AKT malaka oshirish tizimini takomillashtirishning muhim omili
05.10.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Maftuna Gapparova.

Ijtimoiy-pedagogik jarayonlar jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Zamonaviy ta’lim tizimi­ning muhim bo‘g‘inlaridan biri bu kadrlar malakasini oshi­rishdir. Zamonaviy jamiyat rivojida, ayniqsa, pedagog-o‘qituvchilar mutaxassislik darajasini uzluksiz o‘stirib, mazkur jarayonning maq­sad va vazifalarini belgilash va ularni amaliyotga joriy etib borish talab etiladi.

Shu sababdan zamonaviy pedagoglarning ta’limiy ehti­yojlariga muvofiq pedagog kadrlar malakasini oshirish muammolarini hal etish alohida dolzarb masalaga aylanadi. O‘qituvchilar mutaxassislik salohiyatini oshirish va bilim-malakalarini takomil­lashtirishda axborot-kommunkatsiya texnologiyalari (AKT) muhim ahamiyatli o‘rin tutadi va o‘z navbatida, pedagoglarning yanada sifatli malaka oshirishlarini ta’minlaydi. AKT pedagoglar salohiyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish uchun nafaqat keng imkoniyatlar ochadi, balki uzluksiz qayta tayyorlash natijasida va malaka oshirish, shuningdek, uning shaxsini har tomonlama rivojlantirish ham ta’minlanadi. Shu ma’noda, AKTdan foydalanib, o‘qituvchilar malakasini oshirish usullaridan biri — bu masofaviy ta’lim ekanligini ta’kidlash mumkin. Mutaxassis-olimlar bergan ma’lumotlariga muvofiq, masofaviy ta’lim pedagogik kadrlar tay­yorlash tizimining eng samarali shakli bo‘lib hisoblanadi. Sababi masofaviy ta’limning barcha uchun taqdim etilishi mumkin bo‘lgan zamonaviy ta’limning asosiy tamoyillari amalga oshiriladi.

Masofaviy ta’lim — ta’limiy xizmatlar majmui bo‘lib, ixtisoslashgan axborot-ta’limiy muhit yordamida masofadan turib, keng mutaxassislar va aholi qatlamlariga taqdim etiladi. Masofaviy ta’lim asosiga bilimlarni uzatishning turli modellari joylashtirilgan. Masofaviy ta’lim turli mutaxassis-xodimlar, jumladan, pedagog kadrlarga tizimli ta’lim berish, qayta tayyorlash shakli sifatida ham — shu­ningdek, aholiga ta’limiy va madaniy darajada ochiq ta’lim muhiti sifatida ham amal qiladi. Keyingi davrda mutaxassislar malaka oshi­rishda masofaviy ta’lim tizimidan tobora kengroq foydalanib bormoqdalar. Bu imkoniyatning afzalligi, ayniqsa, masofa va vaqt talab etilmasligi, ya’ni foydalanuvchining o‘z xohishiga muvofiq amalga oshirilishi mumkinligi bilan belgilanadi. Masofaviy ta’lim keng mano’da — zamonaviy texnologiyalar yordamida masofadan turib, bilim olish imkoniyati bo‘lib, bu jarayonda Internet tarmog‘i asosiy va muhim o‘rin tutadi.

Masofaviy ta’limdan foydalanuvchilar ta’lim muassasasiga qat­nab, belgilangan vaqtda auditoriyalarda o‘tirishga majbur bo‘lmay­dilar — bilim olish uchun Internet tarmog‘iga ulangan kompyuter mavjud bo‘lishining o‘zi kifoya. Vaqt va zamon muammolarining ahamiyati yo‘q. Ta’lim olishga ehtiyojmand bo‘lganlar vaqt va imkoniyatlarga ega bo‘lmagan holda, har qanday olis masofadan turib, o‘zlariga qulay joy va vaqtda ta’lim olish bilan shug‘ullanish jadva­lini o‘zlariga alohida qulaylashtirib, tuzib oladilar. Masofaviy ta’lim insonlararo kommunikativ muloqotga bog‘liq bo‘lgan tortinish, ko‘pchilik omma oldida so‘zlashdan cho‘chish kabi psixologik to‘siqlarga ega bo‘lmaydi.

Masofaviy ta’lim shakli foydalanuvchiga o‘zini namoyon etishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. O‘z tafakkuri ustida ishlash, chuqur o‘ylab ko‘rish imkoniyati ta’lim oluvchilarga og‘zaki nutqda yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olishga yordam beradi. Masofaviy ta’lim foydalanuvchi dunyoqarashini kengaytiradi. Masofa muammosi yo‘qolib, yaqinlik, samimiylik hissi foydalanuvchi kayfiyatini ko‘taradi — bu his har bir inson uchun muhim jihatdir. Har bir foydalanuvchi bilim sirlarini yanada chuqur egallash maqsadida Internet tarmog‘idagi elektron pochta yoki Web-tizimdan foydalanadi. Biroq masofaviy ta’limda afzalliklar bilan bir qatorda, foydalanuvchi uchun ham, mazkur ta’lim jara­yonini tashkil etuvchi o‘qituvchilar uchun ham ayrim kamchilik va muammolar yuzaga keladi. Ta’lim samaradorligi aynan mazkur mu­ammolarning qanchalik muvaffaqiyat bilan hal etilishiga bog‘liq bo‘ladi. Masofaviy ta’limning quyidagi asosiy muammolari mavjud:

  • masofaviy ta’limning tashkil etilishi;
  • masofaviy ta’lim mazmun yo‘nalishini motivatsiyalashtirishdagi muammolar;
  • texnik muammolar;
  • masofaviy ta’limning ilmiy va huquqiy asoslanishi kabilar.

Masofaviy ta’limning tashkil etilishidagi muammolar shundan iboratki, har qanday ta’lim muassasasida masofaviy ta’lim shaklini muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun nafaqat kompyuter kommunika­tsiyalar, internet-texnologiyalar sohasidagi dasturchilar, balki fan sohasidagi o‘qituvchilar, metodistlardan ham katta mehnat talab etiladi, Internet va kommunikatsiya texnologiyalarining o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy ta’lim tizimi jarayonining rivojlanish odimlarini chuqur tushunish, pedagogik innovatsion texnologiyalar, bilim sohasi nazariyasi, yangi konsepsiyalari, tarmoqda muloqot qilishning psixologik xususiyatlari va boshqa zarur bilimlarni yaxshi bi­lish talab etiladi. Masofaviy ta’lim shaklida ta’lim jarayoni ko‘proq mehnat talab etadigan va ko‘p jihatlarga ega bo‘ladi. Mazkur muammoni hal etishda hozircha ma’ruza va o‘quv qo‘llanmalarini elekt­ron shaklga o‘tkazish va elektron pochtadan foydalanish bilan cheklanilmoqda. Shu jarayonni masofaviy ta’lim deb ataydigan holatlar ham mavjud. Aslida, masofaviy ta’limning har qanday shakli, eng avvalo, ta’lim konsepsiyasini belgilab olishga bog‘liq. Ko‘plab mamlakatlarda shaxsni intellektual va axloqiy rivojlan­tirish, tanqidiy va ijodiy tafakkurni, axborot bilan ishlash salohiyatini shakllantirishga qaratilgan shaxsiy-yo‘naltirilgan ta’limni afzal biladilar. Mazkur ta’lim maqsadlarining diqqat markazida, an’anaviy tarzda ta’limni tashkil etish emas, balki foydalanuvchilarning o‘zlash­tirishlari, axborotni anglashda qulay imkoniyatlarni taqdim etishdan iborat. Masofaviy ta’lim shakli aynan shu jihatlarni e’tiborga olib tashkil etilishi zarur. Masofaviy ta’lim shaklidagi o‘qishning differensiyalashuvi, individuallashuviga e’tibor qaratilishi zarur. Shuning uchun ta’lim mazmuni mazkur konsepsiyalarga muvofiq tuziladi va tashkil etiladi. Konsepsiyalarning asosiy tamoyili muam­moli yo‘nalganlikdan iborat bo‘lishi zarur.

Shaxsiy-yo‘naltirilgan yondashuv o‘quvchilar bilan ta’lim jara­yonida doimiy muloqotda bo‘lish, ularning hamkorlikdagi faoliyati, o‘qituvchilarga munosabati yotadi. Bu shunchaki ta’lim bilimlarini axborot sifatida uzatish emas, balki hamkorlik jarayonidir. Demak, shunga mos quyidagi o‘qitish metodlari, pedagogik texnologiyalarni tanlash: bilimlarni o‘zlashtirish bosqichida kichik guruhlarda hamkorlik qilish; munozara; individual, juft bo‘lib, guruhiy faoliyatli loyihaga muvofiq, shuningdek, boshqa mintaqalardagi hamkorlikka yo‘naltirilgan telekommunikatsiya loyihalari; muammoli va rolli o‘yinlardan foydalanish zarur. Bunda o‘qish, bilimlarni puxta o‘zlashtirishga xohish, refleksiyasini shakllantirish kerak bo‘ladi.

Hozirgi davrda yuqoridagi talablarni ta’minlagan holda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda ta’lim beruvchi mutaxassis-pedagoglarni tayyorlash uchun masofaviy ta’lim kurslari dasturlarini ishlab chiquvchi, masofaviy ta’lim o‘qituvchilarini tayyorlash zarurati dolzarb bo‘lib turibdi. Mazkur masalalar va masofaviy ta’lim yo‘nalishida ta’lim mazmunini boyi­tish muammolarini hal etish va amalga oshirish ishlari bilan fan o‘qituvchilari, metodistlarning malakasini oshirish kurslari ham shug‘ullanmoqda. Masofaviy ta’lim foydalanuvchilarida hozircha mazkur ta’lim tizimi sohasida tajriba yetarli darajada emasligi va o‘quv kurslarining oxiriga qadar qiyinchiliklarni yengib, sabr bilan bilim olish motivatsiyasi ham shakllanib ulgurmagan. Bunda eng ko‘p uchraydigan to‘siqlardan biri talabalarning o‘qishni davom ettirishni xohlamay qolishlaridir. O‘qishning maxsus on-layn sharoitida o‘tkazilishi evaziga ta’lim oluvchi yanada ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Ta’lim jarayonida shaxsan yolg‘iz bo‘lish, yonida haqiqiy hamkor ta’lim oluvchilarni his etmaslik, o‘z xohi­shiga muvofiq vaqt va joyda ta’lim jarayoni bilan shug‘ullanishi mumkin. Biroq masofaviy ta’lim hali an’anaviy ta’lim tuzilmasidagi yordamchi tizim sifatida shakllanib ulgurganicha yo‘q. Axir aynan mazkur tizim talabada ta’lim olishga motivatsiyaning saqlanishini ta’minlaydi. Ta’lim on-layn tarzda o‘tkazilganida ijtimoiy o‘zaro munosabatlarning yetishmasligi talabalarning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyalari yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ta’lim oluvchilarda motivatsiya saqlanib qolishining sabablaridan biri — bu o‘z oldilariga maqsad qo‘yib, unga yetishish uchun intilishni shakllantirishdan iborat. Aynan shu sohada kursni yuri­tuvchi o‘qituvchilarning yordami zarur bo‘ladi. Ta’lim sohasida internet-forumlar tashkil etish ham maqsadga muvofiq. Ta’lim oluv­chilar kurs davomida bir-birlariga yuzma-yuz bo‘lmasalarda, turli masalalarni Internetda muhokama qilish imkoniyati taqdim etiladi. Ta’lim kursiga oid masalalarni foydalanuvchilar o‘zaro muhokama qi­lishlari, mazkur maydon vositasida virtual olamda hamfikr do‘stlar bilan tanishib, haqiqiy hayotda ham uni mustahkamlashlari mumkin. Bundan tashqari, ta’lim oluvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday hamkasblari bilan muloqotda bo‘lishlari mumkin. Biroq muloqot zamonaviy kompyuter vositalari bilan aniq bir o‘quv materialini o‘rga­nishga qaratilishi zarur. Boshqacha aytganda, ta’lim oluv­chilarning diqqati boshqa masalalar bilan chalg‘imasligi zarur. Shu munosabat bilan ta’lim oluvchini fan sohasiga qiziqtirish hamda masofaviy ta’lim foydalanuv­chisini asosiy maqsaddan chalg‘it­maslik uchun quyidagilarga amal qi­lish zarur: masofaviy ta’lim foydalanuvchisi zarur axborotlarni to‘g‘ri tanlay olish va ulardan qulay foydalanish imkoniyatini taqdim etish.

Fanga oid nazariy ma’ruza­larda majburiy tartibda fanni o‘rganish zarurati, istiqbollari, bo‘lajak mutaxassis egallashi zarur bo‘lgan salohiyatlar haqida ma’lumotlar berib borish shart. Kompyuter texnikasi va dasturiy ta’minotdan foydalanib, ta’lim oluvchilar oldiga qo‘­yiladigan topshiriq va vazifalar shakllari hamda usullari tushu­narli, qulay bo‘lishi zarur.

Masofaviy ta’lim ayrim texnik muammolarga ham ega. Internet vositasida amalga oshiriladigan masofaviy ta’lim on-layn tarzda o‘tishi uchun bu imkoniyatni ta’minlaydigan qator texnik masalalarning hal etilishi ta’limda videokonferensiya texnologiyalari, turli taqdimotlardan bahramand bo‘lish, elektron pochta yoki konfe­rensiya hamda forumlardan foydalanish imkonini beradi. Internetda bilimlarni tekshirib turish funksiyasidan foydalanish mumkin. Masofaviy ta’limni joriy etishning faollashuvi yo‘lidagi muhim mu­ammolardan yana biri masofaviy texnologiyalar haqidagi ma’lumot­larnning malaka oshirishi zarur bo‘lgan mutaxassis-xodimlarga batafsil yetkazib berilmaganligi, targ‘ibotining yaxshi yo‘lga qo‘yilma­ganligidir. Bizning fikrimizcha, oliy ta’lim muassasalaridayoq bo‘lajak mutaxassislar uchun ularning kelgusida malaka oshirishlarini ko‘zda tutib, masofaviy ta’lim texnologiyalaridan amaliy foydalanish bo‘yicha tushunchalarni berish zarur. Zamonaviy ta’lim muassasala­rida masofaviy ta’lim texnologiyalaridan amaliy foydalanish usullari haqida batafsil ma’lumotlar berish mazkur ta’lim shaklining yanada rivojlanishiga zamin yaratadi. Bugungi kunda mazkur ta’lim texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish yo‘nalishiga oid ilmiy-tadqiqot ishlari doirasini kengaytirish ham pedagog, psixolog-olimlar hamda dasturchilar oldidagi dolzarb masalalardandir.

Masofaviy ta’lim — bu ta’lim muassasalari uchun ham, foydala­nuvchilar uchun ham ancha arzon ta’lim shaklidir. Bunda kommunal xizmatlar, auditoriya soatlari va boshqalar uchun to‘lovga hojat qolmaydi. Masofaviy ta’lim — ta’lim turi sifatida jiddiy va muhim masa­ladir. Ehtimol, yillar o‘tib, ko‘pchilik malaka oshirish uchun tarmoq kurslarini afzal bilar. Masofaviy ta’lim kunduzgi ta’lim sharoitlarida ham mustaqil ta’lim uchun katta imkoniyatlarni beradi, ta’lim muassa­sasida olgan bilimlarini mustahkamlash va to‘ldirishga yordam beradi. Bundan tashqari, masofaviy ta’lim sohasida ham rivojlanish, uning rivojlanishi yo‘lidagi to‘siq va qiyinchiliklarni bartaraf etishga oid il­miy-tadqiqot ishlari olib borilishi zarur. Bu sohada an’anaviy ta’lim jara­yoniga oid ilg‘or, universal g‘oyalar bilan sug‘orilgan ilmiy-tadqiqot­larni yetakchi olimlarning kuzatish natijalari va uzoq yillik tajribalarini masofaviy ta’lim texnologiyalariga amaliy joriy etib borilishi zarur.

Xulosa qilib aytganda, masofaviy ta’lim zamon talabiga mos kadrlarni tayyorlash va mutaxassis-xodimlar malakalarini oshi­rishda muhim ahamiyatga molik. AKT imkoniyatlaridan foydala­nish pedagoglar malakasini oshirishnig samarali vositasi bo‘lib hi­soblanadi. Shu boisdan ham pedagog-olimlar masofaviy ta’lim taqdim etadigan nazariy va metodik materiallarini takomillashtirish ustida ilmiy ishlarni olib borishi dolzarb masaladir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq