Haydovchisiz avtobuslar sinovdan o‘tkazila boshlandi
02.09.2016
Rukn: Texnologiya.
Muallif: Jurnal tahririyati.
Xelsinki (Finlyandiya poytaxti)da to‘liq mustaqil, haydovchisiz harakatlana oladigan ikki avtobus sinovdan o‘tkazila boshlandi.
Ma’lum qilinishicha, testdan o‘tkazishda yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikda umumiy foydalanishdagi serqatnov yo‘llardan foydalanilmoqda. Bu shunday sinovlarning dastlabkisi bo‘lib hisoblanadi.
EasyMile fransuz kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan ixcham EZ10 avtobuslari yo‘lovchilarni o‘z manzillariga eltishga xizmat qiladi. Mazkur transport vositalari bortiga 12 nafargacha yo‘lovchilarni olishi mumkin. Avtobuslar ularning xotirasiga oldindan kiritilgan yo‘nalish dasturi bo‘yicha harakatlanadi, yo‘lda sodir bo‘ladigan to‘qnashuvlar, turli kutilmagan hodisa va to‘siqlardan ta’sirlanishda unga videokameralari, navigatsiya tizimlari, yuqori darajada aniq GPS signallari, shuningdek, turli bort datchiklari yordam beradi.
EZ10 mini-avtobuslarida rul mavjud emas. Harakatlanishda u elektrik kuchli moslama bilan boshqariladi. Sinov davrida uning tezligi 10 km/soatdan oshirilmaydi, shu sababli bunday mashinalar yaqin yo‘nalishlarda foydalaniladi. Agar testdan muvaffaqiyatli o‘tkazilsa, robotlashgan avtobuslar Finlyandiyaning mavjud yo‘lovchi tashish tizimining bir qismiga aylanishi mumkin. Bunday mashinalar yo‘lovchilarni temir yo‘l stansiyalaridan odatiy jamoat transporti bekatlarigacha eltib qo‘yishi mumkin.
Manba: www.ubergizmo.com