3D televideniye texnologiyalari
19.11.2016
Rukn: Texnologiya.
Muallif: .

3d_19_11_2016

Televideniye yaratilgandan buyon turli bosqichlarda rivojlanib kelmoqda. Yangi texnologiyalar televideniyega joriy etilib, rangli televideniye, raqamli televideniye, IP-televideniye va boshqalar paydo bo’lmoqda. Hozirgi davrda, televideniye sohasida 3D texnologiyalari qo’llanilishi bilan rivojlanishning yanada yangi bosqichiga chiqdi.

Zamon rivojlangan sayin insonlarning media-mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlari ham ortib bormoqda. Shuning uchun ham media mahsulot yaratishda zamonaviy, interfaol usullardan foydalanib, murakkab effektlar qo‘shilgan media-mahsulotlar yaratilmoqda. Buni televideniye mahsulotlarida, kino san’atida yaqqol ko‘rish mumkin. Televideniyening o‘zi insoniyat uchun juda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini yaxshi bilamiz.

Bugungi kunda jamiyatdagi xabarlar, voqea-hodisalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishda televideniyening xizmati cheksiz. Telekanallardagi ko‘rsatuvlar insonlarni o‘ziga jalb etishi uchun muhim masalani o‘rtaga tashlashi, qiziqarli, mashhur qiyofalarni aks ettirishi zarur, buning uchun televideniye ham yanada rivojlanishi davr talabidir. Kino san’atida uch o‘lchamli filmlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng, bu televideniyega ham ta’sir etmay qo‘ymadi. Uch o‘lchamli televideniye tashkillashtirildi. Bunda teletomoshabinlarga ma’lumotlar yetkazish ancha qulay va reallashadi.

Uch o‘lchamli televideniye — bu katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan, tomoshabinlarga uch o‘lchovli effektni uzatib bera oladigan televideniyedir. Hozirgi vaqtda televizorlarda hech qanday ko‘zoynaklarsiz uch o‘lchamli videolarni ko‘rish imkoniyatlari ishlab chiqilmoqda. Kelajakda butunlay barcha telekanallar, barcha xonadonlarda uch o‘lchamda ko‘rsatilishi oddiy holga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Hozirdagilari esa reklama sifatida foydalanilmoqda.

3D televideniye bu juda katta ma’lumotlar hajmiga ega bo‘ladi. Tasavvur qilish uchun, 4:4:4 formatda telesignalni uzatishda qancha tezlik kerakligini hisoblab chiqaylik. Ushbu holda:

1. YUV ni uzatish uchun jami 540 Mbit/s kerak bo‘ladi.
2. Bunda piksellar soni 720 x 576.
3. Yuqori tiniqlik — 8K da esa 7680 x 4320 o‘lchamli piksellar mavjud.
4. Juda ham yuqori tezlik, katta hajm hamda shu formatni qo‘llab-quvvatlaydigan uskunalar kerak bo‘ladi.
5. 3D televideniye esa bu uzatishlardan ham ko‘ra ko‘proq hajmda, ko‘proq apparaturalar talab qiladi.

Hozirda 3D ko‘rsatish imkoniyatiga ega quyidagicha monitorlar mavjud:

  • stereoskopik 3D-monitorlar;
  • avtostereoskopik 3D-monitorlar (bunda hech qanday aksessuarlarsiz 3D-ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘ladi);
  • katta hajmli displeylar(voksellardan tarkib topgan). Eng katta 3D-televizorning diagonali 7.11 metrga teng bo‘lib, EKTA kompaniyasi tomonidan UEFA Chempionlar Ligasining final matchini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish uchun ishlab chiqilgan.

Ma’lumotlarga tayanib, uch o‘lchovli televideniye yaratilishi to‘g‘risida faktlarga asoslansak, uch o‘lchamli televideniye 2009-yillardan boshlab rivojlana boshladi.

Dastlab, 2009-yilning avgust oyida Yaponiyaning BS11 telekanali uch o‘lchamli teleko‘rsatuvlarni namoyish eta boshladi.

AQSH esa uch o‘lchamli axborotlarni uzata oladigan sputnikni 2010-yili fazoga chiqardi. Yevropa va Rossiyada 2010-yil 17-mayda OCEAN telekanali dastlabki sinov uchun uch o‘lchamli televideniyeni ishga tushirdi.

2010-yil 8-iyundan boshlab esa butun dunyoda Tinch okeanining suv ostidagi musiqali videolavhalari uch o‘lchamda efirga uzatildi. Uch o‘lchamli televideniye mana shu tarzda rivojlana boshladi. Uch o‘lchamli televideniyeni namoyish etish uchun shunga mos televizorlar, ularning keng displeylari kerak bo‘ladi. Bunday displeylar stereodispley deb ham ataladi. Ushbu displey perspektiva effektini bera oladi va tomoshabinlarga uch o‘lchovli efirni uzatib beradi. 2010-yildan DVB jamoasi 3D televideniye uchun DVB 3D-TV standartini ishlab chiqmoqda.

Respublikamizda hozirda 2012–2015-yillar va 2016–2017-yillarda ikki bosqichda raqamli telekanallarga o‘tish rejalashtirilgan. Hozirda ko‘plab kanallarimiz raqamli telekanallar hisoblanadi. Uch o‘lchovli televideniyening vujudga kelishi bizga ham ta’sir etmay qo‘ymaydi. MDH davlatlari orasida respublikamiz birinchilardan bo‘lib, raqamli telekanallarga o‘tganini hisobga olsak, uch o‘lchovli televideniye texnikasi to‘laligicha yaratilgandan so‘ng, dastlab respublikamizda ushbu texnologiyaga o‘tilishi haqiqatga yaqin. Uch o‘lchovli televideniyening imkoniyatlari juda katta bo‘lib, u orqali tomoshabinlarga uch o‘lchovli predmetlarni ko‘rsatish oson. Voqea-hodisalarni aks ettirishda, ma’lumotlar berishda, barcha sohalarda ushbu texnologiyaning qulayliklarini sezish mumkin.

Mualif: Zafarbek Abdullayev, NamDU, o‘qituvchisi,
Mahamadjon Mahamadjanov, talaba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq