Teletayp – elektromexanik axborot uzatish mashinasi
02.09.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Marufa Azizova.
Mamlakatimiz “Aloqa tarixi muzeyi” zallari bo‘ylab navbatdagi tanishuv-sayohatimiz elektr aloqa sohasida o‘z qiziqarli tarixiga ega bo‘lgan qurilma – teletaypga bag‘ishlandi. Muzey binosining ikkinchi qavatida joylashgan zalning asosiy eksponatlari qatoridan o‘z davrining ajoyib qurilmasi – teletayp ham joy olgan. E’tiborli jihati shundagi, mazkur qurilma soz holatda bo‘lib, tashrifchiga uning ishi bilan bevosita tanishish imkoniyati taqdim etilishi mumkin.
Teletayp (teletype, TTY ingiz tilidan olingan) — elektromexanik bosma mashinasi bo‘lib, undan ikki abonent o‘rtasida oddiy (odatda, ikki juft sim orqali) elektrik kanalda matnli xabar va ma’lumotlarni uzatishda foydalanilgan. Teletayp o‘z davrida yaratilgan zamonaviy qurilma sifatida insoniyatning uzog‘ini yaqin qilib, masofadan xabar yetkazishdek qulay imkoniyatni taqdim etgan. Teletayp so‘zi nimani anglatadi? «Teletayp» atamasi — grekcha «tele» («olis») va inglizcha «type» («bosib chiqarish») so‘zlari birikmasidan iborat yasama so‘zdir. Haqiqatdan ham mazkur so‘z ushbu qurilma yaratilish jarayonining to‘liq ifodasiga muvofiq keladi, ya’ni mazmun-mohiyati bilan «masofadan turib, matnni bosib chiqarish» tushunchasini anglatadi. Shu bilan birga, ushbu jarayon elektr toki yordamida amalga oshirilishini ta’kidlash zarur, ya’ni teletayp (Teletype, TTY, «teleprinter») qurilmasi o‘zida — elektr aloqa sohasining o‘z tarixiga ega bo‘lgan vositalaridan birini aks ettiradi.
O‘n to‘qqizinchi asrning qirqinchi yillarida jahonga mashhur ixtirochi-olim Morze tomonidan yaratilib, patent olingan Morze apparati amaliyotga jadal joriy etilib, foydanilayotgan bir davrda, u bilan tanishgan ingliz ixtirochi-olimi Royal Erl Xaus (Royal Earl House) mazkur qurilmani yanada takomillashtirish mumkinligi haqida o‘ylab qoladi. Xaus: «Nimadir yetishmayapti! — degan fikrda izlana boshlaydi va ushbu apparatga matnni bosib chiqaradigan qismni qo‘shimcha qilish kerak!» — degan qarorga keladi. Ushbu qismni Xaus pianino kabi, klavish ko‘rinishida shakllantiradi. Har bir klavishning bosilishi bilan Veyla alifbosi (Morze kodi sifatida mashhur bo‘lgan belgilar) bilan kodlashtirilgan signal yuzaga keladi. Telegraf simining boshqa uchida mazkur signallardan ta’sirlanib, ularni muvofiq harflar sifatida bosib chiqaradigan maxsus g‘ildirak o‘rnatilgan.
Ixtiro 1844-yilda Nyu-Yorkdagi Mexanika instituti (Mechanics Institute)da namoyish etiladi, biroq uni yaxshi qabul qilmaganlar. 1853-yilda Devid Edvard Xyuz (David Edward Hughes) mazkur qurilma muqobili ustida ishlay boshlaydi. Uning apparat ustidagi izlanishlariga Jorj Felps (George May Phelps) ham yordam berdi. Xyuz teletaypi 1856-yilda AQSH Massachusets shtatidagi shaharlar o‘rtasida joriy etildi. O‘n to‘qqizinchi asrning 60-yillariga kelib, qurilma Yevropagacha yetib keldi. Qurilmadagi chop etish g‘ildirakchasi mavjudligi sababli xabar matnini bosib chiqarish imkoniyati taqdim etildi. 1869-yilda Tomas Edison elektromexanik bosma mashinkasini telegrafga uladi va ma’lumotlarini tezkor uzatish qurilmasi — «tiker apparatini» yaratdi. Mazkur qurilma hech bir g‘ildirakka ega bo‘lmagan teletayp edi. Keyinchalik kodlashtirish moslamasi ushbu tizim uchun u qadar qulay emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun 1874-yilga kelib, fransuz olimi Emil Bodo yangi besh bitli kodga ega qurilmasini yaratdi va shu vaqtdan ushbu qurilma uning nomi bilan bog‘landi.
Bodo apparat uchun taqsimlagich, deshifrator va bosib chiqarish mexanizmi ustida ishladi. Bodo apparati XIX asrda axborotni masofadan uzatish bo‘yicha eng muhim texnika yutug‘i bo‘ldi. Eng takomillashgan teletayplar to‘liq elektron qurilma bo‘lib, printer o‘rnida displeydan foydalanilardi. Bunday teletayplardan hozirgi davrda ham eshitishda ehtiyojlilar insonlar muloqot qilishda foydalanadilar, odatda, bu qurilma eshitishda ehtiyojlilar uchun telekommunikatsion qurilma (TDD — ingliz tilida Telecommunications Devices for the Deaf) deb ataladi. Ko‘pchilik teletayp qurilmalarida belgilarni 32tagacha cheklangan 5 razryadli Bodo kodi (shuningdek, ITA2 deb ataladigan) koddan foydalanilgan, biroq boshqariluvchi belgilar axborot uzatish darajasini oshirish qiyin emasdi; masalan, uning 79tagacha belgili turi ham yaratilgan. Bundan tashqari, uning nomi ham biror sohaga maxsus mansublik dasturini anglatardi.
Teletayp qurilmalarining rivoji bir qator: Royal Xaus (ingl.), Devid Xyuz, Edvard Klyaynshmidt (ingl.), Charlz Kram (ingl.), Emil Bodo va Frederik Krid (ingl.) kabi mashhur ixtirochi-muhandis olimlar tomonidan takomillashtirildi. 1870-yillarda sim orqali uzatilib, matnni tasvirlovchi Tiker apparati funksiyasidan foydalanilgan, u teletayp qurilmasining bevosita ajdodi bo‘lib hisoblanardi. Tiker apparatiga maxsus ishlab chiqilgan telegraf simi bilan ulangan telegraf apparatidan birja ma’lumotlarini jo‘natish uchun foydalanilgan. «Teleks (ingl.)» («Teleks tarmog‘i», Telex network) nomli global tarmoqdan XX asrda uzoq yillar biznes-kommunikatsiyalar uchun foydalanilgan. Ayrim mamlakatlarda mazkur tarmoq hozirgi davrda ham yangiliklarni hamda banklararo hisobotlarni uzatish, harbiy va boshqa sohalarda foydalaniladi. 1970-yillarga qadar ko‘plab mamlakatlarda xabar almashish masalasida «tezkor liniya sifatida» aynan teletaypdan foydalanilgan. Hisoblash texnikasi taraqqiyoti bilan ayrim EHM (masalan, LGP-30)da axborotlarni kiritish va chop etishda teletayplardan foydalanganlar. Shuningdek, teletayplardan dastlabki interaktiv kompyuter terminallari sifatida ham foydalanilgan. Ularda videodispley mavjud bo‘lmagan.
1990-yillarning oxirida teletayplar foydalanishda e’tibordan chetda qoldi. Aslida, hozirgi davrda ham radiohavaskorlar zamonaviy kompyuterlar, planshetlar va smartfonlarga zarur bo‘lgan dasturiy ta’minotlarni o‘rnatib, 1940–1950 yillar qurilmalaridan foydalanib, ishlaydilar. Biroq hozirgi zamonaviy dunyoda ham masofadan yangilik, xabarlar, axborotlar matnlarini uzatishda ham teletayplardan foydalaniladi. Kunu-tun amal qiladigan idoraviy radiostansiyalar radio efirida, masalan, ob-havo ma’lumotlarini uzatishda teletayp rejimidan foydalaniladi.
Teleks
Ma’lumki, o‘tgan asr yigirmanchi yillarida eng ilg‘or fikrli fantast-yozuvchilar ham Internet haqida hatto orzu qilmaganlar. Global aloqa esa juda zarur bo‘lardi. O‘sha davrda simli radiodan ko‘ra ishonchliroq vosita yo‘q edi. Shu sababli 1926-yilda Germaniyada Teleks tarmog‘i («Telex Network»)ga asos solingandi. Tarmoqqa 1957-yildan Kanada, bir yil o‘tgach esa Amerikadan Western Union ham qo‘shildi. 1963-yilda sobiq ittifoqda kirill alifbosi bilan takomillashtirilgan Bodo kodidan telegraf standarti sifatida foydalanildi, bu Teleksga integratsiyalanish imkonini berardi. Teletayp apparatlari klaviaturali yozuv stoliga o‘xshardi. Uning ichki qismiga elektromagnitlar, rele va boshqa detallar joylashtirilgan. Uning ixcham turlari ham ishlab chiqilgan va ular ham «teleks modemlari» deb atalgan. Umuman olganda, oddiyligi va foydalanishda qulayligi bilan teletayp aloqa vositasi sifatida taraqqiy etgan barcha mamlakatlarda o‘tgan asrning 90-yillarigacha, jahon o‘rgimchak to‘ri davriga qadar foydalanildi.
Teletayp hozirgi davrda
Internet asrida teletaypga qanday hojat bo‘lishi mumkin deb o‘ylarsiz, biroq hozirgi davrda ham undan telegraf amal qiladigan mamlakatlarda foydalaniladi. Ayrim mamlakatlarda esa uning uskunalari har ehtimolga ko‘ra tashlab yuborilmagan. Ushbu aloqa xizmatidan, ayniqsa, yetib borish qiyin bo‘lgan, Internet va mobil aloqaga sifatli ulanishning imkoni bo‘lmagan joylarda foydalaniladi. Ehtimol to‘satdan biror ma’lumotni tezkor yetkazishga to‘g‘ri kelib qolar, kimgadir tezkor, jiddiy yordam ko‘rsatishda foydasi tegishi ham mumkin. Bundan tashqari, qadimiy texnikani qadrlaydigan radiohavaskorlar ham teletaypdan foydalanishni xush ko‘radilar. Texnikaga oid qadimiy bilimlar va uskunalarni ehtiyotkorona asraydigan ishqiboz odamlar mobil aloqa operatorlari va magistral provayderlar ishlarida to‘satdan uzilish yuzaga kelsa, butun insoniyatga katta yordam qo‘lini cho‘zishlari ham mumkin. Shu bilan birga, to‘liq elektron modifikatsiyalangan, displeyda harflar, matnlarni tasvirlovchi — simsiz teletayplar ham mavjud. Bunday qurilmalar yuqorida tilga olinganidek, eshitishda ehtiyojlilar odamlarga mo‘ljallangan bo‘lib: Telecommunications Devices for the Deaf kabi mahsulotlar — «Eshitishda ehtiyojlilar uchun telekommunikatsiya qurilmalari», qisqartmasi: TDD bo‘lib, ularni ham: TTY deb ham ataydilar. Masalan, iPhone uchun maxsus aksessuar sifatida kabel orqali apparat bilan birlashtirib, faollashtirib, teletayp rejimini sozlash mumkin. Displeyda telefon go‘shagini ifodalovchi belgi va ikki qatorli jajji klavish paydo bo‘lib, teletayp funksiyasini taqdim etadi.
Xulosa qilib aytganda, teletayp tushunchasi o‘z mazmuni bilan — matnni elektromexanik matnni bosib chiqarish mashinasidir. Mazkur qurilma boshqa apparatlar bilan sim vositasida bog‘lanib, bosilgan klavishlari bosimi, impulslarini elektrik signallar (Veyla alifbosi) yoki Bodo kodiga aylantiradi, shuningdek, qabul qilish va yuqorida tilga olingan impulslarni avtomatik konvertatsiyalash hamda haqiqiy harflarga aylantirib, qog‘ozda bosib chiqarish amallarini bajaradi. Zamonamizda TDD yoki TTY qisqartma so‘zlari bilan belgilangan teletaypdan asosan mobil telefonining qo‘shimcha imkoniyati sifatida foydalanadilar.
Maqola «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnali o‘rtasidagi hamkorlik loyihasiga asosan tayyorandi. Maqola materiali Vikipediya — ochiq ensiklopediya va boshqa adabiyotlardan olindi.