Sog‘lom bola – yurt kelajagi” mavzusida ma’rifiy tadbirlar
30.08.2016
Rukn: Tadbirlar.
Muallif: Ra’no To‘rayeva.
“O‘zbektelekom” AK “TShTT” filialining “Aloqachi” yozgi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Sog‘lom bola – yurt kelajagi” shiori ostida ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari tashkil etildi.
Bolalik – hayot ummonining musaffo sarchashmasi. Boisi, u har bir murg‘ak qalb uchun tashvishlardan yiroq, ezgulikka to‘la lahzalardir. Go‘daklarning bahor tongi misol beg‘ubor qalbi faqat yaxshiliklarga yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Aslida, o‘sib kelayotgan yosh avlodni himoya qilish zamirida hayotni, uning davomiyligini asrab-avaylash mohiyati yotadi. Ular to‘g‘risidagi har qanday g‘amxo‘rlik esa yurt ravnaqi uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevor demakdir. Donishmandlardan biri: “Millatning kelajagini bolalariga qarab anglash mumkin”, degan edi. Bugun ertamiz egalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor kelajakda ularning Vataniga sadoqatli, jismonan va ma’nan barkamol bo‘lib yetishishida muhim omil hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!» degan so‘zlari xalqimiz uchun o‘ziga xos da’vatga aylanganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Zotan, mamlakatimizda sog‘lom, aqlan va ma’nan yetuk yoshlarni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar zamirida avvalo ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan farzandlarimiz manfaati mujassam. Darhaqiqat, ayni vaqtda, bugungi shiddatli zamon, hayotning o‘zi yosh avlod tarbiyasi borasida oldimizga yangi-yangi, o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘yilmoqda. Ana shularning barchasini hisobga olgan holda, oldimizga qo‘ygan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz darkor.
Farzand — oila quvonchi, hayotimizning mazmuni. Uning salomatligi ko‘nglimizning xotirjamligi, halovatidir. Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta’lim-tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratgan.
O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish milliy mentalitet va umrboqiy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi. Istiqlolning dastabki yillaridan yurtimizda sog‘lom avlod tarbiyasi umumxalq harakatiga aylantirildi. Sog‘lom deganda, biz faqatgina jismonan baquvvat farzandlarni emas, balki ma’naviy boy avlodni ham ko‘zda tutamiz.
Bugungi kun yoshlari, mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan sog‘lom va barkamol avlodga xos bo‘lgan mustaqil fikrlash, milliy o‘zlikni anglash, Ona yurtga muhabbat, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni egallashga astoydil intilish, O‘zbekistonning bugungi va ertangi kuni uchun yonib yashashga tayyor bo‘lgan xislatlarni o‘zida mujassam etgan shaxsdir. Shu bois, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasida ishchi-xodimlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada keng ommalashtirish, olis va chekka hududlarda, murakkab iqlim sharoitida mehnat qilayotgan xodimlarning farzandlarini yoz fasli mavsumida bolalar sog‘lomlashtirish maskanlarida dam olishlarini tashkil etish ishlari izchil olib borildi. Xususan, Respublika kasaba uyushmasi kengashi aloqa sohasi tizimidagi tashkilot, korxona va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarining farzandlarini 2016-yil yoz mavsumida dam olishlarini yuqori saviyada tashkil etish borasida qator vazifalarni belgilab oldi. Yoz mavsumida aloqa sohasi tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish maskanlarida soha xodimlarining 7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 5000 nafardan ziyod farzandlarini sog‘lomlashtirish, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasi soha korxonalari xodimlarining farzandlarini Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hamda Jizzax viloyati Zomin tumanidagi «Aloqachi» oromgohlarida sog‘lomlashtirish rejalashtirildi.
«O‘zbektelekom» AK tasarrufidagi Buxoro viloyati «Yosh aloqachi», Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari «Aloqachi» oromgohlari tarqatma materiallar, uslubiy qo‘llanmalar, shiorlar to‘plami, buklet va eslatmalar, plakatlar bilan ta’minlandi. Bolalarning yoshi, ehtiyoji va qiziqishlarini inobatga olgan holda, turli xil to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, kutubxonalarni yangi kitob, jurnal hamda jahon va milliy xalq ertaklari, hikoyalari bilan boyitildi. Shu bilan birga, dam oluvchi bolalar o‘rtasida sport musobaqalarini milliy an’analarimizga asoslangan o‘yin va musobaqalar negizida tashkil etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuvlar hamda tanlovlar o‘tkazish borasida alohida tadbirlar belgilandi. Ana shunday tadbirlarning biri Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Aloqachi» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida tashkil etildi.
Tadbir kichkintoy o‘g‘il-qizlar uchun tashkillashtirilgan «Olam bolalar nigohida» deb nomlanuvchi rasmlar tanlovi bilan boshlandi. Unda yosh ishtirokchilar Vatanga, oilaga bo‘lgan muhabbatiyu-sadoqatini rasmlar orqali ifodalash bilan bir qatorda, respublikamiz mustaqilligining 25 yillik qutlug‘ sanasini nishonlashga bag‘ishlangan dil izhorlarini namoyon etdilar. Oromgohda dam olayotgan bolalar ishtirokida tuzilgan 12ta otryad jamoalarining «Quvnoq estafeta» sport musobaqasi zo‘r qiziqish bilan o‘tkazildi. Oqshom chog‘i 400 nafardan ziyod bolalar ishtirokida «Sport olimpiadasi»ning ochilishiga bag‘ishlangan shou-konsert, ishtirokchilarga bildirilgan samimiy tilaklar, ulashilgan esdalik sovg‘alari bolalarga quvonch bag‘ishladi. Ana shunday yorqin taassurotlardan bir olam zavqqa to‘lgan holda beg‘ubor bolalikning ortga qaytmas lahzalarini quvnoq qo‘shiqlarga joylab, baralla kuylayotgan jajji o‘g‘il-qizlar davrasiga tushib qolgan har qanday kishi o‘zini beixtiyor o‘sha takrorlanmas palla og‘ushida his etadi.
Xuddi shunday tadbirlar «O‘zbektelekom»AK Buxoro filialiga qarashli «Yosh aloqachi» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ham o‘tkazildi. Har galgidek oromgohning bu yilgi mavsumi Buxoro viloyati aloqa tizimi korxonalari, Toshkent shahri va Navoiy viloyati aloqa sohasi xodimlarining ko‘plab farzandlari mazmunli dam olishlari bilan boshlandi. Bolajonlarning oromgohda miriqib hordiq chiqarishlari, jismonan va ma’nan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ma’naviyat va ma’rifat xonasi, zilol suvli cho‘milish havzasi, qator dushxonalar, shuningdek, futbol, voleybol, basketbol va boshqa sport maydonchalari o‘g‘il-qizlar ixtiyorida bo‘ldi. So‘lim va bahavo oromgoh oshxonasi xizmatidan ham barcha mamnun.
Mavsum davomida Buxoro Davlat qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari, «Biz giyohvandlikka qarshimiz» singari aksiya, shuningdek, «Yosh qutqaruvchi», «Suv qiroli», «Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur» deb nomlangan bir-biridan qiziqarli sport musobaqalari tashkil etildi. Albatta, yosh tennischi, futbolchi, voleybolchi va basketbolchilar sport bahslari davomida o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, tengdoshlarini sportga jalb etish bilan bir qatorda, ularga o‘rnak bo‘ldilar. Ushbu ezgu-maqsadning mavsum davomida ushalayotganini va eng muhimi yosh bolalarning jajji qalblari cheksiz orzular bilan to‘lib-toshganini ularning quyidagi so‘zlaridan ham bilib olsa bo‘ladi:
— Raqsga tushishga qiziqaman, — deydi, Buxorodagi 5-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, Malika Siddiqova, — Oromgohdagi raqs to‘garagi biz bolalar bilan doimo gavjum bo‘ldi.
— Men esa kelajakda rassom bo‘lmoqchiman, — dedi xuddi shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi Dilnoza Muxtorova — Shu boisdan rasm chizish to‘garagiga qatnashdim.
Kichkintoy Dilnozaning sinfdoshi Abduhamid Muxtorov esa futbolga qiziqarkan. Yetuk sportchi bo‘lish uchun tinmay mashq qilish kerakligini u hozirdanoq bilib olgan. Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Sardor Usmonovning orzusi yanada yuksak. U kelgusida mohir sportchi bo‘lib yetishmoqchi.
— Jahon sport maydonlarida yurtimiz sharafini himoya qilish — mening birdan-bir orzuim, — dedi u.
— Oromgohda ko‘plab do‘stlar orttirdim, — dedi u yana. — Mirza, Shavkat singari buxorolik bolalar bilan SMS orqali doimiy ravishda muloqotda bo‘lib turishga kelishib oldik.
Bolajonlarning ezgu maqsad-orzulari albatta ushalishiga biz ham tilakdoshmiz. Oila orzu-maqsadlarimizga erishish yo‘lidagi intilishlarimizda muhim omil baxsh etuvchi bebaho maskandir. Mustahkam oilani sog‘lom ona va bolalarsiz tasavvur etish qiyin. Zotan, Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Ma’lumki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Har qaysi ongli inson jondan aziz farzandining baxtini, kamolini o‘ylab, hamisha ezgu orzu-intilishlar bilan yashaydi, o‘z zurriyodining har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lishini istaydi». O‘zbekistonning kelajagi buyuk ekaniga qat’iy ishonch bildirib yashayotgan xalqimizning orzusi bu barkamol avlodni voyaga yetkazishdir. Barcha olijanob harakatlarimiz negizida, ezgu-niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu-saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir.
Muallif: Ra’no To‘rayeva, Respublika kasaba uyushmasi kengashi xodimi