“D-xarid” elektron tizimi takomillashtirilmoqda
21.09.2016
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida bosqichma-bosqich bozor munosabatlariga o‘tish va iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar va chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, iqtisodiyotning turli sektorlari, shu jumladan, davlat xaridlari tizimida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tadbirlar doirasida 2011-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida “D-xarid” davlat xaridlarning elektron tizimi faoliyat yuritib kelmoqda. O‘z navbatida, birjada boshlang‘ich narxlarni pasaytirish bo‘yicha elektron auksion savdolarining o‘tkazilishi davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish va kichik biznes subyektlarini davlat buyurtmalaridagi ishtirokini kengaytirish imkoniyati yaratildi. Davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha bosqichlari, ya’ni tovarlarni sotib olish to‘g‘risida e’lonni berishdan tortib, to tovarni yetkazib beruvchisini aniqlashgacha bo‘lgan barcha operatsiyalar elektron formatga o‘tkazilib, bu xaridlarni amalga oshirish jarayoni va ularning natijalariga inson omilini ta’sir etishini imkon qadar chegaraladi.

Birjada, so‘nggi yillarda qayd etilgan savdo natijalari xaridlarning elektron modelining samaradorligini ko‘rsatib turibdi. Xususan, mazkur tizimning ishga tushirilgan paytdan boshlab, ya’ni 2011-yildan to o‘tgan 2015-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida elektron xaridlarning umumiy hajmi 166,9 mlrd. so‘mdan 497,1 mlrd. so‘mgacha ko‘tarildi. Elektron savdolar natijasida boshlang‘ich narxlarning pasayishi hisobiga erishilgan budjet mablag‘larining tejalishi esa 22,0 mlrd. so‘mdan 139,8 mlrd. so‘mgacha oshdi. Bundan tashqari, davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkaziladigan onlayn auksionlarda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlarining soni 7 marotabaga o‘sib, 40 mingtani tashkil etdi, ularning yetkazib berilgan tovarlardagi ulushlari esa 99 foizdan oshdi. Ushbu ko‘rsatkichlar biznes vakillarining davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkaziladigan elektron savdolarga bo‘lgan qiziqishlari yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Joriy yilning 8 oylik natijalariga ko‘ra birja orqali amalga oshirilgan davlat xaridlarining hajmi 369,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, bu o‘tgan yilning muvofiq davri bilan solishtirganda 23,7 foizga ko‘pdir. Budjet mablag‘larining tejalishi 83,7 mlrd. so‘mga yetdi, tuzilgan bitimlarning o‘rtacha qiymati esa 1,3 mln. so‘mga teng bo‘ldi. Ko‘rib chiqilayotgan davrlarda elektron katalog tizimida tuzilgan bitimlarning hajmi 25,4 mlrd. so‘mdan 51,2 mlrd. so‘mgacha o‘sdi.

Biroq erishilgan yutuqlarga qaramasdan, “D-xarid” davlat xaridlari muntazam ravishda takomillashtirilmoqda. Davlat va korporativ xaridlarning shaffofligi va raqobatdoshligini oshirish, ularni amalga oshirish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va xaridlar jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-iyuldagi “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining maxsus axborot portali hamda davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish jarayonlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 242-sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq davlat va korporativ xaridlar tizimiga sezilarli darajada o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Qarorda davlat va korporativ xaridlar to‘g‘risida ma’lumotlar birjaning maxsus axborot portaliga joylashtirilmasa, ularning o‘tkazish usulidan qat’iy nazar, xarid bo‘yicha shartnomani tuzishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, nohalol yetkazib beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan yetkazib beruvchilar davlat va korporativ xaridlar jarayonida ishtirok eta olmaydilar. Ushbu talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tender (tanlov) orqali o‘tkaziladigan xaridlarga ham tegishlidir. Mazkur talablarning bajarilishi xaridlarni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan rahbar va mansabdor shaxslarga yuklatilgan.

Ko‘rsatilgan qaror bilan “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining maxsus axborot portalida davlat va korporativ xaridlar bo‘yicha axborotni joylashtirish va oshkor qilish tartibi to‘g‘risida Nizom ham tasdiqlangan. Unga muvofiq maxsus portalda majburiy tarzda xaridlar to‘g‘risida e’lonlar, ularning reja-jadvallari, davlat va korporativ xaridlarning natijalari, statistik ko‘rsatkichlar va bir qator boshqa ma’lumotlar joylashtiriladi.

Mazkur ma’lumotlarni joylashtirish uchun birja mutaxassislari tomonidan birjaning portalida alohida bo‘limlari yaratildi va foydalanuvchilarning shaxsiy kabinetlarda maxsus funksiyalar joriy etildi. O‘z navbatida, birja tomonidan portalda agentlar, kafolatlovchi va nohalol yetkazib beruvchilar ro‘yxatlari, birja tovarlari uchun o‘rtacha narxlar joylashtiriladi. Portalning ochiq qismida davlat va korporativ xaridlar natijalari bo‘yicha narxlar darajasi to‘g‘risida ma’lumotlardan foydalanish mumkin. Bundan tashqari, portalning yopiq qismida tegishli ma’lumotlarni joylashtirish uchun alohida platforma va shaxsiy kabinet ishlab chiqildi.

Yuqorida qayd etilgan qaror talablarini bajarish doirasida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, jumladan, yangi qarorning maqsad va mohiyatini tushuntirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi bilan birgalikda Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va respublikamizning barcha viloyatlarida budjet tashkilotlari vakillarining ishtirokida o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.

Umuman olganda, birjaning maxsus axborot portaliga yangiliklarning joriy etilishi davlat va korporativ xaridlarni joylashtirishda ochiqlik, oshkoralik va raqobatdoshlik tamoyillarini ta’minlash hamda “D-xarid” tizimining bozor mexanizmi va ilg‘or axborot texnologiyalari asosida yanada rivojlanishi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq