Ta’lim sifatini ta’minlashda ommaviy onlayn ochiq kurslardan foydalanish
05.10.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zuhra Otakuziyeva.

Jahonning barcha oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati, ya’ni sifatli kadrlar tayyorlash hamma vaqt ham dolzarb masala bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Sifat masalasi, ayniqsa, XX asrning oxiri va XXI asr boshlarida yana ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Istiqlolning ilk kunlaridan boshlab yurtimizda ta’lim sohasiga yuksak e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatiga tobora keng kirib borayotgan bir sharoitda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiyalash, jumladan, ta’lim jara­yonida rivojlangan mamlakatlar­ning il­g‘or tajribalaridan keng foydalanilmoqda. Ta’lim tizimini isloh qilish va sifa­tini oshi­rish maqsadida uning normativ-huquqiy bazasi shakllantirildi, jumladan, Respublika­mizda «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qi­lishda O‘zbekiston Respublikasi Bi­rinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlagan­laridek, «…shuning uchun ham amaldagi ta’lim-tarbiya tizi­mining zaif tomonlarini, zamon talablari, jamiyatimiz kelajagi va maqsadlariga javob bermaydigan jihatlarini chuqur tasavvur qilish, erkin, badavlat yasha­yot­gan mamlakatlar tajribasini o‘rganish, o‘z o‘lkamizda yuksak malakali, har jihatdan yetuk kadr­lar tayyorlash dastu­rimizning aso­siy sharti bo‘lmog‘i lozim» [1–4].

Globallashuv, axborotlashtirish jadal borayotgan sharoitda, xalqaro maydonda o‘zini oqlagan ta’lim modellarida ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan usullarni o‘rganish va ularni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish bo‘yicha izlanishlarni amalga oshirish hozirgi kunda, ayniqsa, dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

OOOK — bu ommaviy ochiq onlayn kurslar (ingliz. — Massive Open Online Course, MOOC) bo‘lib, ular jahonning yetakchi universitetlari tomonidan Yer kurrasining istalgan nuqtasida bo‘lgan har qanday insonga masofaviy texnologiyalar yordamida professor-o‘qituvchilar va yuz minglab talabalar (kurs tinglovchilari)ga erkin muloqotni tashkil qilish imkoniyatini beruvchi akademik kurslarni taqdim etadi.

OOOKning siri nimadan iborat? Nima uchun bunday noodatiy ta’lim turi ommalashib, shiddat bilan rivojlanib bormoqda? Ushbu savollarga javob berishga harakat qilib ko‘ramiz. Tarixga nazar solsak, OOOK atamasi 2008-yilda AQSHda paydo bo‘lib, ammo hozirgi ta’lim OOOK yo‘nalishiga 2011-yilda Stenford shahrida yaratilgan Coursera asos solgan va u dastlab AQSHning uchta yirik universitetlarining ochiq re­surslarini birlashtirdi, 2012-yilda Time jurnali fikriga ko‘ra, eng yaxshi ta’lim sayti bo‘lgan. Faqatgina birinchi yarim yil ichi­da loyihada ishtirok etish uchun 1 mln.ga yaqin tinglovchilar a’zo bo‘ldilar, 2015-yil martda Courserada deyarli 12 mln. foydalanuvchilar (2015-yil 15-martda — 11 937 678 kishi) ro‘yxatdan o‘tib, Course­raning 116 hamkori taqdim etgan 984 kursda o‘qidilar [5].

2013-yildan boshlab, butun dunyoda, ko‘pgina oliy ta’lim rivojlangan mamlakatlarda OOOKga bo‘lgan qiziqish keng tarqa­lib ketdi. Shubhasiz, bu soha 15 OOOK-maydonchalar (Coursera, EdX, Udacity va boshqalar) va millionlab tinglovchilarga ega AQSHda yaxshi rivojlangan. O‘zining OOOK maydonchalarini Germaniya (Iversity) va Ispaniya (Crypt 4 you), Buyuk Bri­taniya 12ta oliy ta’lim muassasasidan iborat Futurelearn, Yevropa Ittifoqi Open up Ed (11 universitet) ittifoqlarini yaratdilar [6].

OOOKning keng tarqalishi masofaviy texnologiyalardan maksimal foydalangan holda yangi ta’lim paradigmasining shakllanishiga va yagona transmilliy axborot-ta’lim muhiti yaratilishiga olib keladi. Ho­zirda Coursera loyihasi ishga tushirilgandan boshlab elektron ta’limning mashhurligi nihoyatda oshib ketdi. Shu bilan birga, onlayn-kurslarning sifati ham oshgan, uzluksiz ra­vishda, texnologiyalar takomillashib bor­moqda, materialni o‘zlashtirish va foydala­nish uchun qulay bo‘lgan universal virtual muhitni yaratishga yordam beradigan turli ilovalar va platformalar ishlab chiqilmoqda. OOOK loyihalariga ishonchlilik va ahamiyatlilikning ortishi jahonning yetakchi universitetlari bo‘lgan Masachusets texno­logik, Stenford, Garvard va boshqalar­ning ishtiroki natijasida sodir bo‘layapti. Shuni ham aytib o‘tish joizki, OOOK haqida fikr­larning har xilligiga qaramay, onlayn-kurslar ommalashib bormoqda. OOOKning uch–to‘rt yillik faol tarqalishi bir necha o‘nlab, hatto minglab kishilardan iborat auditoriyani to‘plash kabi shov-shuvli natijalarga olib keldi. O‘zining bepulligi tufayli ommaviy va ochiq bo‘lgan yetakchi jahon universitetlarining kurslari bo‘yicha o‘qish hozirda haqiqatga aylandi, bu esa millionlab insonlar uchun yuqori saviyada uzluksiz ta’limning rivojla­nishini ta’minladi hamda katta mablag‘ bo‘lmagan to‘lovlar evaziga imtihonlarni topshirib yoki yakuniy topshiriqlarni bajarib, sertifikat olishga imkoniyatlar yaratildi.

Onlayn-kurslarda o‘qish natijalarini hisobga olish bo‘yicha harakatlar AQSHda kuzatilmoqda. U yerda 2013-yilda Amerika ta’lim kengashi universitetlar mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va AQSH kollej­larida hisobga olish uchun tavsiya qilingan 5ta kursni ma’qulladi. Kurslar yakunida real vaqtda videokonferensiya rejimida akkreditatsiyadan o‘tgan imtihon xizmati yordamida onlayn-imtihon o‘tkaziladi. Yevrokomissiya ham VMPass loyihani virtual mobillik va ochiq ta’lim resurlari bo‘yicha o‘qishni, onlayn-mashg‘ulotlarni real mashg‘ulotlarga tenglashtirish, OOOK bo‘yicha attestatsiya natijalarini rasmiy o‘qish dasturlariga, shu bilan bir qatorda, universitet dasturlariga ki­ritishni qayta hisoblash imkoniyatini beruvchi o‘qish pasporti yordamida tan olinishini ma’qulladi. Loyiha onlayn-ta’limni an’anaviy ta’limga tenglashtirish va ularning diplomlarini teng ahamiyatli qilishni taklif etadi.

Xulosa qilib aytganda, ta’limni moder­nizatsiya va isloh qilish jarayonlari oliy ta’lim tizimida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu yerda dars berish jarayonida yangi texnologiyalar ta’lim sifatini oshirish maqsadida, doimiy ravishda joriy etib borilishi zarur. O‘z-o‘zidan ravshanki, ta’lim tizimini isloh qilish jarayoni mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning zaruriy omili hisoblanadi va doimiy xarakterga ega bo‘ladi. Bu jarayonda, oliy ta’lim sifatini ta’minlashda ilg‘or xorijiy tajribalar va modullarni tatbiq etish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishi juda muhimdir.

Adabiyotlar

  1. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: Ma’naviyat, 2008.
  2. Islom Karimov. O‘zbekiston mustaqil­likka erishish ostonasida. — T.: O‘zbe­kiston, 2011.
  3. Islom Karimov. «O‘rta asrlar sharq al­lomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ochilish marosimida so‘zlagan nutqi. — T.: «O‘zbe­kiston», 2014.
  4. Islom Karimov. Ona yurtimiz baxtu iq­boli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qi­lish — eng oliy saodatdir. — T.: 2015.
  5. На Coursera появились русскоязыч­ные курсы. Лента.ру (Режим доступа 24 октября 2013) http://lenta.ru/news/2013/10/24/coursera.
  6. Артеменко В. Б. МООС и мониторинг качества жизни населения регионов Украины // Международный электрон­ный журнал «Образовательные тех­нологии и общество» (Educational Technology & Society) 2014, том 17, №1, С. 374–384. http://ifets.ieee.org/russian/periodical/izgurn.htm.
  7. Hodiyev B. «Kadrlar tayyorlash milliy tizimining yuksak samaralari». http://nauka.uz/yangiliklar/ta’lim-yangiliklari/408-kadrlar-tayyorlash-milliy-tizimining yuksak-samaralari.html. (Дата обращения: 23 октября 2015).
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq