Аxborotlashgan iqtisodiyot va uning indikatorlari
02.09.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zuhra Otakuziyeva.

Axborotlashgan iqtisodiyot (AI) mazmunining tahlili M. Porat, D. Bell, U. Dayzard, M. Kastels, M. Konnorz, U Martin, A. Norman kabi olimlar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, AI kategoriyasining o‘zi esa fanga 1976-yilda amerikalik iqtisodchi M.Porat [1, p.71] tomonidan kiritilgan. Iqtisodchi olim M. Kastelsning 1996-1998 yillarda chop etilgan “Axborot davri: iqtisodiyot, jamiyat va madaniyat” nomli monografiyasi orqali axborotlashgan iqtisodiyot atamasi keng ommalashdi. Vaqt mezoni bo‘yicha axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasining shakllanib borishini uch davrga bo‘lish mumkin: axborotlashgan iqtisodiyot paydo bo‘lishi va yangi hodisaning rivojlanish odimlarini aniqlash (1960-1970 yillar); yetakchi mamlakatlarda axborotlashgan iqtisodiyotning shiddat bilan rivojlanishi (1980-1990 yillar); axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasining bilimlar iqtisodiyoti bilan bog‘liqlikda o‘rganilishi (2000-yildan boshlab).

O‘tkazilgan ko‘pgina tadqiqotlarda axborotlashgan iqtisodiyotga xos bo‘lgan qu­yidagi uchta asosiy mezon guruhlari ajratib ko‘rsatilgan [2]:

  • Birinchi guruhga iqtisodiy mezonlar ki­ritilib, ular jamiyatning axborot soha­sida yaratilgan yalpi milliy mahsulot ulushini tavsiflaydi. Mazkur yonda­shuvning asosiy muammosi mamlakat yalpi milliy mahsulot ishlab chiqarishida axborot sektorining qo‘sh­gan hissa­sini aniqlashda paydo bo‘ladigan qiyinchiliklarga duch kelishi hisoblanadi.
  • Ikkinchi guruhga ijtimoiy mezonlar kiradi. Ular axborot mahsulotlari, axborotlashtirish vositalarini ishlab chiqarish hamda axborot xizmatlarini ko‘rsatish sohasida aholining band bo‘lishi hajmlarini ta’riflaydi.
  • Uchinchi guruhga axborotlashgan iqtisodiyotni jamiyatda axborot texnologiyalari tarqalish nuqtai nazaridan, ta’rif beruvchi texnologik mezonlar kiradi.

Hozirgi vaqtda jamiyatimiz axborotlashgan iqtisodiyot paydo bo‘lish davrini boshi­dan kechirmoqda. Shu bilan birga, uning kelajagiga yuqori dinamikada rivojlanish xosdir. Eng umumlashgan variantda axborotlashgan iqtisodiyotga iqtisodiy qarorlarga axborotning ta’sirini o‘rganuvchi iqtisodi­yotdagi bir yo‘nalish sifatida qaraladi [3]. M.Kastels ta’kidlashicha, «axborotlashgan jamiyat» (information society) atamasi mu­kammal emas hamda yangi tizimning barcha o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirmaydi. Uning fikricha, «axborotlashgan (in­formational) iqtisodiyot» atamasi aniqroq ta’rif bo‘la oladi [4, 42–43 b.].

axb_2_09_2016

  1. V. Korneychuk esa axborotlashgan iqti­sodiyot atamasiga nisbatan o‘z nuqtai naza­ridan qarab, ikki turli tushunchalardan foydalanadi. Birinchidan, axborotlashgan iqtisodiyotni ijodiy mehnat va axborot ustuvor bo‘lgan sivilizatsiya rivojlanish bosqichi deb ta’rif beradi. Ikkinchidan, axborotlashgan iqtisodiyotni axborot jamiyatining iqtisodiy nazariyasi yoki axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasi deb ataydi [5, 15]. Bundan tashqari, ma’lum ma’noda quyidagi ta’rif ham tadqiqot obyektini izohlab beradi: axborotlashgan iqtisodiyot — bu postindustrial jamiyatning asosi bo‘lib, axborot asosiy ishlab chiqarish resursi bo‘lgan hamda ish bilan bandlar tu­zilmasida asosiy o‘rinlarni aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi ishchilar egallagan iqtisodiyotning o‘ziga xos turini belgilovchi falsafiy-iqtisodiy atama hisoblanadi. Zamonaviy ilmiy asarlarning birida quyida­gicha ta’rif berilgan: «axborotlashgan iqtisodiyot — bu ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishida yangi bosqich bo‘lib, unga jamiyat hayotida bilimlar va axborotning roli, YAIMda axborot mahsulotlari va xizmatlar, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari ulushining oshib borishi, insonlarning o‘zaro samarali axborot almashish, ularga jahon axborot-resurslaridan foydala­nishga imkon berishni hamda ularning ijtimoiy va shaxsiy ehtiyojlarini qondirishni ta’minlab beruvchi global axborot maydonini yaratish xosdir» [6, 23–24 b.].

Jahon amaliyotida axborotlashgan iq­tisodiyot rivojlanish darajasini baholash uchun turli xil reyting ko‘rsatkichlari qo‘l­lanilmoqda, ammo tushunchalar va statistik ko‘rsatkichlar hali to‘laligicha shakllanib bo‘lgani yo‘q. Umuman olganda, mamlakat axborotlashgan iqtisodiyotining rivojlanishi darajasi quyidagi indekslar bilan bog‘liq [7]:

  • innovatsion (bilimlar iqtisodiyoti — Knowledge Economy Index (KEI), innovatsiyalar — The Global Innovation Index (GII);
  • elektron hukumatga tayyorgarlik darajasi — United Nations e-Government Readiness Index (UNEGRI);
  • AKT bozori. Elektron hukumat indeksi qiymati hukumat muasassalar tarmog‘ida onlayn mavjudligi asosida, mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasi joriy holati va insoniy kapital rivojlanish ko‘r­satkichlar asosida hisoblab chiqiladi.

Bundan tashqari, axborotlashtirish indikatorlarini hamda uni (axborotlashtirishni) amaliyotda qo‘llash metodikasi ishlab chiqish muhim masala hisoblanadi. Bir qator indikatorlarni misol keltirish mumkin, ular orasida eng muhim quyidagilar sanaladi:

  • Texnologik jihozlanganlik indikatori — amerikalik olimlar F. Rodriges va E. Dj. Vilsonlar (Merilend shtati) tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu indikator turli mamlakatlar AKT rivojlanish holatini baholash va o‘lchash uchun mo‘ljallangan. Indikatorlar hisoblashda personal kompyuterlar, mobil telefonlar, Internet-xostlar, fakslar, televizorlar va boshqa ko‘rsatkichlardan foydalaniladi;
  • Kommunikatsiyalar oshkoraligi indikatori — AQSH Milliy ilmiy jamg‘arma mutaxassislar tomonidan aholi, biznes va ijro hokimiyati o‘rtasida o‘zaro muno­sabatlar jarayonlarida AKTdan foyda­lanish darajasini baholash uchun ishlab chiqilgan [4, 235 b.]. Mazkur indikator davlat, hududiy va mahalliy boshqaruv tarmog‘i uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, hokimiyat organlari tomonidan zamonaviy AKTni qo‘llash darajasini ko‘rsatib berishga xizmat qiladi;
  • Axborotlashgan jamiyat holatining indikatori — World Times nashriyoti va IDC kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va foydalaniladi. Ushbu indikator umumiy ko‘rinishda axborot texnologiyalarini yaratish, o‘sib borish, foydalanish, tarqalish sur’atlarini aks ettiradi va darajasini aniqlaydi.

O‘zbekistonda AKT rivojlanishi bir necha bosqichlardan iborat:

  1. Rivojlanishning dastlabki bosqichi — (2000–2002 yillar) bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan davlat boshqaruvini yaxshilash davri.
  2. Ikkinchi bosqich — (2003–2007 yillar) AKTni keng joriy qilish uchun asosiy huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilish davri.
  3. Uchinchi bosqich — (2008–2012 yillar) davlat organlarda ichki axborot tizimlar va dasturiy mahsulotlarni faol tatbiq etish, axborot va elektron ma’lumot xizmatlar ko‘rsatishning boshlanish davri.
  4. To‘rtinchi bosqich — (2012-yil — hozirgi vaqt) davlat boshqaruv tuzilmasini yanada takomillashtirish davri.

Adabiyotlar:

  1. Porat V. The Information Economy Definition and Measurement. Washington DC: US Dept of Commerce, 1977. Р. 240.;
  2. Тагаров Б. Ж. Современные подходы к определению критериев информационной экономики.// Baikal research journal. — Иркутск, 2012. — №4.С.3. [Электронный ресурс]. URL.: http://elibrary.ru/download/30837991.pdf. (Дата обращения 27.12.2015).
  3. Летунова О. В. Философско-методологический аспект проекта информационной экономики.// Грамота. — Тамбов, 2011. — №6 (12). — C. 115. [Электронный ресурс]. URL.: www.gramota.net/materiaW3/2011/6-2/29.htmL (Дата обращения 27.12.2015).
  4. Кастeльс М. Информационная эпоха: экономика, общество и культура / [Пер. с англ., под науч. ред. О.И. Шкаратана]. — М.: ГУВШЭ, 2000. — 608 с.
  5. Корнейчук Б. В. Информационная экономика: учебное пособиe. — СПб.: Питер, 2006. — 400 с.
  6. Никитенкова М. А. Информационная структура США: государство и рынок / РАН. Ин-т США и Канады. М.: Academia, 2009. — 298 с.
  7. Лемещенко П. С., Шумских E. В. Информационная экономика: мировыe тенденции и специфика развития в республикe Беларусь. //Научныe труды Донецкого национального технического университета. Сeрия: экономическая. — Донeцк, 2014. — №1. — с.163. URL.: http://elibrary.ru/download/49985787.pdf. (Дата обращения 27.12.2015).

Muallif: Zuhra Otakuziyeva, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti «AKT sohasida iqtisodiyot» kafedrasi mudiri, i.f.n.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq