Elektron xizmatlar: son ham, sifat ham oshmoqda!
18.10.2016
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

gtk_18_10_2016

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016-yilning 2 yarim yilligi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot-anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq “Bojxona organlari tomonidan Internet tarmog‘i orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar” mavzusida videokonferensiya tarzida matbuot-anjumani o‘tkazildi. Unda nafaqat markaziy ommaviy axborot vositalari, balki videoaloqa vositasida mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishdi.

Tadbirda jurnalistlarga Davlat bojxona qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi A.Saidov mavzu yuzasidan ma’ruza qildi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berdi.

Ta’kidlanganidek, Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida milliy bojxona xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal sur’atlarda joriy etish, interaktiv elektron xizmat turlarini ko‘paytirish borasida sa’y-harakatlar muntazam davom ettirilmoqda.

gtk_18_10_2016_1

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida “bojxona posti – hududiy bojxona boshqarmasi – Davlat bojxona qo‘mitasi” zanjiri bo‘yicha axborotlarni real vaqt miqyosida yig‘ish, nazorat va tahlil qilish, qayta ishlashga mo‘ljallangan bir qator tizimlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan. Bir-biriga integratsiyalangan mazkur tizimlar ish faoliyatida Davlat bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari (YaAAT) deb yuritiladi va mazkur tizim orqali bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga kelib, bojxona organlari faoliyatiga jami 35ta avtomatlashtirilgan axborot tizimlari joriy etilgan, shundan 22tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, qolganlari ichki idoraviy axborot tizimlari hisoblanadi. Ushbu axborot tizimlarining yaxlit majmuasi bojxona to‘lovlari undiruvchanligini oshirish, rasmiylashtiruv jarayonlarini soddalashtirish, tovar va transport vositalari ustidan bojxona nazoratini tashkil etish, ehtimoliy xatoliklarning oldini olish va TIF qatnashchilariga qulayliklar yaratishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

gtk_18_10_2016_5

Tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruviga doir bir qator yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida, DBQ veb-saytida hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 16 turdagi interaktiv xizmatlar amaliyotga joriy etilgan. Xususan, “Tovarlarni elektron deklaratsiya qilish” interaktiv xizmati tashqi savdo ishtirokchilari va deklarantlar uchun qulayliklar yaratadi, o‘z ish joylaridan turib, bojxona yuk deklaratsiyalari va unga ilova hujjatlarni elektron tayyorlash va Internet orqali bojxona organlariga taqdim etish imkonini beradi.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2013-yilda tadbirkorlar tomonidan 1 mlrd. 229 mln. so‘m miqdorida mablag‘ bojxona yuk deklaratsiyalarining qog‘oz blankalariga sarflangan bo‘lsa, 2014-yilda boshlab bu yo‘nalishdagi xarajatlariga barham berildi. Shuningdek, import tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni 8,5 kundan 1,8 kunga, yoki 4,7 martaga qisqardi. Hujjatlarini elektron taqdim etish natijasida tadbirkorlar tomonidan har yili 60 tonnaga yaqin qog‘oz iqtisod qilinmoqda.

2013-yilda jami bojxona yuk deklaratsiyalarining 39,2% elektron tarzda taqdim etilgan bo‘lsa, 2016-yil 9 oyligida bu ko‘rsatkich 99,9 foizga yetdi. Eng ommalashgan interaktiv xizmat turlaridan biri bu – tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha ma’lumotlarni elektron shaklda taqdim qilish bo‘lib, tadbirkorlar endilikda shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni bojxona postiga qog‘oz ko‘rinishida olib kelishlariga hojat qolmadi. Raqamlarga murojaat qilsak, 2015-yilda jami shartnomalarning 99,9 foizi ya’ni 137 000 dan ortiq shartnoma va ularga qo‘shimcha bitimlar elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Joriy yilning 9 oyida esa bu ko‘rsatkich 76,7 mingdan oshdi.

“Bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtiruv dalolatnomasini shakllantirish” interaktiv xizmati TIF qatnashchilariga bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini o‘z ish joylarida o‘tirib bojxona organlariga tashrif buyurmasdan, ortiqcha qog‘oz xarajatlari va vaqtlarini sarf qilmasdan, on-layn tarzda real vaqt maboynida PDF formatida yuklab olish imkoniyatini beradi.

Natijada mazkur hujjatni olish 2014-yilda 5 mingdan ortiq, 2015-yilda 8 mingdan ortiq, 2016-yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida esa 12 mingdan ortiq tadbirkor bojxona organlari eshigida navbat kutishdan qutulib, elektron tarzda dalolatnomalarni olganlar.

Ma’lumki, o‘tgan yilning 1-dekabridan boshlab, “O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini avtomobil transportida olib o‘tishda yuk tashuvchilar tomonidan oldindan ma’lumot taqdim etish” interaktiv xizmati joriy etilgan edi. Mazkur xizmat turi ham tadbirkorlarimiz orasida ommalashib, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida tadbirkorlarimiz tomonidan bojxona organlariga 77 mingdan ortiq ma’lumotlar oldindan elektron tarzda taqdim etildi, bu chegaradan o‘tgan jami yuk tashuvchi avtotrasport vositalarining 84,8 foizini tashkil etdi.

gtk_18_10_2016_2

Ta’kidlash joizki, bojxona organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlarning reytingi hamda undan foydalanuvchilar soni ham keskin ortib bormoqda, xususan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar reytingida oxirgi 3 oy davomida Davlat bojxona qo‘mitasining 4ta interaktiv xizmati birinchi 10talikdan o‘rin olgan bo‘lib, ulardan 2tasi 1 va 2-o‘rinlarni egallab turibdi. Birgina sentabr oyida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi Davlat bojxona qo‘mitasi interaktiv xizmatlari orqali 29,6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ular shu oyda portalga kelib tushgan jami murojaatlarning 73,2 foizini tashkil etmoqda.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan ICTWEEK Uzbekistan 2016 Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi natijalariga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat interaktiv xizmatlarini joriy etish nominatsiyasi bo‘yicha respublikada 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

gtk_18_10_2016_3

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4848-son Farmoni bilan bojxona organlari zimmasiga yuklangan vazifa va topshiriqlar yuzasidan ham so‘z yuritildi. Ushbu Farmon bilan tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarlarning eksporti bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bojxona organlarida hisobga qo‘yish tartibi 2017-yil 1-yanvardan boshlab bekor qilindi.

Amaldagi tartib bo‘yicha eksport shartnomalarining bojxona organlarida hisobga qo‘yish tartibi majburiy tarzda amalga oshirilgan bo‘lib, bundan shartnoma va bir qator hujjatlar bevosita bojxona organlariga olib kelinar edi. Masalan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 6,2 mingdan ortiq eksport shartnomalari bojxona organlarida hisobga qo‘yilgan. Endilikda tadbirkorlarimiz eksport shartnomalariga doir ma’lumotlarni yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimiga kiritadilar.

gtk_18_10_2016_4

Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga asosan tovarlarni eksport bojxona rejimiga rasmiylashtiruvini belgilangan joylardan boshqa joylarda amalga oshirganlik uchun undiriladigan bojxona yig‘imini 2 barobarga kamaytirish nazarda tutilgan. Shuningdek, 2017-yil 1-martdan boshlab bojxona organlariga taqdim qilinadigan tovarning kelib chiqishi sertifikati, fitosanitariya, ekologik, santiariya-epidemiologik xulosalarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subyektlariga ruxsat beruvchi tartib-taomillardan o‘tish jarayonini interaktiv kuzatish imkonining beradigan “Yagona oyna” idoralaro axborot tizimini to‘liq joriy qilish belgilangan.

Tadbirda bu yo‘nalishda kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan reja va loyihalar yuzasidan ham axborotlar berildi. Anjuman davomida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq