Zamonaviy axborot texnologiyalari – ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning muhim omili sifatida
27.10.2016
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Gulshana Xudoyorova.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi qariyib 57 foizga yetdi. Bu sohada ish bilan band aholining 78 foizi mehnat qilmoqda va ular mamlakatimizning farovonligi yo‘lida munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shim­cha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tadbirkorlik soha­sida o‘tkaziladigan tekshirishlar jarayoni yanada liberallashtirildi.

Farmonda tadbirkorlik subyektlariga faqat davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona markazlar orqali «yagona darcha» tamo­yili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, «Yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari tizimining samarali faoliyat olib borishi uchun idoralararo axborot almashinuvi mexa­nizmini takomillashtirish kabi vazifalar belgilangan.

Ta’kidlash joizki, Farmonga asosan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) bilan integratsiyalashgan «Yagona darcha» markazlari faoliyatiga oid yagona veb-saytni yaratish va unga markazlar faoliyati haqidagi umumiy ma’lumotlar hamda ko‘r­satiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatini, ta’sis hujjatlarining standart namunalarini, xizmatdan foydalanish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini, davlat xizmatlaridan foydalanish jara­yonida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun «tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti» elektron resursini kiritish kabi bir qator vazifalar belgilandi.

Ayni vaqtda, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish maqsadida Yagona portalga 2000dan ortiq davlat va xo‘jalik organlari, joylardagi hukumat boshqaruvi va hududiy bo‘linmalar ulandi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida aynan tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari soni 57 foizni tashkil etib, shu bilan birga, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari bo‘yicha informatsion xarakterga ega bo‘lgan ma’lumot ham portalda tizimli yangilanib bormoqda.

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga portal orqali ko‘rsatilgan davlat xizmatlari soni 577,2 mingdan oshib, joriy yilda 5ta yangi interaktiv xizmatlar ishga tushirildi, (jami 270 xizmat turlari mavjud). Bu esa o‘z navbatida, tadbirkorlarning tezkor ma’lumot olib, tajriba almashinib, faoliyatidagi yangi qirralarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, hozirgi kunda Yagona darcha markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlaridan tadbirkorlik subyektlari foydalanishi bo‘yicha tizim yaratilib, samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu davlat xizmatlari «Yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatilishi belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik subyektlari ariza berish jarayonida minimal talab etiladigan hujjatlarni topshiradi, qolgan hujjatlarni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tizim imkoniyatlaridan foydalangan holda tegishli hujjatlarni taqdim etuvchi tashkilotlardan oladi.

Shu bilan bir qatorda, markaziy ma’lumotlar bazalari elektron shaklda davlat xizmatlari ko‘rsatish, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini avtomatlashtirish va muddatlarini qisqartirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishda va idoralararo elektron hamkorlik qilishda zarur bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi axborotni saqlash, uzatiladigan axborotni qisqartirish hisobiga samarali idoralararo elektron hamkorlik qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarni identifikatsiyalash, vakolatli organlarning axborot tizimlarini «Elektron hukumat» tizimining yagona infratuzilmasiga integratsiyalash kabi vazifalarni ta’minlash maqsadida shakllantiriladi va yuritiladi.

Xulosa qilib shuni aytish joizki, mazkur Farmonda axborot va Internet texnologiyalari iqtisodiy yuksalishning muhim omili sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida, tadbirkorlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy himoyasini kafolatlash hamda mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muallif: Gulshana Xudoyorova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq