“O‘zkimyosanoat” AJda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning ustivor yo‘nalishlari va strategik vazifalari
27.10.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

uzk_27_10_2016

Hukumatimiz rahbariyati tomonidan mamlakat iqtisodiyotida, xususan, kimyo sanoatida birinchi ustivor yo‘nalish etib korxonalarni texnik-texnologik jihatdan qayta yangilash-jihozlash va modernizatsiyalash bilan birga, investitsiya mablag‘larini paralel ravishda AKTni joriy etish uchun sarflash lozimligi yagona yaxlit vazifa etib belgilangan.

Sababi 2008-yildan buyon davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga qarshi kurash jahonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) rivojlantirish, birinchi o‘rinda, ishlab chiqarish biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va robotlashtirish orqali amalga oshilmoqda, natijada mehnatning innovatsion bo‘linishi yuz bermoqda: barcha og‘ir jismoniy va mashaqqatli aqliy mehnat talab etadigan ishlarni raqamli va mobil axborot texnologiyalari, kompyuter axborot dasturlari bajarmoqda.

Dunyoda yuz berayotgan innovatsion AKT jarayonlari va ilg‘or texnologiyalarning ishlab chiqarishda keng qo‘llanilishi natijasida keskin raqobatning kuchayishi «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv va biznes strategik rivojlanish yo‘nalishlari va vazifalari shakllanishida o‘z aksini topmoqda, jumladan, boshqaruvning zamonaviy jahon standartlaridan foydalanish va ilg‘or axborot texnologiyalari dasturlarini joriy qilish asosiy maqsad etib belgilangan. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati jahonda talabi yuqori bo‘lgan azot o‘g‘itlarini ishlab chiqarishni kengaytirmoqda va bu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va robotlashtirish, innovatsion texnologiyalardan foydalanishni asosiy maqsadiga aylantirgan. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati AKT sohasini rivojlantirish borasida, dastlabki bosqich davrida zavodlardagi asosiy ishi faqat kompyuter texnikasi va telefon aloqasini ta’mirlashdan iborat bo‘lgan AKT bo‘lin­malari zavod bosh priborist xizmatidan chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri zavod rahbariga bo‘ysunadigan maxsus boshqarmalarga aylantirildi. Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, axborot dasturlari va raqamli texnologiyalarni joriy qilish zavodlardagi AKT bo‘linmalarining bosh vazifasi etib belgilandi. Bu borada dastlabki yutuqlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati ishlab turgan video-selektor tizimidagi video-tizim axborot dasturi jamiyatning Axborot texnologiyalari boshqarmasi iste’dodli yetakchi muhandisi A. Axmedov tomonidan ochiq kodli axborot dasturlaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan. Shuningdek, mazkur xodim tomonidan korxonalardan yuboriladigan mahsulot ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha kunlik hisobot elektron axborot dasturi onlayn tizimi hamda jamiyat veb-sayti dizayni ishlab chiqildi. A.Axmedov tomonidan yaratilgan lo­yihalar amalga oshishini «Investitsion takliflar­ning ma’lumotlar bazasi» elektron axborot dasturi veb-tarmoq orqali  monitoring qi­linmoqda. Jamiyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha eng avvalo tashkiliy, tartibiy va texnik masalalar hal etildi, shuningdek, tegishli normativ hujjatlar qabul qilingan.

Kelajakdagi yangi ish o‘rinlari murakkab texnologik ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish va axborotlarni tahlil qilish sohalarida yanada o‘sish kutilmoqda, shuning uchun inson inte­lektual salohiyati va bilimini oshirish orqali mehnat unumdorli­gini yuksaltirish kimyo sohasining asosiy mezoniga aylandi, yuqo­ri malakali AKT sohasi va muhandislik mutaxassislariga bo‘lgan ta­lab keskin kuchaydi. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarning iqtisodiy o‘sishi uchun yangi ishlab chiqa­rishga xorijiy sarmoyalar va innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilish orqali mehnat unumdorligini oshirishni talab qiladi, bu vazifalarni AKT sohasidagi yuqori malakali kadrlar masalasi­ni hal qilmasdan, bajarib bo‘lmaydi. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati AKT sohasini rivojlantirishning birinchi bosqichida, kor­xonalarning inson kapitali salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy talablarga javob beruvchi AKT ta’limi va kasb­iy mutaxassisligini takomillashtirish, AKT xodimlarini qaytadan tayyorlash jarayo­niga katta e’tibor qaratdi.

2013–2015 yillar davomida, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan ilg‘or xorijiy va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda zamonaviy kompyuter texnika va axborot dasturlarini texnologik ishlab chiqarish jarayonlarida modellashtirish va boshqa­rish mavzularida seminar va video-onlayn taqdimotlar o‘tkazildi. Masalan, ERP dasturiy tizimini ishlash tamoyillari, interfeysi, ma’lumotlarni chuqur tahlil va prognoz qilish imkoniyatlari Germaniyaning axborot tizimlari ishlab chiqaruvchi SAP va Software kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida boshqaruv apparati va korxonalarimiz uchun bir qator video-seminar va taqdimotlar tashkil etildi. Shuningdek 1S va Microsoft Excel jadval bilan bog‘lanishi to‘g‘risida va axborot xavfsizligi mavzularida kurslar o‘tkazildi.

Bugungi kunda «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va «Elektron hukumat» markazi o‘quv kurslarida AKT xodimlarini qaytadan tayyorlash va o‘qitishni yo‘lga qo‘yganlar, bu esa zamonaviy talablarga javob beruvchi AKT mutaxassislarini yetishtirishga imkon yaratdi. Soha xodimlari har yili Kompyuter Savodxonligini Baholash Tizimi maxsus attestatsiyasidan o‘tkazilmoqda. Shu bilan bir qatorda, soha korxonalari Toshkent kimyo-texnologiyalari ins­titutini zamonaviy AKT texnik jihozlar bilan ta’minlamoqda, amali­yot o‘tkazishga imkon yaratmoqda va iste’dodli talabalarga ishlar taklif qilmoqdalar. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tar­kibidagi korxonalarda ish-tajribasini o‘rganish uchun amaliyot o‘tayotgan Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti talabalari zaruriy kasb mahoratini egallamoqdalar, zamonaviy kompyuter axborot dasturlari, modellashtirish, texnologik ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishni o‘rganmoqdalar. Bu raqobat ustivorligiga erishish kimyo sanoati uchun asosiy maqsad yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

«O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati AKT sohasini rivojlantirishning ikkinchi bosqichida, korxonalarda texnologik ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish uchun AKT infratuzilmasini yaratish, xususan, tegishli texnologik jihozlarni o‘rnatish va optik tolali kabellar yotqizish ishlari olib borildi. Masalan, soha AKT infratuzilmasini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2014-yil 3-apreldagi «Iqtisodi­yotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qi­lish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi PQ-2158-son Qaroriga mu­vofiq, «Maksam–Chirchiq» (2531,0 mln. so‘m), «Navoiyazot» (3277,5 mln. so‘m), «Ammofos–Maksam» (279 mln. so‘m), «Farg‘onaazot» (425,8 mln. so‘m) korxonalarida 2014–2015 yillarga mo‘ljallangan umumiy miqdori 6,1 mlrd. so‘m bo‘lgan 9ta loyiha amalga oshirilgan.

Bu loyihalarning asosiy strategik vazifa va maqsadlari — korxo­nalarda ishlab chiqarish jarayoni va boshqaruvining avtomatlashgan axborot tizimlarini yaratish hamda ishlab chiqarish jarayonini nazorat qiluvchi ma’lumot uzatish dispetcher-operator pultlarini zavodlar darajasida yagona axborot tizimiga bog‘lash uchun axborot texnologiyalari, dasturlari va tizimlarining infratuzilma bazasini yaratishga qaratilgan. Korxonalarda amalga oshirilgan lo­yihalar asosiy qismi boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirish, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari xarajatlarini qisqartirish, mahsulotlarni ishlab chiqarishga sarf­lanadigan vaqt miqdorini qisqartirish, ma’lumotlarni qayta ishla­shini tezlashtirish, ijro intizomi va ma’lumotlar aniqligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligi va nazoratini kuchaytirishga ko‘proq e’tibor qaratilgan.

ERP tizimini, ishlab chiqarish faoliyatiga joriy etilgunga qadar moliyaviy hisob tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, korxonalarda mavjud 1S: tizimidan foydalanish va bu orqali hisob tizimini yo‘lga qo‘yishni ta’minlash, ERP tizimini korxonalar faoliyatiga joriy etish oldidan chet el tajribasini o‘rganish bosh vazifa bo‘lib qolmoqda. «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati AKT sohasini rivojlantirishning uchinchi bosqichida, korxonalarda texnologik ishlab chiqa­rish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish ishlarini amalga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot dasturlarini tarmoqda joriy qilish orqali korporativ boshqaruv tizimini zamonaviy jahon standartlari darajasiga ko‘tarish asosiy maqsad etib belgilangan.

Bu strategik vazifani amalga oshirish uchun «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalardagi mavjud ishlab turgan boshqaruvning turli avtomatik elektron axborot tizimlari va ishlab chiqarish jarayonini nazorat qiluvchi ma’lumot uzatish dispetcher-operator pultlarini zavodlar darajasida yagona tizimga ulash, keyinchalik ularni jamiyat markaziy apparatining Yagona markazlashgan korporativ soha elektron tizimiga bog‘lash lozim. Shu vazifani bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Preziden­tining 2015-yil 4-martdagi «2015–2019 yillarda tarkibiy qayta o‘zgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalashni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi PF-4707-son Farmoniga kiritilgan 20 mln. AQSH dollari miqdoridagi «Soha holatini tizimini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini 2016–2020 yillarda joriy etish» (ERP-tizimini joriy qi­lish) loyihasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 1-avgustdagi «Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘grisida» gi PQ-2569-sonli Qaroriga kiritilgan qiymati 20 mlrd. so‘m miqdoridagi «Farg‘onaazot», «Navoiyazot» va «Rezinotexnika buyumlari zavodi qurilishi bo‘yicha direksiyasi» korxonalarida moliya-xo‘jalik faoliyatining monitoring qilish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim joriy etish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bu loyihalar kimyo korxonalarida texnologik ishlab chiqarish va boshqa biznes (moliya-xo‘jalik, omborxona, marketing-sotish, logistika, ta’mirlash) jarayonlarini kompyuterlashtirish va to‘liq avtomatlashtirish hamda onlayn rejimida ishlaydigan yagona yaxlit korporativ avtomatlashgan elektron axborot tizimiga integra­tsiyalashga qaratilgan. Loyihalar amalga oshishi natijasida istiqbol­dagi korxona faoliyati strategik rivoji va biznes-ish rejalarini rejalashtirish, ishlab chiqarish natijalarini hisobotini tahlil qilish elektron onlayn rejimda olib boriladi. ERP tizimi moliya mab­lag‘larini real jonli harakati holatini onlayn rejimda ochiq aniq va ravon ko‘rib turishga imkon yaratadi.

Korxona rahbari o‘z vaqtida aniq to‘g‘ri ma’lumot oladi, vaziyatni to‘g‘ri va tez baholaydi hamda javobgarlikni zimmasiga olib, to‘g‘ri strategik asosli korporativ qaror qabul qiladi va uning ijro­sini aniq nazorat qiladi. Korxonaning rahbari, uning o‘rinbosar­lari, shuningdek, markaziy apparat xodimlari har kuni sexdan va skladdan chiqqan mahsulotni to iste’molchiga yetib borguncha onlayn jonli rejimda kuzatib turadi, moddiy-texnik resurslardan oqilona foydalanishni elektron nazorati yaratiladi, Internet orqali iste’molchilar bilan doimiy muntazam aloqa yo‘lga qo‘yiladi. ERP tizimi tatbiq etilgandan keyin korxonada mehnat unumdorligi 3 foizga oshadi, korxonalar daromadi 5–7 foizga o‘sadi, mahsulot tannarxi 7 foizga arzonlashadi, zahiralar darajasi 20 foizga, ishlab chiqarish xarajatlari 5 foizga, operator sababchi bo‘ladigan avariya holatlari 40 foizga qisqaradi.

Xulosa qilib aytganda, «O‘zkimyosanoat» AJda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning ustivor yo‘nalishlari va strategik vazifalarini o‘z vaqtida amalga oshirish dolzarb masala bo‘lib hisoblanadi.

Muallif: Ravshan Soliyev, “O‘zkimyosanoat” AJ  axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq