O‘zbekiston – tinchliksevar mamlakat
28.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Erkin Xolbo‘tayev.

uz_28_07_2016

Shu kunlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yuksak natijalar hammamiz uchun ulug‘ va aziz bo‘lgan istiqlol bergan imkoniyatlar bilan bog‘liq ekanligini har bir yurtdoshimiz his etib turibdi. Boisi, ko‘plab millat va elatlarni o‘z bag‘rida bir oiladek birlashtirib, ularning farovon hayot kechirishi, har bir fuqaroning chin inson sifatida qadr-qimmat topishining zamirida mustaqillik, erk va ozodlik turibdi. Shu ma’noda bugun istiqlolni tinchligimiz, farovonligimiz va jahonda tenglar ichra teng bo‘lgan yetukligimiz ramzi deyish mumkin.

Yurtboshimizning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi chiqishlari mohiyatida ham avvalo, o‘zbek xalqining tinchliksevar, o‘z tanlagan yo‘lida sobit, kelajakka yuksak ishonch bilan qaraydigan, yangi-yangi marralar sari odimlashga o‘zida yetarli kuch va imkoniyat topadigan navqiron xalq ekanligini ko‘rish mumkin. Eng muhimi, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, Ona Vatanimizning erishayotgan yutuqlari yurtdoshlarimizning zamon o‘zgarishiga monand dunyoqarashi, ongu tafakkuri, huquqiy va siyosiy madaniyati, fuqarolik burchi yuksalib borayotganligi bilan namo­yon bo‘lib bormoqda.

Yurtboshimiz yurtimizning bugungi kunga qadar qo‘lga kiritgan yuksak marralari haqida alohida to‘xtalib o‘tgan edilar. Ahamiyatli jihati bu ko‘rsatkichlar zamirida barcha vatandoshlarimizning o‘z hissasi, kamtarona mehnatlari mujassam. Xususan, «dunyodagi eng nufuzli xalqaro iqtisodiy va ijtimoiy markazlarning oxirgi ma’lumoti bo‘yicha, O‘zbekiston «Butunjahon baxt indeksi»da 158ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egallagani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi va yangi ufqlarni zabt etishga undaydi».

Bugun dunyo jamoatchiligi o‘rtasida o‘zining o‘rni va e’tirofiga ega bo‘lib borayotgan mamlakatimiz, xalqimizning bunday natijalari ham, avvalo, istiqlol sharofati bilan tanlab olingan yo‘lning, noyob o‘ziga xos «o‘zbek modeli»ning samarasi deyish mumkin. Buni birgina so‘nggi yillarda hatto o‘zini yetakchi davlatlar qatorida sanab kelayotgan ba’zi mamlakatlarning ijtimoiy, iqtisodiy muam­molarga duch kelayotgan bir paytda O‘zbekistonning strategik rivojlanish yo‘li — «o‘zbek modeli»ning dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida qiziqish bilan o‘rganilayotgani timsolida ko‘rish mumkin. Undagi kuchli ijtimoiy siyosat, qonun ustuvorligi, iqtisodi­yotning siyosiy masalalardan ustunligi, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish va davlatning bosh islohotchiligi to‘g‘risidagi tamoyillarning qat’iy belgilanishi bugun xalqaro maydonda ro‘y berayotgan turli muammolar oldida, mamlakat va xalqlarni tinchlik va taraqqiyotga olib chiqishning eng to‘g‘ri yo‘li ekanligini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, bu yo‘lni tanlashda Prezidentimiz qayd etgani­dek, biz yurtimizda o‘zimizga xos, o‘zimizga mos hayot qurishda shoshma-shosharlik, kaltabinlik holatlariga, pala-partish ishlarga aslo yo‘l qo‘ymadik. Bu esa pirovardida «Islohot — islohot uchun emas, avvalo inson uchun» degan tamoyilning amalda o‘z isbotini topishiga xizmat qilmoqda. Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘tgan yigirma besh yillik davr mobaynida mamlakatimiz iqtisodiyoti 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshgan, jahon miqyosidagi global iqtisodiy inqiroz hali-beri davom etayotganiga qaramasdan, dunyo­ning sanoqli davlatlari qatorida yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlari so‘nggi 10 yil davomida 8 foizdan kam bo‘lmayotganligi asrga tatigulik natijalar deyish mumkin. Ayniqsa, istiqlolga qadar umuman mavjud bo‘lmagan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi yalpi ichki mahsulotning 56,5 foizini tashkil etayotgani va ular hisobiga jami aholining 77,9 foizi bandligi, ularning mamlakat taraqqiyotini o‘z zimmasiga olgan kuch ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu o‘zining iste’dodi, bilimi va mehnatini namoyon qilib kelayotgan yurtdoshlarimizning say-harakatlari samarasi deyish mumkin. Istiqlolga qadar esa ana shunday iqtidorli, ishbilarmon kishilar, si­quvga olinib, ularning faoliyati turli «qora» nomlar bilan atalib, jinoyatchi tamg‘asi bilan jazolangandi. Oqibatda, bir yoqlamalik natija­sida hamma bir xilda ishga qaratilib, minglab iste’dodlarning intellektual salohiyati va imkoniyati go‘yoki «o‘tin yorish»ga sarflangandi.

Istiqlol sharofati bilan yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish borasida ham tizimli ishlar olib borilib, bu iqtisodiyotni yuksaltirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Xususan, Prezidentimizning joriy yil 12-aprel­dagi «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2520-son Qarori mamlakatimiz qayta ishlash kor­xonalarini xom ashyo resurslari bilan muntazam ta’minlash, ichki iste’mol bozorini yil davomida sabzavotlar, kartoshka, meva va poliz mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirish, tashqi bozorlarda xaridorgir va raqobatbardosh bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. Istiqlol­ning qariyb yigirma besh yilligi davomida erishilgan natijalar misoli­da yana bir bor anglash mumkinki, bugun xalqimiz asrlar davomida intilib yashagan va kurashgan mustaqilligimizni mustahkamlash, biz kecha kim edigu bugun kim bo‘lganimizni chuqur his etish va vatandoshlarimizni yangi marralar sari boshlash oldimizda turgan eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Dunyoning eng aziz ne’mati — tinchlikdir. Tinchlik bor makonda farovonlik, to‘kin-sochinlik, baxt-saodat hukmron bo‘ladi. Prezidentimizning yuksak minbardan «Ilgari ham aytganman — biz­ga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Bu — o‘zbek xalqining istagi, bu — o‘zbek xalqining maqsadi, bu — o‘zbek xalqining qaroridir», degan qat’iy so‘zlari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo xalqlari qalb qo‘ridan O‘zbekiston degan davlatning tinchliksevar mamlakat deya joy olsa ajabmas.

Muallif: Erkin Xolbo‘tayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq