Ochiqlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli
28.07.2016
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: No‘mon Akbarov.

O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lib, davlat va jamiyat qurilishi sohasida olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va islohotlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Binobarin, istiqlol yillarida fuqarolik jamiyati institutlari hamda milliy ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash borasida ilg‘or demokratik standartlarga mos mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunlar bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda fuqarolarning axborot va so‘z erkinligi, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash borasida yangi Qonun hujjatlari qabul qilindi.

Ana shunday muhim hujjatlardan biri Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliya­tining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi bo‘ldi. Davlat idoralarining fuqarolar oldidagi hisobdorligi bo‘yicha konstitutsiyaviy qoidalarning amaliy mexanizmini o‘zida aks ettirgan ushbu Qonun fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining samaradorligini oshirish, jamiyatdagi muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan jamoat­chilik fikrini shakllantirish, aholini ishonchli va tezkor axborotlar bilan ta’minlashning yangi imkoniyatlarini ochib berdi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 1400dan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning qariyb 60 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalarini tashkil etadi. Internet tarmog‘ida ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tib fao­liyat yuritayotgan veb-saytlar soni so‘nggi besh yilda 2 barobar oshib, o‘tgan yil yakunida 324tani tashkil etdi. Shuningdek, ayni paytda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 8100dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari ham davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati haqidagi axborotlardan foydalanish bilan birga, uni tarqatish bilan ham faol shug‘ullanmoqdalar.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari alohida ahamiyatga ega. O‘z o‘rnida, bu boradagi ishlar­ning istiqboldagi samaradorligini oshirish tegishli qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bilan bevosita bog‘liqdir. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida»gi qarori va u asosida tasdiqlangan komp­leks chora-tadbirlar alohida o‘ringa ega. Eng muhimi, ushbu qaror bilan fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati­ning ochiqligini ta’minlash tizimini shakllantirishga ko‘maklashish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini baholash monitoringini joriy etish va uni tizimli olib borish maqsadlarida tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi, maslahat organi etib belgilanganligi mamlakatimizda davlat organlarining jamiyat oldidagi mas’uliyati va hisobotliligini oshirishda muhim mezon bo‘ldi, deyish mumkin.

Yaratilgan huquqiy maydon demokratik islohotlarning hozirgi bosqichi, ommaviy axborot vositalari bilan davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Bunda ayniqsa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan jamoat­chilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasidagi uzviy aloqani ta’minlashda OAV rolini yanada kuchaytirish, shu­ningdek, davlat va jamoat birlashmalari, nodavlat-notijorat tashkilotlarining axborot xizmatlari faoliyatini faollashtirishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlar takomillashtirilib borilayotganligi muhim omil bo‘lmoqda.

Bu o‘rinda Jamoatchilik kengashi tomonidan ishlab chiqilib tasdiqlangan Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi monitoringini olib borish va uni baholash metodikasi alohida ahamiyatga ega. Endilikda ushbu metodika asosida joriy yildan boshlab davlat organlarining ochiqlik bo‘yicha mavjud qonun va qoidalarni amalga oshirish sifatini aks ettiruvchi «ochiqlik indeksi» yig‘ma ko‘rsatkichi e’lon qilib boriladi. «Ochiqlik indeksi» bo‘yicha reyting baholashda davlat organlari­ning ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligining samarasi alohida o‘ringa ega.

E’tiborli jihati shundaki, ochiqlikni baholash natijasi davlat idoralariga aholi talabiga mos bo‘lgan muhim yo‘nalishlarni tanlab olish, jamoatchilik oldida davlat organining imidjini shakllantirish, davlat idoralari rahbarlariga nisbatan fuqarolik jamiyati institutlari va aholining ishonch darajasini aniqlash, fuqarolarning o‘z qarash va xohishlarini bildirishga va davlat idoralariga strategik rejalarini belgilab olishga yordam beradi. Shuningdek, bu mezon kelgusida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa ins­titutlari davlat idoralari bilan fuqarolar uchun xizmat ko‘rsatishda o‘zaro axborot almashinuvi bo‘yicha sherikchilik tamoyili asosidagi faoliyatini oshirishi, bu yo‘lda ikki tomonlama manfaatga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishda muhim asos bo‘ladi.

Muxtasar qilib aytganda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati bilan aholini tanishtirib borishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan foydalanish, ular bilan o‘zaro ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish davlat idoralarining aholi o‘rtasidagi ijtimoiy nufuzi oshishiga va pirovard natijada, faoliyatning ochiq va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muallif: No‘mon Akbarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq