Koreyada «Government 3.0» 2016 xalqaro forumi o‘tkazilmoqda
10.11.2016
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

kor_10_11_2016

9-10 noyabr kunlari Janubiy Koreyada «Government 3.0» 2016 global forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va ichki ishlar vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Tadbirda xorijiy mamlakatlarning 500 dan ziyod ekspertlari, jumladan hukumatlarning yuqori martabali mansabdorlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, analitik va ilm-fan sohasi mutaxassislari ishtirok etadilar.

«Government 3.0» (Hukumat 3.0) yangicha qarash va prinsiplarga asoslangan davlatni boshqarish tizimi bo‘lib, mamlakat fuqarolariga davlat ochiq ma’lumotlarini cheklanmagan miqdorda taqdim etish, har bir fuqaroning o‘z ehtiyojidan kelib chiqib unga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, hukumat qarorlarida aholining keng ishtirokini ta’minlash va davlatning aholi oldidagi hisobdorligini oshirish orqali jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralikka erishishni ko‘zlaydi.

Forumning maqsadi – bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va davlat boshqaruvi hamda elektron hukumat sohalarida tajriba almashish, shu bilan birga muayyan sohalarga innovatsiyalarning joriy qilishda koreyscha tajribani o‘rtoqlashish. Tadbirda davlat boshqaruvi va elektron hukumat yaratishdagi so‘nggi ilg‘or yutuqlar, davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi yangicha yondashuvlar, davlat ma’lumotlaridan foydalanishni yengillashtirish kabi masalalarga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.

Forum dasturida davlat boshqaruvi hamda elektron hukumat tizimini isloh qilishning global tendensiya va shartlariga bag‘ishlangan umumiy sessiya, shuningdek ochiq ma’lumotlarni taqdim etish orqali ochiq-oshkora hukumatni yaratish, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishni yaxshilash, davlat boshqaruviga innovatsiyalarni joriy qilishga oid uchta sessiyaning o‘tishi ham reja qilingan.

Mazkur Forumda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining vakillari ham «Davlat boshqaruvini isloh qilishda AKTning o‘rni» mavzuidagi taqdimot bilan ishtirok etmoqdalar. Ushbu taqdimot xorijlik mutaxassis-ekspertlarni O‘zbekistonda elektron hukumat tizimini joriy qilish, davlat boshqaruvini takomillashtirishda AKTdan foydalanish yuzasidan amalga oshirilatyotgan islohotlar bilan tanishtiradi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq