‘pgina tadqiqotlarda axborotlashgan iqtisodiyotga xos bo‘lgan uchta asosiy mezonlar guruhi ajratiladi [2]. Birinchi guruhga iqtisodiy mezonlar kiritilib, u jamiyatning axborot sohasida yaratilgan yalpi milliy mahsulot (YaMM) ulushini tavsiflaydi. Mazkur yondashuv-ning asosiy muammosi mamlakatning yalpi milliy mahsulot ishlab chiqarishida axborot sektorining qo‘shgan hissasini aniqlashda ma’lum qiyinchiliklarga duch kelinishi hisoblanadi. Ikkinchi guruhga ijtimoiy mezonlar kiradi. Ular axborot mahsulotlarini, axborotlashtirish vositalarini ishlab chiqarish hamda axborot xizmatlar ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan aholi ulushini belgilaydi. Uchinchi guruhga axborotlashgan iqtisodiyotni belgilab beradigan, ya’ni jamiyatda axborot texnologiyalari (AT)ning tarqalishi nuqtai nazaridan ta’rif beruvchi texnologik mezonlar kiradi.

Hozirgi vaqtda jamiyatimiz axborotlashgan iqtisodiyotning paydo bo‘lish davrini boshidan kechirmoqda. Shu bilan birga, unga kelajakda noaniqlik hamda rivojlanishning yuqori dinamikasi xos ekanligini ta’kidlab o‘tish zarur. Keng ma’noda ilmiy adabiyotlarda axborotlashgan iqtisodiyotga iqtisodiy qarorlarga axborotning ta’sirini o‘rganuvchi iqtisodiyotdagi bir yo‘nalish sifatida qaraladi [3]. M.Kastels ta’kidlashicha, «axborotlashgan jamiyat» (information society) atamasi mukammal emas hamda u yangi tizimning barcha o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirmaydi. Uning fikricha, «axborotlashgan (informational) iqtisodiyot» atamasi aniqroq ta’rifga ega bo‘la oladi [4, 42–43 b.]. B. V. Korneychuk esa axborotlashgan iqtisodiyot atamasiga nisbatan o‘z nuqtai nazarini ifodalab, ikki turli tushunchalardan foydalanadi. Birinchisida u axborotlashgan iqtisodiyotni ijodiy mehnat va axborot boyliklar ustuvor bo‘lgan sivilizatsiyaning rivojlanish bosqichi deb ta’rif beradi. Ikkinchisida axborotlashgan iqtisodiyotni axborotlashgan jamiyatning iqtisodiy nazariyasi yoki axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasi deb qaraydi [5].

Bundan tashqari ma’lum ma’noda quyidagi ta’rif ham tadqiqot obyektini izohlab beradi: Axborotlashgan iqtisodiyot — bu postindustrial jamiyatning asosi bo‘lib, axborot asosiy ishlab chiqarish resursi bo‘lgan hamda ish bilan bandlar tuzilmasida asosiy o‘rinlarni aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi ishchilar egalagan iqtisodiyotning o‘ziga xos turini belgilovchi falsafiy-iqtisodiy atama hisoblanadi. [6, 20 b.]. Bir zamonaviy ilmiy asarda quyidagi ta’rif berilgan: «Axborotlashgan iqtisodiyot — bu ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish bosqichi bo‘lib, unga jamiyat hayotida bilimlar va axborotning roli, YAIMda axborot mahsulotlari va xizmatlar, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari ulushining oshib borishi, insonlarning o‘zaro samarali axborot almashish, ularga jahon axborot resurslardan foydalanishga imkon beradigan hamda ularning ijtimoiy va shaxsiy ehtiyojlarini qondirishni ta’minlab beruvchi global axborot maydonining yaratilishidir» [7, 23–24 b.]. Axborotlashgan iqtisodiyotning mamlakatlar kesimida qiyosiy tahlili (1-jad-val) quyidagi yangi tendensiyalar rivojlanishi bilan bog‘liq holda kechmoqdaligini ta’kidlash joiz [8, 268 б.]:

  • an’anaviy va axborotlashgan iqtisodiyotning farqlanishi;
  • axborotlashgan iqtisodiyot va sanoat davri iqtisodiyoti sohalari o‘rtasida ma’lum ziddiyatlarning shakllanishi;
  • globallashgan iqtisodiyotga tobora kirib borish.

1-jadval. Аxborotlashgan iqtisodiyot modellari

axborot_19_11_2016

Manba: Кастeльс М., Химанeн П. Информационноe общeство и государство благосостояния: Финская модeль. / Пeр. с англ. А.Калинина, Ю.Подороги. — М.: Логос, 2009. — 26 с.

Hozirgi vaqtda jahon amaliyotida axborotlashgan iqtisodiyot rivojlanish darajasini baholash uchun turli xil reyting ko‘rsatkichlari qo‘llanilmoqda, ammo aytib o‘tish joizki, tegishli tushuncha va statistik ko‘rsatkichlar hali to‘laligicha shakllanib bo‘lgan deb aytib bo‘lmaydi. Umuman olganda, mamlakat axborotlashgan iqtisodiyotining rivojlanishi quyidagi indekslar bilan bog‘liq [9]: innovatsion (bilimlar iqtisodiyoti — Knowledge Economy Index (KEI), innovatsiyalar — The Global Innovation Index (GII); elektron hukumatga tayyorgarlik darajasi — United Nations e-Government Readiness Index (UNEGRI); AKT bozori. Elektron hukumat indeksi qiymati hukumat muasassalar tarmoqlarida onlayn-qatnashganlik, mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasining joriy holati va insoniy kapital rivojlanishi ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqiladi. Bundan tashqari, axborotlashtirish indikatorlarini hamda uni (axborotlashtirishni) amaliyotda qo‘llash metodikasini ishlab chiqish muhim masala hisoblanadi. Bir qator indikatorlarni misol keltirish mumkin, ular orasida eng muhimlari quyidagilar sanaladi:

  • Texnologik jihozlanganlik indikatori, amerikalik olimlar F. Rodriges va E. Dj. Vilsonlar (Merilend shtati) tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu indikator turli mamlakatlar AKTlarining rivojlanish holatini baholash va o‘lchash uchun mo‘ljallangan. Indikatorlar hisoblashda personal kompyuterlar, mobil telefonlar, Internet-xostlar, fakslar, televizorlar va boshqalar ko‘rsatkichlaridan foydalaniladi;
  • Kommunikatsiyalar oshkoraligi indikatori, u AQSH Milliy ilmiy jamg‘arma mutaxassislari tomonidan aholi, biznes va hukumat o‘rtasida o‘zaro munosabatlar jarayonlarida AKTdan foydalanish darajasini baholash uchun ishlab chiqilgan [4, 235 b.]. Mazkur indikator davlat, hududiy va mahalliy boshqaruvi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, hokimiyat organlari tomonidan zamonaviy AKTlarni qo‘llash darajasini ko‘rsatib berishga xizmat qiladi;
  • Аxborotlashgan jamiyat holatining indikatori — World Times nashriyoti va IDC kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va foydalaniladi. Ushbu indikator umumiy ko‘rinishda axborot texnologiyalarini yaratish, ulardan foydalanish, ularning tarqalish sur’atlarini aks ettiradi va darajasini aniqlaydi. O‘zbekistonda AKT rivojlanishining o‘ziga xosligini bir necha bosqichlardan iborat ekanligi orqali tavsiflab berish mumkin:
    1. Rivojlanishning dastlabki bosqichi — (2000–2002 yillar). AKTlarni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan davlat boshqaruvining yaxshilanishi davri;
    2. Ikkinchi bosqich — (2003–2007 yillar) AKT keng joriy qilish uchun asosiy huquqiy-me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi davri;
    3. Uchinchi bosqich — (2008–2012 yillar) davlat organlarida ichki axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarini faol tadbiq etish, axborot va elektron ma’lumot xizmatlari ko‘rsatilishining boshlanish davri;
    4. To‘rtinchi bosqich — (2012-yildan — hozirgi vaqt) davlat boshqaruv tuzilmasini yanada takomillashtirish davri.

2-jadval. www.uz milliy axborot-qidiruv tizimida statistik ma’lumotlar

axborot_19_11_2016_01

Manba: [21].

2007–2015 yillar ichida Internet milliy segmentining barcha statistik ko‘rsatkichlari barqaror va dinamik o‘sishni namoyon qilmoqda (2-jadval). Quyida yuqori ko‘rsatkichlarni tasdiqlovchi qo‘shimcha axborotlar keltirilgan:

  • registratorlar soni — 16 (5 — Toshkent shahrida, 11 — viloyatlarda);
  • internet-foydalanuvchilari soni — 10,2 mln. dan ortiq;
  • mobil aloqa foydalanuvchilari soni — 19,6 mln. dan ortiq;
  • tashqi kanalga ulanish tezligi — 16,64 gbit/s;
  • Tasix tarmog‘ida tezlik — 13,6 gbit/s;
  • Tasix tarmog‘ida a’zolar soni — 37 va boshqalar.

Shuni ta’kidlash lozimki, AKT rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan va amalga oshirilayotgan Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish strategiyasi faol ijobiy o‘sish tendensiyani namoyon qilmoqda. Bu axborotlashgan iqtisodiyotning ulushi umumiy holda iqtisodiyotga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatayotganligini bildiradi. Xulosa qilib aytganda, AKTlarni keng va faol joriy etish mehnat bozorida tarkibiy nomutanosibliklarga, axborot rolining transformatsiyasiga, bir sohaning faoliyati boshqalarga bog‘liq bo‘lgan holda amalga oshirilishining o‘sishiga, iqtisodiyotning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ilmiy izlanishlar rolining oshishiga olib keladi va buni inobatga olgan holda, uning ta’sirini tahlil va monitoring qilish, O‘zbekistonda keng miqyosda axborotlashgan iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish o‘ta zarurligini bildiradi.

Adabiyotlar:
1. Porat V. The Information Economy Definition and Measurement. Washington DC: US Dept of Commerce, 1977. Р. 240.;
2. Тагаров Б. Ж. Соврeмeнныe подходы к опрeдeлeнию критeриeв информационной экономики.// Baikal research journal. — Иркутск, 2012. — №4.С.3. [Элeктронный рeсурс].
URL.: http://elibrary.ru/download/30837991.pdf.
(Дата обращeния 27.12.2015).
3. Лeтунова О. В. Философско-мeтодологичeский аспeкт проeкта информационной экономики.// Грамота. — Тамбов, 2011. — №6 (12). — C. 115. [Элeктронный рeсурс].
URL.: www.gramota.net/materiaW3/2011/6-2/29.html
(Дата обращeния 27.12.2015).
4. Кастeльс М. Информационная эпоха: экономика, общeство и культура / [Пeр. с англ., под науч. рeд. О. И. Шкаратана]. — М.: ГУВШЭ, 2000. — 608 с.
5. Корнeйчук Б. В. Информационная экономика: учeбноe пособиe. — СПб. : Питeр, 2006. — 400 с.
6. Николаeва Т. П. Информационная экономика и тeндeнции eе развития : дис. д-ра. экон. наук: 08.00.01. — СПб., 1999. — 20 с. 3).
7. Никитeнкова М. А. Информационная структура США: государство и рынок / РАН. Ин-т США и Канады. М.: Academia, 2009. — 298 с.
8. Бобохужаeв Ш. И., Отакузиeва З. М. Информационная экономика: мировыe тeндeнции и спeцифика развития в Узбeкистанe. Инновационная экономика и социальная инфраструктура. Сборник научных статeй. 2-я часть. — Т.: LESSON PRESS. 2015. — 308 c.
9. Лeмeщeнко П. С., Шумских E. В. Информационная экономика: мировыe тeндeнции и спeцифика развития в Рeспубликe Бeларусь. //Научныe труды Донeцкого национального тeхничeского унивeрситeта. Сeрия: экономичeская. — Донeцк, 2014. — №1. — с.163. [Элeктронный рeсурс].
URL.: http://elibrary.ru/download/49985787.pdf.
(Дата обращeния 27.12.2015).
10. Важная ступeнь дeмократичeских прeобразований. Национальноe информационноe агeнтство Узбeкистана. [Элeктронный рeсурс]. URL.: http://uza.uz/ru/society/vazhnaya-stupen-demokraticheskikh-preobrazovaniy-12-11-2015.
(Дата обращeния 27.12.2015).
11. Источник: Статистичeскиe данныe в Национальной информационно-поисковой систeмe www.uz. Портал открытых данных Рeспублики Узбeкистан. 01.07.2015. [Элeктронный рeсурс]. URL.: http://data.gov.uz/ru/datasets/326.
(Дата обращeния 13.11.2015).

Mualif: Zuhra Otakuziyeva, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti, i.f.n.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq