ICTExpo 2016 ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
21.09.2016
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: .

iсt_21_09_2016

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida 21 sentabr kuni navbatdagi ICTExpo 2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Xususan, 10 yildan ortiq vaqt mobaynida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan ICTExpo ko‘rgazmasi mamlakatimizda AKT sohasining rivojlanishini keng jamoatchilikka namoyish qilibgina qolmay, balki xalqaro IT sohasi, tadbirkorlik doiralari va ilm-fan hamjamiyatining hamkorligini kengaytirishga, axborot texnologiyalari mutaxassislari, ekspertlarining uchrashuvlarini tashkil etishga, qolaversa oddiy AKT foydalanuvchisi va ishlab chiqaruvchisining fikr almashish imkonini yaratishga xizmat qilmoqda.

AKTdan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy darajaning o‘sib borayotgani bois, ko‘rgazma an’anaga ko‘ra, tarmoqli ko‘rinishda tashkil etilib, bir vaqtning o‘zida Toshkent va Namangan shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘rgazmada elektron hukumat tizimining joriy etilishida hozirgi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, xususan davlat boshqaruvi organlari tomonidan aholiga, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar namoyish etiladi.

Mamlakatimiz yoshlarining axborot texnologiyalariga qaziqishi yuqoriligini inobatga olib, bu yil ko‘rgazmada “Robokidz” maxsus stendi tashkil etildi. Ushbu stendda yoshlar o‘rtasida World Robot Olympiad (Butunjaxon robototexnika bo‘yicha olimpiada)ning saralash bosqichi o‘tkaziladi. Unda 64 ta 7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan yoshlar robotlarni yig‘ish va uni dasturlash bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazadilar. Aytish kerakki, musobaqa g‘oliblari joriy yilning noyabr oyida Xindistonda bo‘lib o‘tadigan Butunjaxon robototexnika bo‘yicha olimpiadaning butunjaxon bosqichida ishtirok etadilar.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda dasturiy ta’minot bozorini shakllantirish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar, sohaga daxldor mustahkam qonunchilik bazasini yaratishga e’tibor qaratildi. Dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Qo‘rgazmada dasturiy ta’minot bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari qatnashmoqda. Unda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yangi dasturiy mahsulotlar bilan tanishish mumkin.

ICTExpo 2016 ko‘rgazmasida Toshkent shahrining o‘zida 1 ming kv. metrdan ortiq hududda mahalliy hamda xalqaro IT bozorining 120 dan ortiq, Namangan shahrida esa 500 kv. metrga yaqin hududda 40 dan ortiq Namangan va Andijon viloyatlaridagi yetakchi kompaniyalar tomonidan sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar, zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyish etiladi. Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, kompyuter texnikasini ishlab chiqaruvchi korxonalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, IT-kompaniyalar dilerlari, provayderlar, telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, bank va boshqa muassasalar vakillari o‘zlarining qiziqarli stendlarini tashkil etmoqdalar.

Uch kun davomida ko‘rgazmada 35 mingdan ziyod tashrif buyuruvchilar kutilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq