Buyuk Britaniyada haydovchisiz avto Oxbotica ish boshladi
27.10.2016
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Oksford universiteti mutaxassislari tomonidan asos solingan Buyuk Britaniya startapi Oxbotica mamlakatdagi umumiy foydalanish yo‘llarida haydovchisiz avto prototipini sinovdan o‘tkaza boshladi.
Hozirgi vaqtda haydovchisiz avtomobillardan umumiy harakat yo‘llarida foydalanish imkoni mavjud emas, biroq ayrim mamlakatlarda ishlab-chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlab, cheklangan rejimda bo‘lsada, mazkur texnologiyadan yo‘llarda foydalanishga ruxsat etilgan. Oxbotica loyihasi Buyuk Britaniyada dastlabki haydovchisiz avto sinovi bo‘lib hisoblanadi. Sinov uchun haydovchisiz texnologiya platformasi sifatida Renault Twizy elektromobili yo‘lga qo‘yildi. Mashinani boshqarish uchun Oxbotica GPS ko‘rsatkichlarini qayta ishlovchi Selenium dasturiy ta’minoti, kamera va lidar bilan jihozlangan. Biroq avtomobil faqat atrof-muhitdagi obyektlar doirasida yo‘ldoshli signalsiz ham harakatlana oladi. Bunday boshqaruv avtomobilning yer osti yo‘llari va yer osti to‘xtash joylarida harakatlanishida muhim jihatdir.
Ishlab chiquvchilar murakkab vaziyatlarda tezlikni kamaytirib harakatlanishga ham e’tibor qaratganlar. Avvalgi sinovlar davrida avtomobil-robot faqat piyodalar yo‘laklaridangina harakatlangan edi.
Avtomobil o‘zining dastlabki imkoniyatlarini yoz faslida (avgust oyida) namoyish etgandi, endi esa Milton-Kinsdagi umumiy foydalanish yo‘llarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Mazkur sinovlar davrida qurilma 8 km/soat tezlikda avtonom harakatlanadi, rul boshqaruvi yonida xavfli vaziyat yuzaga kelib, zarurat paydo bo‘lsa, boshqaruvni qo‘lga olish maqsadida haydovchi kuzatib boradi.
Shuni ta’kidlash zarurki, mazkur sinov haydovchisiz yo‘lovchi tashuvchi LUTZ Pathfinder kapsulasi loyihasining bir qismi bo‘lib hisoblanadi. Agar test natijalari ijobiy bo‘lsa, Selenium tizimi Milton-Kins va Koventri ko‘chalari bo‘ylab harakatlanadigan 40ta haydovchisiz LUTZ kapsulasiga o‘rnatiladi. Ularning tezligi 24 km/soat bo‘ladi.
E’lon qilingan robotics.ua ma’lumotlariga ko‘ra, ilgari Buyuk Britaniyadagi sug‘urta kompaniyalaridan biri avtonom avtomobil egalari uchun sug‘urta taklifini ishlab chiqqandi. Unda avtomobil yo‘lda zararlangan holat yuzaga kelsa, ishlab chiqaruvchi tomonidan noto‘g‘ri o‘rnatilgan dasturiy ta’minoti yangilangunicha — 24 soat mobaynida zarar xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgandi. Mazkur sug‘urta ishlab chiqaruvchi dasturiy ta’minotidagi nosozlik sababli navigatsiya tizimiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan yo‘ldosh bilan aloqani yo‘qotilishi sababli sodir bo‘lgan yo‘l harakati hodisalarida ham zararni qoplaydi.