Diktant.uz — yozma savodxonlik bo‘yicha aksiya
22.10.2016
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: Zumrad Shadjalilova.

UZINFOCOM Markazi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda mamlakatimizdagi bir qator universitet, institut, tashkilotlar hamkorligida 1989-yil 21- oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 27 yil to‘lishi munosabati bilan, o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylik – o‘zbek tilining vorislari sifatida ona tilini asrab-avaylash, uning nufuzini yanada oshirish maqsadida Diktant.uz – yozma savodxonlik bo‘yicha aksiya o‘tkaziladi.

Diktant.uz aksiyasi – aholi, ayniqsa yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish hamda o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishga qaratilgan ta’limiy aksiya hisoblanadi. Mazkur aksiyada ishtirok etish yoshi chegaralanmagan bo‘lib, unda o‘zbek tilida yozishni biladigan barcha xohlovchilar diktant yozish yo‘li orqali imlo savodxonligi bo‘yicha o‘z bilimlarini tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Aksiya 2016-yil 29-oktabr kuni soat 15-00 da, bir paytning o‘zida quyidagi manzillar bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • Aloqa tarixi muzeyi (Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 28-a uy);
  • Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti (Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 25-uy);
  • Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (O‘zbekiston milliy universiteti binosida, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet-4 ko‘chasi);
  • O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti (Uchtepa tumani, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, G-9 a mavzesi, 21-a uy).

Aksiyada ishtirok etish istagida bo‘lgan xohlovchilar www.diktant.uz saytida oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari maqsadga muvofiq.

Tel: 238-4226, 239-44-56

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq