Elektron kataloglashtiruvchilarni tayyorlashga yangicha yondаshuv
05.10.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Ulug‘bek Karimov, O‘ktam Karimov.

O‘zbekiston Respublikasining «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunda (2011-yil 13-aprel) axborot-kutub­xona muassasalari oldiga, jumladan, axborot-kutubxona muassasalarida elektron katalog, yig‘ma elektron katalog va elekt­ron kutubxonalar yaratish va ular asosida axborot-kutubxona fondini shakllantirish hamda xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish kabi bir qator yangi vazifalar qo‘yilgan.

Qonun ijrosini ta’minlashda axborot-kutubxona muassasalari xodimlari malakasini oshirish, ya’ni ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini axborot-resurs markazida joriy qilish dasturiy-texnika vositalari bilan ishlashga o‘rgatish bugungi kundagi dolzarb masalalardan sanaladi. Mazkur masalani Respublika oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli axborot-resurs markazlarida (ARM) hal qilish maqsadida «Ta’lim sohasida elektron ta’limni joriy qilish markazi» qoshida maxsus malaka oshirish kursi tashkil qilindi. Maxsus kurs ikki haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi haftada tinglovchilar faqat «kompyu­ter savodxonligi» bilan shug‘ullanadilar. Kompyuterlardan ARMda foydalanish bo‘yicha yetarli malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lgan ting­lovchilar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlaridan keyingi bos­qichga, ya’ni avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimidan foydalanishni o‘rganishga o‘tadi. O‘quv jarayonini olib borish uchun markazda barcha sharoitlar yaratilgan. O‘quv kursida malaka oshirish uchun Respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasa­lari(OTM)da ARM xodimlari jalb qilingan. Maxsus kurs shartnoma asosida tashkil etilgan.

ARMda avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini (AAKT) joriy qilishda tizim elektron katalogini shakllantirish muhim omil hisoblanadi. Elektron katalog AAKTning eng muhim qismi bo‘lgani sababli uning ma’lumotlar bazasini to‘g‘ri shakllantirish AAKTning samarali ishlashini belgilab beradi. Kataloglashtirilayotgan hujjatning bibliografik tavsif elementlari tizim ma’lumotlar bazasiga to‘liq va to‘g‘ri kiritilgandagina AAKT samarali ishlashi mumkin. Demak, hujjatlarni kataloglashtirish bilan shug‘ullanayotgan ARM xodimi kommunikativ MARC 21 formati bilan ishlay olishi kerak. Boshqacha aytganda, kataloglashtirish bilan shug‘ullanayotgan xodim AAKTning 950 maydon va maydonostilariga kataloglashtirilayotgan hujjatning 40–120 bibliografik tavsif elementini tanlab kiritishni bilishi kerak. Kataloglashtirilayotgan hujjatlarning turlari va ko‘rinishlari naqadar ko‘pligini nazarga oladigan bo‘lsak, ARM kataloglashtiruvchisining malakasi va elektron kataloglashtirish bo‘yicha ko‘nikmasiga qo‘yilgan talabning qanchalik yuqoriligini tushunamiz.

Kataloglashtiruvchilar malakasini oshirishga mo‘ljallangan kursda dastlab AAKT to‘g‘risida umumiy tushunchalar, AAKT avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari va ularning asosiy funksiyalari to‘g‘risida ma’ruza o‘qiladi. So‘ngra 20ta mashq bajarish taklif etiladi. Mashqlar bir muallifli hujjat bibliografik tavsifini AAKTning maydon va maydonostilariga kiritishdan boshlanib, dissertatsiya, dissertatsiya avtoreferati, nota, konferensiya materiallari va boshqa ko‘rinishdagi hujjatlarni tizimning maydon va maydonostilariga kiritish usullarini bayon qilish bilan davom ettiriladi. Tinglovchi bir muallifli hujjat bibliografik tavsif elementlarini tizimning elektron katalogiga kiritishi uchun maxsus ishlab chiqilgan jadvaldan foydalanadi. Jadvalda bir muallifli hujjat bibliografik tavsif elementlari tizimning qaysi maydoniga va maydonostiga qanday shaklda kiritilishi aks etgan. AAKT ishga tushiriladi va bir muallifli hujjat bibliografik tavsif elementlarini tizimning maydon va maydonostiga kiritish aks etgan jadval asosida elektron kataloglashtirish bajariladi.

Tinglovchilar maxsus jadval asosida ishlab, avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimining elektron katalogini shakllantirish bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarini hosil qilishgach, ularning egallagan malaka va ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun mustaqil mashg‘ulotlarni bajaradilar. Elektron kataloglashtirish jarayonini mustaqil o‘rganishda «virtual trenajyorlar»dan foydalanish taklif etiladi. MARC 21 kommunikativ formati asosida ishlaydigan «vir­tual trenajyor» yordamida tinglovchilar 1–4 muallifli hujjatlarni kataloglashtirishni mustaqil ravishda o‘zlashtirishlari mumkin. Bir kitobning bibliografik tavsif elementlarini AAKT elektron katalogiga kiritish uchun o‘rtacha 15–20 daqiqa vaqt sarflanadi. Virtual trenajyordan foydalanib, elektron kataloglashtirish bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarni takomillashtirish, kataloglashtirish vaqtini bir necha barobar qisqartirishi mumkin.

2016-yil AAKTda elektron kataloglashtirishni o‘rgatuvchi maxsus o‘quv kursi tashkil etildi. O‘quv kursida tegishli nazariy mashg‘ulotlar o‘tib bo‘lingach, amaliy mashg‘ulotlar paytida ting­lovchilar AAKT elektron katalogi ma’lumotlar bazasini shakllantirish usullarini o‘rgandilar. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning asosiy qismi tugagandan so‘ng tinglovchilar «virual trenajyor» bilan ishlab, o‘z mahoratlarini takomillashtirdilar. Jadvallarda tinglovchilar tomonidan virtual trenajyorda bajarilgan kataloglashtirish uchun sarf qilingan vaqt keltirilgan.

Jadvallarda keltirilgan ma’lumotlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, kataloglashtirish jarayonini o‘zlashtirishda virtual trenajyorlardan foydalanish, kataloglashtirish uchun sarf bo‘ladigan vaqtni keskin qisqartirish imkoniyatini berar ekan. Ba’zi bir OTM ARM xodimlari kataloglashtirish vaqtini qisqartirish bo‘yicha «rekord» ham o‘rnatdilar. Masalan, TPTI ARM elektron kataloglashtiruvchisi bir hujjatni kataloglashtirish uchun o‘rtacha 4 daqiqa vaqt sarfladi, norma 15–20 daqiqa bo‘lganda, O‘ZDSMI ARM xodimining elektron kataloglashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichi 13 daqiqa bo‘ldi.

el_5_10_2016

el_5_10_2016_1

Jadvallar tahlili quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini berdi:

  1. Elektron kataloglashtirishni o‘rgatishda egallangan nazariy bi­limlarni nazorat qilish uchun test sinovlaridan foydalanish mumkin, ammo bu yetarli emas. Nazariy bilimlarga to‘g‘ri javob bergan xodim amaliy ishlarni talab darajasida bajara olmasligi mumkin.
  2. Elektron katalog ma’lumotlar bazasini shakllantirishda malaka va ko‘nikmalarni takomillashtirish hamda kataloglashtirish jarayonini tezlashtirish uchun «virtual trenajyorlar»dan foydala­nish katta samara beradi.

Muallif:
Ulug‘bek Karimov, TATU, axborot kutubxona tizimlari kafedrasi dotsenti, t.f.n.,
O‘ktam Karimov, TATU, axborot kutubxona tizimlari kafedrasi assisenti, magistr

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq