«TBilling» – telefoniya xizmatlari yagona billing tizimidan foydalanishning axborot modeli
27.10.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: .

tbil_27_10_2016

Mamlakatimiz istiqlolining ilk yillaridayoq O‘zbekiston Respublkasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov: “Biz yaqin yillar davomida aloqa va telekommunikatsiya rivoji bo‘yicha jahon standartlari darajasiga ko‘tarilishimiz lozim. Rivojlangan kommunikatsiya tizimi bo‘lmasa, O‘zbekistonning kelajagi bo‘lmaydi. Biz buni aniq his qilishimiz lozim”, — deya ta’kidlagan edi.

Shunga ko‘ra, mamlakatimizda kompyu­ter va axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va ma’lumot uzatish tarmoqlarini, internet xizmatlarini rivojlantirish va zamo­naviylashtirish, ularni jahon standartlari da­rajasiga yetkazish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirila boshlandi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 30-iyundagi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi (AK) faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida»gi 253-sonli qaroriga muvofiq «O‘zbektelekom» aksiyadorlik jami­yati tashkil etildi va uning vazifalari bel­gilab berildi.

Shuningdek, mobil aloqa bozorida milliy kompaniyalarning keng ishtiroki uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda mamlakatning ko‘chma mobil aloqa tarmoqlarini yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Res­publikasi Birinchi Prezidentining 2014-yil 12-fevraldagi «Mobil aloqa milliy operatori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2126-sonli Qarori qabul qilin­di. Mazkur me’yoriy hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda «O‘zbek­telekom» AK filiallari uchun korporativ dasturiy ta’minot (ya’ni «TBilling» tizimi) ishlab chiqildi.

«O‘zbektelekom» AK «Billing Telekom» filialida faoliyat ko‘rsatayotgan «TBilling» — telefoniya xizmatlari yagona billing tizimi­ning asosiy maqsadi zamonaviy ishonchli va xavfsiz ma’lumotlar axborot bazasini yaratish, axborot resurslari va xizmatlari bozorini rivojlantirish, kompaniya bo‘lin­malarida axborot almashishning elektron shakliga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’min­lash, xizmat ko‘rsatishning yagona korporativ tizimini yuritish, aholiga ko‘rsatilayotgan telefoniya xizmatlari uchun to‘lovlarni real vaqtlarda ko‘rish, abonentlarga to‘lov uchun hisob-varaqalarini chiqarishdan iborat.

Billing tizimining funksional vazifalari asosan 3 turga bo‘linadi:

1)  Hisob-kitob jarayonida bajariladigan vazifalar.

2)  Axborot xizmatlari.

3)  Moliyaviy xizmat ko‘rsatish.

Hisob-kitob jarayonida bajariladigan vazifalarga — xizmatlarni aniqlash — qo‘n­g‘iroqlar haqida batafsil ma’lumot olish, kommutatsion uskuna orqali olingan trafik­dan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ishlov berish, iste’molni baholash — iste’mol haqidagi hisob-kitob xususiyatlarini aniqlash, abonentlar uchun to‘lovlarni shakl­lantirish, tuzatishlar, to‘lov varaqalarini taqdim etish, yetkazib berish yoki abonentlarni to‘lov varaqalari bilan tanishtirishni ta’minlash, abonentlarning shaxsiy hisob-raqamlarini boshqarish kabi vazifalar ki­radi.

Axborot xizmatlari esa — abonentlar haqidagi operativ ma’lumotlarni qo‘llab-quvvatlash, shaxsiy hisob-kitob haqidagi ma’lumotlarni abonentlarga taqdim etish, abonentlarga xabar berish, abonentlar holati va xizmatlarini boshqarishdan iboratdir. Moliyaviy xizmat ko‘rsatish — bu to‘lov­larni qayta ishlash, abonentlarning debi­torlik qarzlarini undirish va jarayonlarni boshqarishdan iborat. «TBilling» telefoniya yagona billing tizimining asosiy funksiyalariga quyidagilar kiradi:

  • «O‘zbektelekom» AK filiallari va korxonalari abonentlarining yagona ma’lumotlar bazasini yuritish;
  • Yagona me’yoriy-ma’lumotlar bazasini yuritish;
  • Kommutatsiya qurilmalari orqali ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlar bo‘yicha boshlang‘ich ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash, ya’ni mahalliy, shaharlararo va xalqaro telefon aloqasi bo‘yicha abonentlarning talablariga binoan so‘ralgan hisob-kitob davri uchun to‘lov varaqalarini shakllantirish va ularni abonentlarga taqdim etish;
  • Markazlashtirilgan holda abonentlarga barcha xizmatlar (abonent to‘lovi, davriy to‘lov, mahalliy, shaharlararo va xalqaro telefon so‘zlashuvlari, axborot-ma’lumotnomalarini va qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etish) bo‘yicha to‘lov hujjatlarini shakllantirish va taqdim etish;
  • Barcha hisob va to‘lovlar bo‘yicha abonentlarga ma’lumot berish;
  • Tahliliy, statistik va moliyaviy hisobotlarni tezkor shakllantirish hamda filial va korxonalarga yetkazish;
  • Ma’lumotlardan ruxsatsiz foydala­nishning oldini olish, ma’lumotlar bazasini himoyalashning yuqori darajali uslublaridan foydalanish;
  • «O‘zbektelekom» AK tarmog‘iga kirish imkoniyati bo‘lgan respublikamizning istalgan hududidagi telekomunikatsiya xizmatlaridan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish.

«TBilling» tizimidan foydalanish uchun quyidagi URL-manziliga murojaat qili­nadi:

http://uzonline.uzbilling.uz:88/billing

tbil_27_10_2016_1

Tizim uch tillik bo‘lib o‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlaydi

«TBilling» tizimi bilan ishlashning axborot modelini ko‘rib chiqaylik:

tbil_27_10_2016_2

«TBilling» tizimi bilan ishlashning axborot modeli

1)  Boshqaruv samaradorligini oshirish va hisobotlarni o‘z vaqtida sifatli olishni takomillashtirish maqsadida yaratilgan mazkur tizimdan korporativ tarmoq orqali barcha filiallar foydalanadi. Tizim «O‘zbektelekom» AK filiallari va korxonalarining sotuv ofislarida, abonentlar bilan ishlash bo‘limlarida, hisob-kitob bo‘limlarida foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, tizimdan kassirlar, texnik hisob olib boruvchi guruhlar, texnologlar va boshqalar foydalanishlari mumkin.

2)  Abonentlar — operatorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki «Call-sentr» xizmati orqali bog‘lanadi.

3)  Har bir filiallarda faoliyat ko‘rsatayotgan operatorlar o‘sha hududda istiqomad qiluvchi abonentlarga xizmat ko‘rsatadi. Xizmat ko‘rsatish jarayoni bevosita «TBilling» tizimi orqali bajariladi.

4)  Barcha filiallar korporativ tarmoq orqali «TBilling» tizimidan foydala­nishi esa yagona axborot fazosini tashkil qilishini ta’minlaydi.

5)  Natijada, yagona ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lib, mazkur ma’lumotlar bazasidan olingan hisobotlar «O‘zbektelekom» AKga taqdim etiladi.

Xulosa qilib, ta’kidlash lozimki, abonentlarga xizmat ko‘rsatishning yagona korporativ tizimini yuritish, ma’lumotlarni jamlash va uzatish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib, bunda aholiga ko‘rsatilayotgan telefoniya xizmatlari uchun to‘lovlarni ko‘rish imkoniyati yaratiladi. Shu­ningdek, «O‘zbektelekom» AK «TBilling» ti­zimidagi hisobotlar yordamida telefoniya xizmatlari to‘g‘risidagi barcha zaruriy ma’lu­motlarni olishi, filiallar va korxonalarining sotuv ofislari, abonentlar bilan ishlash bo‘limlari, hisob-kitob bo‘limlari bilan masofaviy ishlash, ma’lumotlar almashish, boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Muallif: Hilola Islomova, “O‘zbektelekom” AK “Billing Telekom” filialining “Dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish” bo‘limi muhandisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq