O‘zaro hamkorlik – yangi imkoniyatlar kaliti
05.10.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Mohira Abdullayeva.

oz_5_10_2016

Mуzeylar o‘tmish qadriyatlarini saqlab, kelgusi avlodga tanishtirib borishdek muhim vazifani amalga oshiruvchi madaniy maskandir. Hozirgi davrdagi ochiq axborot jamiyati sharoitlarida muzeyning asosiy vazifalari qatoriga nafaqat o‘z jamlanmalaridagi asori-atiqalarni saqlash, asrab, kalajak avlodga yetkazish, balki mazkur madaniy mahsulotlarni innovatsion, yangi axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, tashrifchilar uchun zamonaviy qulayliklarni taqdim etib, namoyish qilish ham muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. Bu bilan zamonaviy muzeylarning yangi obrazi yaratiladi. Muzey barcha uchun: zamonaviy yoshlarning ham, qadriyatlarni e’zozlovchi katta avlod vakillariga ham birdek ochiq va qulay madaniyat maskaniga aylanishi bilan tashrifchilarni o‘ziga jalb etadi.

Bundan tashqari, muzey madaniy merosni shunchaki saqlovchi hamda namoyish etuvchi obyektgina emas, turli zamonaviy g‘oyalar tatbiq etilgan hamkorlik muhiti hamdir. Shu sababli ham bugungi kun muzeylari kommunika­tsiyalar maydoniga ham aylana boshladi. Zamonaviy muzeylar ish faoliyati ularning ta’lim tizimi, fan va madaniyatning turli sohalari rivojidagi roli, o‘sib kelayotgan avlod tarbiyasiga ta’siri doimiy ravishda, ortib borayotganligidan guvohlik bermoqda. Muzeylar yoshlarning tarixiy ongi, vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘usi shakllanishida muhim o‘rin tutadi.

Ma’lumki, bugungi kunda ta’lim zamon ruhiga mos bo‘lishi va davr talablariga ja-vob berishini ko‘zda tutib, uning yangi-yangi modellari yaratilmoqda. Ta’limning ilmiy-nazariy asoslari ilmiy-amaliy jihatdan ochib, ko‘rsatib berilishiga hamda hayotga tatbiq etilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim jarayonida shaxsni, uning yuksak ma’naviy fazilatlarini kamol toptirish, milliy istiqlol mafkurasi asosida shakllantirish, yosh avlodni boy madaniy hamda tarixiy qadriyatlarga hurmat, Vatanimizga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash talablari muhim vazifalardan bo‘lib hisoblanadi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda madaniyat maskanlari bo‘lgan muzeylar ham muhim o‘rin tutadi.

oz_5_10_2016_1

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Ta’lim O‘z­bekiston xalqi ma’naviyatiga yaratuvchanlik faolligini baxsh etadi. O‘sib kelayotgan avlodning barcha yaxshi imkoniyatlari unda namoyon bo‘ladi, kasb-kori, mahorati uzluksiz takomillashadi, katta avlodlarning dono tajribasi anglab olinadi va yosh avlodga o‘tadi». (Islom Karimov. O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li. — T.: «O‘zbekiston» 1992-yil, 78-bet).

Hozirgi davr ilmiy-texnik taraqqiyot sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa turli sohalar bilan bir qatorda, madaniyat sohasiga, xususan, muzeylar faoliyatiga ham yangi-yangi texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda. Shu boisdan, ta’lim mu­assasa­lari va muzeylar tomonidan o‘zaro hamkor­likda ish olib borilishi muzeylarga o‘quvchi-yoshlarning qiziqishlarini oshirishga xizmat qilishi bilan birga, o‘sib kelayotgan avlod­ning yangicha g‘oya va fikrlarini muzeylar rivojiga yo‘naltirish imkoniyatini ham vujudga keltiradi.

Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi» faoliyatida ham aloqa sohasidagi turli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, muzeyning ish faoliyati boshlangan ilk yillardanoq oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bunda eng asosiy e’tibor yoshlarning o‘zlari o‘rga­nayotgan sohaning sir-asrorlarini chuqur anglab yetishlariga yordam berish maqsadida, uning tarixini o‘zida gavdalantiruvchi eksponatlar bilan tanishtirish bilan bir qatorda, muzey zallarida sohaga oid o‘quv seminarlarini tashkil etish, talaba yoshlar­ning amaliy ko‘nikmalarini o‘stirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, shahrimizdagi oliy ta’lim muassasalarining informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarning ham salohiyatidan keng foydalanish maqsadida boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan ham o‘zaro ham­korlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universitetining informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishi va kafedrasi bilan 2014-yilda o‘zaro hamkorlik shartnomasi tasdiqlangan.

oz_5_10_2016_2

Mazkur o‘rnatilgan hamkorlik doirasida, Toshkent Islom universiteti informatika kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomoni­dan muzey sohasiga axborot texnologiya­larini joriy etish maqsadida, bir necha takliflar bildirilgan bo‘lib, ular asosida bitiruvchi talabalar tomonidan talabalarning bitiruv malakaviy ishi mavzulari bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar bajarilmoqda. Mazkur hamkor­lik doirasida muzey faoliyati hamda unga tashrif buyuruvchilarimiz uchun muhim ahamiyat kasb etayotgan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

  • 2014-yilda o‘qituvchi Zuhra Xodji­muratova rahbarligida bitiruvchi Yul­duz Jo‘rayeva Muzey pedagogikasi yo‘nalishida «Muzey interaktiv ish varag‘i» dasturi ustida ish yuritdi va uni www.aloqamuzeyi.uz saytiga muvaffaqiyatli joylashtirishga muyassar bo‘ldi.
  • 2015-yilda Toshkent axborot texnolo­giyalari universitetining o‘qituvchisi Aziz Ashurov rahbarligida bitiruvchi Abdulatif Yusupov va 2-kurs talabasi Abrorxon Mahmudovlar O‘zbekiston muzeylari faoliyatiga ilk marotaba joriy etish uchun mo‘ljallangan hamda «Aloqa tarixi mu­zeyi»da ishga tushirilgan «Mobil audio­gid» dasturini ishlab chiqdilar.

Muzey va ta’lim muassasalari bilan ham­korlik ishlari doirasida TATU bitiruvchi talabalari tomonidan quyidagi ishlanmalar ham amalga oshirildi:

  • Muzey ekskursiyasiga yordamchi vosita sifatida 3D grafigida videoroliklar tay­yorlandi. Bunda «Mobil aloqada muloqot jarayoni», «Morze alifbosi yordamida ma’lumotlarni telegraf apparati yordamida uzatish, qabul qilish», «Toshkent teleminorasidan to‘lqin tarqalishi va qabul qilinishi»ning 3D-modellari yaratildi.
  • Muzeyning ikkinchi qavatida XX asr­ning 50–60 yillariga oid «Radioqabulqilgichlar» ekspozitsiyasidan joy olgan radioqabulqilgichlar soz holatga kelti­rildi.
  • Ot-arava kompozitsiyasini boyitish maq­sadida, muzey eksponatlariga axborot texnologiyalarini joriy etish uchun maxsus dastur ishlab chiqib, ovoz chiqarish ishlari yakuniga yetkazildi.

Muzey va ta’lim muassasalari hamkorlik loyihalariga muvofiq, «Aloqa tarixi muzeyi­da» kelgusida o‘quvchi va talaba yoshlar bilan sohaga oid dolzarb mavzularda ma’ruzalar, seminar va taqdimotlar o‘tkazish hamda ularga muzeydagi yangi ekspozitsiya­larni tanishtirish, sohaga oid tanlov va viktorinalar kabi tadbirlarni tashkil etish, talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan eng yaxshi ilmiy g‘oyalarni muzey amaliyotiga tatbiq etish rejalashtirilgan. Ishonamizki, bunday hamkorlik ishlari muzey faoliyatini yanada zamonaviylashtirish eng asosiysi, yoshlarni madaniy-estetik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga molik bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, talabalar va muzey hamkorligida boshlangan bunday ishlar hozirgi kun muzeylari, xususan, O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi» uchun ham dolzarb masalalardan bo‘lib hisoblanadi. Bu kabi amaliy ishlanmalar muzey eksponatlarini tashrifchilarga nafaqat qiziqarli qilib yetkazish, balki yosh izlanuvchilar ishlarini mu­zeydan joy olib, ularga keng imkoniyatlar yaratilishiga hissa qo‘shib, katta qulayliklar taqdim etishi uchun xizmat ko‘rsatishi talaba-yoshlarda cheksiz qiziqish uyg‘otib, ularda yangidan-yangi g‘oyalarni muzey hayo­tiga tatbiq etish istagini tug‘dirishiga shubha yo‘q. Shu madsadni ko‘zlagan holda muzey va ta’lim muassasalari hamkorligiga oid ish­larga alohida e’tibor qaratiladi. Sababi mu­zeylar ham, ta’lim muassasalari ham yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida xizmat qiladi.

Muallif: Mohira Abdullayeva, “Aloqa tarixi muzeyi” mutaxassisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq