Arxivlar – axborot makonining faol ishtirokchisi
27.10.2016
Rukn: Internet.
Muallif: Adhamjon Usmonov.

arxiv_27_10_2016

Bugungi kunda demokratik davlat qurish hamda fuqarolik jamiyatini barpo etishda fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari fao­liyatidan xabardor etish, jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yanada shakl­lantirish, ayniqsa, ochiqlik, qulaylik, xolislik va tezkorlik kabi tamoyillarga asoslangan holda kunning istalgan vaqtida va istalgan joyidan turib, axborotga «tashnalik»ni qon­dirish masalasi XXI asr, ya’ni axborot-texnologiyalari asrining asosiy talabi, davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shu darajada taraqqiy etib, quloch yozib bormoqdaki, pirovardida, hech bir soha uning tezkor, qulay va samarali natijasidan bebah­ra qolayotgani yo‘q. Arxiv ishi sohasidagi faoliyatni tashkil etish va boshqarishda 2010-yil 15-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 3-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini boshqarishni yanada takomil­lashtirish to‘g‘risida»gi qarori hamda boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Sohada yaratilgan mukammal qonunchilik tizimi arxivlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustah­kamlash, elektron arxiv fondlarini yaratish, hujjatlarni qayta tiklash hamda raqamlash­tirishning zamonaviy uskunalari bilan ji­hozlashda yangi istiqbollarni ochmoqda.

So‘nggi yillarda respublikamizning barcha hududlarida 22ta yangi zamonaviy davlat arxivi binolari qurib, foydalanishga topshirilgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Bundan tashqari, 5ta davlat arxivi binosi to‘liq rekonstruksiyadan chiqarildi. Eng muhimi, ular zamonaviyligi, eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ji­hozlangani bilan ajralib turadi. Amaliyotga izchillik bilan tatbiq etilayotgan shu kabi sa’y-harakatlar tufayli davlat arxivlarining sig‘imdorligi 2,5 million saqlov birligiga ortdi. Ularga qo‘shimcha ravishda, 1,1 million saqlov birligida hujjatlar qabul qilishga erishildi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston tarixiga oid 3,7 mingdan ortiq tarixiy, ilmiy, siyosiy, madaniy hujjatlarning nusxalari olib kelindi.

Darhaqiqat, arxivlar — buyuk tariximiz ko‘zgusidir. Ularda xalqimiz bosib o‘tgan shonli o‘tmish, bugungi dorilamon kunlari­mizdan guvohlik beruvchi hujjatlar jamuljam. Demakki, ularni kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazish soha mutaxassislarining eng birinchi vazifasidir. Shundan kelib chiqib, 2008-yildan boshlab barcha davlat ar­xivlarida asl hujjatlarning umrini uzaytirish maqsadida, alohida qimmatli hujjatlarning elektron nusxalarini yaratish ishlariga ki­rishildi. Hozirga qadar 417 ming saqlov birligidan ortiq, shu jumladan, 3,6 million qog‘oz asosdagi, 205 ming foto, 1600 kino, 2400ta fono arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilib, jami davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli hujjatlar­ning 35% elektron formatga o‘tkazildi.

arxiv_27_10_2016_1

Bugungi kunda axborot olishga bo‘lgan ehtiyoj tobora oshib borayapti. Mazkur jara­yon arxivlar faoliyatini rivojlantirishda yangicha yondashuvni talab etmoqda. Shu ma’noda, mavjud arxiv muassasalarining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanishiga katta e’tibor qaratilyapti. Bu esa ish samaradorligini oshi­ribgina qolmay, hujjatlarni sifatli va uzoq muddatga saqlash imkoniyatini bermoqda. Shuning bilan birga, aholining arxiv hujjatlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida www.archive.uz sayti muntazam faoliyat yuritmoqda. Ushbu saytda «Xizmatlar» va «Interaktiv xizmatlar» turkumlarida fuqarolarga arxiv muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga oid keng ko‘lamli ma’lumotlar havola qilingan va aholiga onlayn-qabulxona hamda ishonch pochtasiga murojaat etish sharoitlari yaratilgan. Fuqarolarga Yagona davlat interaktiv xizmatlari orqali ham yaqindan ko‘mak berilayapti.

O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlari, Toshkent shahar va Sirdaryo, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlari davlat arxivlarida joriy etilgan zamonaviy axborot (sensorli) kiosklarining elektron bazalari yanada kengaytirilib, davlat arxivlarida saqlanayotgan 50 753ta korxona, tashkilot va muassasalarning shaxsiy tarkib hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirildi. Bu kabi qulayliklar tufayli davlat arxivlari o‘quvxonalarida arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar va qiziquvchilarning soni tobora ortmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 31 400dan ortiq hujjat foydalanuv­chilar tomonidan o‘quvxonalarida ko‘rib chiqilgan. Fuqarolarning 190 000dan ortiq ijtimoiy-huquqiy so‘rovlariga javob qaytarilgan. Shuningdek, arxiv sohasining barcha jabhalariga axborot-kommunikatsiya tizimini joriy qilish natijasida kundan-kunga fuqarolardan kelib tushayotgan so‘rovlarning sonida o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. O‘z navbatida, ularning murojaatlariga tezkor, qulay va o‘z vaqtida javob qaytarilishi arxiv muassasalari bilan fuqarolarning o‘rtasida o‘zaro va ishchan aloqalar mustahkam­lanishiga zamin yaratmoqda. Jumladan, 2016-yil 9 oyi davomida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ijtimoiy-huquqiy mazmundagi, xususan, mehnat faoliyati va ish haqini tasdiqlash, o‘quv muassasalarida o‘qiganlikni tasdiqlash hamda mukofotlanganlik to‘g‘risidagi arxiv ma’lu­motnomalarini berish bo‘yicha 1 316ta so‘rovlar qabul qilinib, ijrosi ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2015-yilning shu davriga nisbatan qariyb, 30 foizga oshganligini kuzatish mumkin.

arxiv_27_10_2016_2

2016-yil III choragi davomida esa jismoniy va yuridik shaxslardan 302ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 180tasi my.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmati portali orqali qabul qilingan. Ushbu raqamlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, mazkur ko‘rsatkichlar 2015-yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p kelib tushgan bo‘lib, ijrosi ta’minlangan. 2016-yilning o‘tgan ICTWEEK Uzbekistan — 2016 davomida qayd etilishicha, arxiv muassasalari davlat soliq va bojxona qo‘mitalaridan so‘ng murojaat etuvchilarga eng ko‘p elektron xizmat ko‘rsatayotgan sohalar qatoridan joy egal­lagan. Arxiv sohasini isloh qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari muhim yo‘nalishlardan biri deb hisoblanmoqda. Arxiv sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida joriy yilning sentabr oyida O‘zbekiston arxiv sohasi vakillari Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘ldilar. Koreya Respublikasi arxiv muassasalari faoliyati o‘rganilar ekan, birinchi navbatda, ko‘rsatilayotgan elektron interaktiv xizmatlar, ularning tur­lari va shakllariga katta e’tibor berildi. Mazkur xizmat safari davomida o‘rganilgan taj­riba respublika arxiv muassasalarida ommalashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, arxiv ishi sohasini yanada rivojlantirish va istiqboldagi rejalarni samarali amalga oshirishda bugungi kun, XXI asr talabi bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq jalb qilish masalasi ustuvor vazifa, hal qiluvchi omilga aylandi, desak mu­bolag‘a bo‘lmaydi. Arxivlar bugungi axborot makonining tom ma’nodagi faol ishtirokchisiga aylanib, jismoniy va yuridik shaxslar bilan tezkor, qulay va shaffof bo‘lgan interaktiv aloqalarni axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirsa, reja qilgan natijalardan ham ko‘p­rog‘iga erishishi muqarardir, chunki axborotlashgan jamiyat qurishning asosiy maqsadi va vazifasi ham shu kabi omillarga tayanishi barchamizga ayon!

Muallif: Adhamjon Usmonov, “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq