Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini o‘qitish modellari va metodlarining tahlili
05.10.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hilola Islomova.

avto_5_10_2016

Axborot-kutubxona muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimini (AAKT) samarali joriy qilish uchun xodimlarni tizimdan foydalanishga o‘rgatishni, ta’lim jara­yonini o‘qitishning innovatsion metodlari va modellari asosida olib borishni talab qiladi.

Shu sababli ham AAKT tizimini axborot-kutubxona muassasasida joriy qilishdan avval o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, foydalanuvchilar uchun yo‘riqnoma, o‘quv reja va unga mos dastur, multimediali o‘quv qo‘llanmalar hamda o‘quv adabiyotlari, egallangan bilimlarni sinash uchun testlar hamda virtual trenajyorlar tayyorlanishi, so‘ngra, maxsus kurslar tashkil qilinishi lozim. Quyida AAKTda o‘qitishning model va metodlarini ko‘rib chiqamiz.

Birinchi model

  1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug‘i asosida 57ta oliy ta’lim muassasasiga qarashli ARMlarning har biridan 2 nafardan xodim o‘qishga jalb qilindi. Maxsus kurs bo‘yicha 36 soatlik o‘quv rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlangach, u asosida mashg‘ulotlar kichik guruhlarda (14 kishilik) o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlari bevosita TATUda olib borildi. Mashg‘ulotlar har kuni 6 soat amaliy mashg‘ulot va 2 soatdan mustaqil tayyorgarlik asosida bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil qilindi.
  2. Tinglovchilarga AAKT bo‘yicha maxsus o‘quv uslubiy qo‘llanma tarqatildi.
  3. O‘qitish to‘lov shartnomasi asosida tashkil qilindi.
  4. AAKT o‘rganish bo‘yicha multimediali o‘quv qo‘llanmalardan foydanildi.

O‘qitish metodi. O‘quv rejasiga ko‘ra 6 soat nazariy va 30 soat amaliy mashg‘ulotlar ajratilgan. Har bir mavzu bo‘yicha texnologik kartalar ishlab chiqildi. AAKTni o‘qitish jarayonida bevosita dasturdan foydalanildi. Amaliy mashg‘ulotda tinglovchilar ishtirokida faraziy ARM faoliyati shakllantirildi va dars o‘yin tarzda olib borildi. ARMdagi har bir bo‘lim faoliyati uchun rollar tashkil etildi. Ting­lovchilarning bir qismi kitobxon, bir qismi kutubxonachi, bir qismi kataloglashtiruvchi, yana bir qismi komplektator rolini bajarishdi. Tinglovchilar orasidan kompyuter savodxonligi yaxshi bo‘lgan ting­lovchiga adminstratorning roli berildi. Har bir ishtirokchilarning vazifalari AAKTda bo‘lim faoliyatining avtomatlashgan holatini ko‘rsatib berish orqali bajarildi. Tinglovchilar mustaqil ta’lim jara­yonida AAKTni o‘rgatishga mo‘ljallangan multimediali o‘quv qo‘llanmalardan foydalanishdi.

Kataloglashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda o‘qitish quyidagicha olib borildi:

  1. O‘qituvchi kataloglashtirilayotgan kitobni qo‘liga olib, misol tariqasida, tizim maydonlarini to‘ldirishni og‘zaki tushuntirib berdi.
  2. Har bir tinglovchi kataloglashtirilayotgan kitobning bibliografik tavsif elementlarini tizimning tegishli maydon va maydonostilariga kiritish tartibini yozib olishdi.
  3. Kataloglashtirish uchun tinglovchilarga bilimning turli sohalari bo‘yicha kitoblar tarqatildi.
  4. Amaliy mashg‘ulotda tinglovchilar yozib olgan konspektidan foydalanib, kitobning bibliografik yozuvlarini shakllantirishdi.

avto_5_10_2016_1

Nazorat shakli. Tinglovchilar tomonidan kiritilgan bibliografik yozuvlarni proyektor yordamida katta ekranga tushirib, yo‘l qo‘yilgan xatoliklar ko‘rsatib berildi. Masalan, o‘qituvchi nashr etilgan yil to‘g‘risidagi ma’lumotnomasini ochib, noto‘g‘ri kiritilgan bibliografik tavsif elementlarini ko‘rsatdi va uni to‘g‘rilash yo‘llarini o‘rgatdi. Mashg‘ulotlar bunday usulda olib borilganda o‘qituvchi tomonidan tinglovchilarning egallagan bilimlarini sinash, elektron katalogdagi bibliografik yozuvlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlash orqali bajarildi. Egallagan bilimlarni sinashning bu usuli o‘ta subyektiv bo‘lib, mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchining saviyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Baholash mezoni. Amaliy mashg‘ulotlardan egallagan bi­limlarni sinash uchun savollar tayyorlandi va har bir tinglovchilarga 3tadan savol berildi. Tinglovchilar berilgan savollarga javob berish uchun topshiriqni amalda bajarib ko‘rsatishdi. Berilgan savollardan 2tasiga to‘liq javob berilsa, dars qoniqarli o‘zlashtiril­ganligi bil­dirildi. Bir savolga javob berganlar qoniqarsiz baholandi.

Birinchi model bo‘yicha o‘qitishdan olingan natijalar­ning tahlili. Internet tarmog‘iga qo‘yilgan AAKTda tinglovchilar­ning masofadan kiritgan bibliografik yozuvlari tahlil qilindi va ular­ning kamchiliklari seminarda aytildi. Olingan natijalar shuni ko‘r­satdiki, Internet orqali kiritgan elektron kataloglar talabga javob bermaydi. Jumladan: kitob sarlavhasi, nashr etilgan yil, joy va nash­riyotlar xatolik bilan yozilgan. Kiritilgan bibliografik yozuvlar­ning 30 foizi to‘g‘ri, qolganlarida turli darajadagi xatoliklar uchraydi.

Xulosa qilib aytganda, o‘qitishning bunday metodi samarasiz bo‘lib, bunda tinglovchilarning o‘zini-o‘zi baholash (tekshirish) qobiliyati sustlashib, aksincha o‘qituvchiga tayanib qoladi, ya’ni, tinglovchilar ish faoliyati davomida egallagan bilimlarini sinash uchun mashg‘ulot olib borayotgan o‘qituvchining saviyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Shu sababli mazkur masalaga alohida e’tibor qaratish va sohaga oid masalalarni ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish davr talabidir.

Muallif: Hilola Islomova, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi  tizimining kadrlarini malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti mutaxassisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq