Magistrlik dissertatsiyalari va bitiruv malaka ishlarini o‘xshashlikka tekshirishning axborot modeli
27.10.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Ulug‘bek Karimov, O‘ktam Karimov.
Respublikamizda «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalari (OTM) moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishi, ta’lim tizimida yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘quv rejalari va fan dasturlari chet el ta’lim muassasalarining o‘quv rejalari va fan dasturlari bilan taqqoslanib, kadarlar tayyorlashdagi ilg‘or tajribalar o‘zlashtirilmoqda. Ayni paytda, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari yosh pedagoglari chet el universitetlarida malaka oshirish va tajriba almashtirishda ishtirok etmoqdalar.
Raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda ta’lim sifatini baholash va nazorat qilish muhim omil hisoblanadi. Yuqori malakali kadrlar tayyorlashda talabalar tomonidan tayyorlangan bitiruv malaka ishlari (BMI) va magistrlik dissertatsiyalarining sifatli tayyorlanishi katta ahamiyatga ega. Bu borada rivojlangan chet el universitetlarining tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ilmiy ish (BMI va dissertatsiya) bilan shug‘ullanayotgan talabalar, o‘zlari tomonidan tayyorlangan ishlarni o‘zlari mustaqil ravishda «o‘xshashlikka» tekshirishlari va tekshiruv natijalariga qarab malaka ishi va dissertatsiya himoyasiga chiqishlari mumkin. Respublikamizning ko‘pchilik OTM bunday imkoniyat mavjud emas. Ayrim hollarda Internet tarmog‘idan ko‘pincha rus tilidagi materiallarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, BMI va dissertatsiya himoya qiladiganlar ham uchrab turadi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida, «ko‘chirmachilik»ning oldini olish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy-tadqiqotlarning originalligi fanga kiritilayotgan yangilik bilan bog‘liqdir. Tadqiqod ishlari mavzularining takroriy bo‘lmasligi va ilmiy g‘oyaning yangiligi hamda innovatsion yechimlar izlash BMI va magistrlik dissertatsiya(MD)larining sifatli bo‘lishini va tadqiqot o‘tkazilayotgan sohada, kichik bo‘lsada, ilmiy yangiliklarni kashf qilinishiga olib keladi.
Soha bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqodlarning eng sarasi bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik ishlarida aks ettirilgan bo‘ladi. Sababi talaba BMI yozishda yil davomida ishlab chiqarish korxonalarida o‘tgan amaliyotlarida olgan bilimlari va ilmiy rahbar ko‘rsatmalariga asoslanadi hamda ishlab chiqarishdagi o‘z yechimini kutib turgan dolzarb muammolarni o‘rganadi. Ularga yechimlar izlaydi. Maslahatchilardan kerakli topshiriqlar oladi. Natijada 4 yil olgan bilimini 50–80 betlik BMIda aks ettirib, tanlagan mavzusini himoya qiladi va mavzuda ko‘rsatilgan ishni bajara olish ko‘nikmasini hosil qilganini ko‘rsatib beradi. BMI yozishda talabaga OTMning yetuk mutaxassislari va ishlab chiqarish korxonalarining yirik mutaxassislari yaqindan yordam beradilar. Magistrlik ishini yozayotgan magistrantlarga esa 2 yil muhlat beriladi. Magistrant o‘zining ishida, amalga oshirayotgan loyihasini dunyo miqyosida tahlil qilishi uning amaliy jihatlariga ahamiyat berishi va ilmiy jihatdan yangilik darajasini ko‘rsatib berishi lozim. Magistrlik akademik darajasini olishda, magistrant tanlagan mavzusida maqola va tezislar e’lon qilishi, sohada o‘tkazilayotgan anjumanlarda qatnashishi maqsadga muvofiqdir. Magistrantlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida, olib borayotgan tadqiqod yo‘nalishi bo‘yicha loyiha yozib, fan sohasiga ajratilgan fondlardan maxsus grantlar olishlari yoki ushbu grantlarda qatnashishlari mumkin. Demak, mamlakatimizda talaba va magistrantlarga ilmiy-tadqiqod olib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.
Magistrlik dissertatsiyalari va BMI tayyorlash jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- Kafedra o‘qituvchilari va ishlab-chiqarish sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ishlab-chiqarish sohasidagi muammolar o‘rganiladi va tadqiqot mavzulari tanlanadi.
- Tanlangan mavzular kafedrada kafedraning yetakchi o‘qituvchilari tomonidan muhokama qilinadi. Bunda mavzularning takroriy bo‘lmasligi va uni avval qay darajada tadqiq qilinganligi aniqlanadi.
- MD va BMI elektron kutubxonasi ma’lumotlar bazasida avval shunday mavzu yoki shunga yaqin mavzu himoya qilingan yoki qilinmaganligi aniqlanadi.
- Kafedra umumiy yig‘ilishida MD va BMI mavzulari muhokama qilinadi va tasdiqlash uchun fakultet ilmiy kengashiga tavsiya qilinadi. Fakultet va universitet ilmiy kengashlarida tasdiqlangan MB va BMI mavzulari uning ijrochisi va ilmiy rahbarlari ko‘rsatilgan holda universitet rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
- MD va BMI tayyorlangach, ular dastlabki himoya jarayonidan o‘tadi.
- Dastlabki himoyadan o‘tgan MD va BMI tegishli kafedrada «Antiplagiat» tizimi yordamida «o‘xshashlikka» tekshiriladi va olingan natijaga qarab himoyaga tavsiya qilish masalasi hal qilinadi.
- Muvofaqiyatli himoya qilingan MD va BMI universitet ARM elektron kutubxonasiga joylashtiriladi va tegishli bibliografik ishlovdan o‘tkaziladi.
- MD va BMIlarning qog‘oz variantlari universitet ARMga topshiriladi.
1-rasm. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida BMI va MDlarning elektron kutubxonasi ma’lumotlar bazasining axborot modeli
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va ularning beshta filiali yagona Korporativ tarmoqqa birlashtirilgan (1-rasm) va universitet hamda uning filiallari ishtirokida Korporativ elektron kutubxona yaratishga imkoniyat tug‘dirilgan. Universitetda ishlab chiqilgan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi (ARMAT-U) universitet va uning filiallarini yagona Korporativ elektron kutubxonaga birlashtrishi kelajakda antiplagiat tizimini filiallarda ham ishlay olishini ta’minlaydi.
Bugungi kunda o‘xshash matnlarni aniqlovchi dasturiy vositalar anchagina. Shunday tizimlardan biri Toshkent axborot texnologiyalri universiteti proffessor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqildi va «APLIS» deb nom oldi. Ushbu dasturning ma’lumotlar bazasiga MD va BMIlarning elektron shakli 2013-yildan boshlab kiritila boshlandi. 2014–2015 o‘quv yilidan boshlab, dastlabki himoyaga tayyorgarlik ko‘rayotgan talaba va magistrantlarning ishlari tekshirilmoqda.
MD va BMI o‘xshashlikka tekshirishning birinchi axborot modeli
Tayyorlangan BMI va MD ilmiy rahbar va taqrizchilar tomonidan ko‘rib chiqiladi va dastlabki himoyaga tavsiya etiladi. BMI va MD dastlabki himoyadan o‘tgandan so‘ng ularning elektron shakli universitet ARM serveridagi elektron kutubxonalar ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. MD va BMI matnlari kafedraning o‘zida o‘rnatilgan «APLIS» dasturi asosida tekshiriladi. Ishlarni himoyaga qo‘yish yoki qo‘ymaslik masalasi kafedrada kommisiya xulosasi asosida hal qiladi.
MD va BMI o‘xshashlikka tekshirishning ikkinchi axborot modeli
Dastlabki himoyadan o‘tgan MD va BMI universitet bo‘yicha bir joyga to‘planib, ARM ning serveriga joylashtiriladi, kataloglashtiriladi va «APLIS» dasturi asosida «o‘xshashlikka» tekshiriladi. Bir joyga yig‘ilgan MD va BMIni kataloglashtirishga ko‘p vaqt sarflanadi. Qisqa muddatda 1500dan ortiq MD va BMI kataloglashtirish va «o‘xshashlikka» tekshirish ancha qiyin ish. Himoya qilingan vaqt va himoya to‘g‘risida davlat attestatsiya komissiyasining (DAK) xulosasi chiqadigan kun orasi juda qisqa. Ba’zi bir hollarda, shoshilinch xulosalar chiqarish oqibatida bir biriga o‘xshash BMI va MDlari tasdiqlanib ketishi mumkin. DAK xulosasi chiqqanidan so‘ng aniqlangan «o‘xshash» MD va BMIlarni bekor qilish ancha tashvishlar keltiradi.
MD va BMI o‘xshashlikka tekshirishning uchinchi axborot modeli
Universitetda MD va BMIning mavzularini yig‘ish, saralash, tizimlashtirish, kataloglashtirish hamda ularni «o‘xshashlikka» tekshirish bo‘yicha bo‘lim tashkil qilinadi. Bo‘lim fakultet dekanatlaridan MD va BMI mavzularini oladi, ularning takrorlanmasligini aniqlaydi. MD va BMI mavzulari tasdiqlangach bo‘lim xodimlari buyruq asosida MD va BMIning sarlavhasi, ilmiy rahbari, muallifi va boshqa bibliografik ma’lumotlarni tizimning elektron katalogiga kiritadi. Bunday holda kataloglashtirish jarayoni oktabr–noyabr oylarida asosan tugatiladi, ya’ni himoyaga bir necha kun qolganda shoshilinch ravishda, kataloglashtirishga hojat qolmaydi. MD va BMIni o‘xshashlikka tekshirish uchun ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar guruhlari tashkil qilinadi. Bo‘lim o‘xshash MD va BMI qanchalik o‘xshashligini aniqlash uchun ekspertlar guruhiga taqdim etiladi. Bo‘lim tomonidan aniqlangan o‘xshash MD va BMIlarining o‘xshashlik darajasini aniqlash ekspertlar guruhi zimmasiga yuklatiladi. MD va BMIning sifati bo‘yicha xulosani ekspertlar guruhi beradi. Ekspertlar guruhiga rahbarlik universitet o‘quv ishlari prorektori zimmasida bo‘ladi. Yangi tashkil qilingan bo‘lim MD va BMI mavzularini ishlab chiqishning tavsiyasi asosida bajarilishi nazoratini ham olib boradi. MD va BMI metama’lumotlar tizimga «mavzu ishlab-chiqarish tavsiyasi asosida bajarilganmi? — savoliga ham javoblarga ishlov berishi kerak.
Modellar tahlili
Birinchi model bilan ishlaganda, MD va BMI kataloglashtirish va «o‘xshashlikka» tekshirish vazifasi kafedraning o‘ziga topshiriladi, bunday hollarda kataloglashtirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yish, ba’zi bir ishlarni umuman elektron kutubxona ma’lumotlar bazasiga kiritmaslik hollari uchradi. Ayrim hollarda, talabalar tomonidan ishlarni o‘z vaqtida topshirmaslik hollari ham bo‘ldi. Bularning bari kafedralardagi ishlarni ko‘payishiga olib keldi. O‘xshashlikka tekshirish kafedrada ishlarni osonlashishiga emas, balki ko‘payishiga olib keladi. Qisqa muddatda elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ishlarni o‘xshashlikka tekshirish ko‘p vaqt oldi. Ikkinchi model asosida, ishlar tashkil qilinganda universitet bo‘yicha himoya qilingan barcha ishlar bir joyga yig‘ildi, kataloglashtirildi va o‘xshashlikka tekshirildi. Bunday holda universitet ARM 4 nafar xodim boshqa ishlardan ozod qilinib, faqat kataloglashtirish va tekshirish bilan shug‘ullandi. Ishlarni bunday tashkil qilinishi ham samara bermadi. Bir joyga yig‘ilgan katta hajmdagi elektron resurslarni qisqa muddatda kataloglashtirish va o‘xshashlikka tekshirish ko‘p vaqt oladi. DAK MD va BMI sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berish o‘z vaqtida bajarilmaydi. Natijada talaba universitetni tugallagandan so‘ng ham o‘xshash ishlar chiqib qolishi mumkin.
Uchinchi model bilan ishlar tashkil qilinganda, MBI va MDni kataloglashtirish o‘quv yilining boshlanganligi sababli kataloglashtirish jarayoni sifatli bajariladi, mavzularni avvalgi yillarda himoya qilingan ishlarning mavzulari bilan taqqoslab, ishlarni takrorlanishining oldini olishga imkoniyat yaratiladi. MD va BMIning elektron kutubxonasini o‘z muddatida shakllantiriladi. Bu esa o‘z navbatida, ishlarni o‘xshashlikka tekshirish va natijalarni DAK o‘z vaqtida taqdim qilishga imkon yaratadi. Joriy yilda himoya qilingan ishlar elektron kutubxona shakllantirilgach, bo‘lim xodimlari xronologik tartibda avvalgi yillarda himoya qilingan ishlarning bibliografik tavsif elementlarini va ishning annotatsiya hamda mundarijasini tizimning elektron katalogiga kiritiladi. MD va BMI hozirgi kunda faqat o‘zaro taqqoslanmoqda. Bo‘lim tomonidan universitet ta’lim yo‘nalishiga oid o‘quv adabiyotlari ham elektron shaklga o‘tkazilib elektron katalog bazasiga va «APLIS» dasturiga kiritilgach, ishlarni o‘xshashlikka tekshirishning doirasi kengayadi va talabalarning ilmiy-tadqiqotlarida o‘quv adabiyotlaridan qanday foydalanayotganligi aniqlanadi. MD va BMI ilmiy rahbari ham o‘zi himoyaga tavsiya qilayotgan ishlarni odilona baholashga ko‘mak oladi. Bularning barchasi talabalar tomonidan bajarilayotgan ilmiy-tadqiqotlarni yuqori saviyada bajarilishiga imkon beradi. Eng asosiysi, MD va BMI yozayotgan talaba universitetda ilmiy ishlarni «o‘xshashlikka» tekshiruvchi tizimning mavjudligini bilgach, «ko‘chirmachilik ko‘chasi»ga kirmaslikka harakat qiladi. Bu borada TATUda o‘tkazilayoygan tajriba fikrimizni isbotlamoqda.
Muallif: Ulug‘bek Karimov, TATU, axborot kutubxona tizimlari kafedrasi dotsenti, t.f.n.,
O‘ktam Karimov, TATU, axborot kutubxona tizimlari kafedrasi assisenti, magistr