Parlament faoliyatida xorijiy tajribaning o‘rni va ahamiyati
28.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Ulug‘bek Samatov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 12-noyabrda o‘tkazilgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzuidagi ma’ruzasida «…biz o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli strategik maqsadlar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, hayot sifatini yaxshilash va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash borasidagi sa’y-harakatlarimizga bugungi kun nuqtai nazaridan xolisona baho berishimiz tabiiydir», deya ta’kidlab o‘tgan edi.

Shu jihatdan olib qaralganda, mamlakatimiz parlamenti hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi mamlakatimizning jahon hamjamiyatida o‘zining alohida munosib o‘rniga ega. Ta’kidlash joizki, Konsepsiyada jamiyat taraqqiyotini belgilovchi muhim omillardan biri sifatida qonun chiqa­ruvchi va ijro hokimiyati orasidagi uzviy munosabatlarni yanada barqarorlashtirish, parlamentarizmni rivojlantirish masalasi — ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.

O‘tgan davrda belgilangan ushbu vazifalarning qadamba-qadam amalga oshirilishi davomida biz, Konsepsiyada ilgari surilgan har bir yo‘nalishning naqadar hayotiy ahamiyatga ega ekanli­giga guvoh bo‘lmoqdamiz. Muhtaram Yurtboshimiz o‘zlarining ko‘pgina chiqishlarida qonun chiqaruvchi, ijro va sud hokimiyatlari faoliyatini takomillashtirish, hokimiyatlar o‘rtasida «o‘zaro tiyib» turish mexanizmini joriy etish kabi masalalarga alohida to‘x­talib kelayotganligida mohiyatan Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni amalga tatbiq etish borasidagi harakatlar yotganli­gini ko‘rish mumkin. Xususan, 2015-yil boshidagi parlament palatalarining qo‘shma yig‘ilishdagi ma’ruzalarida ham bu masala alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Jumladan, ular «Qonun loyihalarini xo­rijiy huquqiy amaliyot bilan har tomonlama chuqur qiyosiy tahlil qilish asosida ularni muhokama etish, tayyorlash ishlarini sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish darkor»ligini qayd etib o‘tdilar. Darhaqiqat, ilg‘or davlatlarning tajribasini o‘rganish qonun ijodkorligida muhim ahamiyatga ega. Taraqqiy etgan qator davlatlar jumladan, Germaniya, Angliya, Yaponiya, Xitoy, Fransiya, AQSH, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning parlamentarizmi­ning ijobiy yutuqlarini o‘rganish, tajriba almashish orqali qonunchiligimizni yanada takomillashtirish samarasini berishi tabiiydir. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi zamonaviy xalqaro standartlar bilan uzviy bog‘langanligi bois, o‘zaro mutanosib ravishda takomillashib borayotganligi quvonarli hol.

O‘rni kelganda shuni ham ta’kidlash joizki, davlatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab, parlament ishini tom ma’noda yo‘lga qo‘yish, zamonga mos qonunlar tayyorlash, har bir qonun zamirida Vatan va xalq farovonligini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugun professional parlament sifatida shakllanib ulgurgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti orasidagi o‘zaro ishonch, ishchanlik va iliq munosabatlarni xorijiy davlatlar parlamenti a’zolari ham alohida tan olmoqdalar. Ma’lumki, demokratiya ham bozor iqtisodiyoti kabi raqobatsiz, ya’ni siyosiy plyuralizm tizimisiz mavjud bo‘la olmaydi. Siyosiy plyuralizm demokratik huquqiy davlatning elementlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilanganidek, xalq davlat hokimiya­tining birdan-bir manbai bo‘lgani uchun uning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqaruvchi parlament zimmasida katta vazifalar turadi.

Bevosita xorijiy tajribalar asosida qonun ijodkorligida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi, BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, EXHTning insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen Kenga­shining hujjati normalariga tayanilishi maqsadga muvofiqdir. Yuqorida qayd etilgan hujjatlar taraqqiy etgan davlatlar tomonidan e’tirof etilgan va mamlakatlarda parlamentarizmni yana shakllantiruvchi muhim hujjatlar hisoblanadi. Sohaga oid ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilinishi bilan birga, ularning takomillashtirib borilayotgani milliy qonunchiligimiz tizimining izchil va bosqichma-bosqich liberallashuviga zamin yaratmoqda. Respublikamizdagi mavjud ikki palatali parlament qonun talablari va umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va qoidalarga to‘la mos holda mukammal qonunchilik bazasining shakllanishiga olib kelmoqda.

Yuqorida qayd etilganidek, davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi davlat va jamiyat qurilishi sohasi, huquqiy tizim, shu jumladan, saylov qonunchiligini yanada takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Shu asosda saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar saylov jarayonlarini yanada liberallashtirish, uning ochiqligini ta’minlash, fuqarolarning o‘z xohish-irodalarini erkin va mustaqil bildirishi uchun mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish imkonini bermoqda. Qonun ijodkorligida bahs, munozara va o‘zaro tortishuvlar kerak. Shu bilan birga, bu bahs va munozaralar qonunlarni mukammalashtirishga xizmat qilmog‘i lozim.

Muallif: Ulug‘bek Samatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq