Dastlabki kompyuter 75 yoshda
28.07.2016
Rukn: Aloqa va telekommunikatsiyalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov.

75_28_07_2016

Bugungi kunda kompyuterlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan muhim buyumdir. Ular yordamida kattalar erta tongdan Internet orqali jahon va mamlakatimizdagi yangiliklardan boxabar bo‘lishga oshiqsalar, bolalar undagi o‘yinli dasturlar bilan vaqt o‘tkazishga intiladilar.

Hozirgi davrda minikompyuterlar kir yuvish mashinalarini, avtomobillarni boshqara olishi va boshqa ishlarni bajarishi bilan inson hayotini yengillatayotganligi, axborot tashuvchi elektron yordamchilarimiz esa hayotiy muhim vazifalarni bajarishda qulay imkoniyatlar taqdim etib, ko‘maklashayotganligi barchamizni quvontiradi.

Bugungi kunda smartfon, planshet va shaxsiy kompyuterlar deyarli har bir xonadonda mavjudligi oddiy holatga aylangan. Yangi avlod superkompyuterlaridan esa yangiliklardan, ob-havo ma’lumotlari xabardor bo‘lishdan tortib, tibbiyot, sanoat, ishlab-chiqarishda va hattoki, odamlar bilan bevosita muloqot qila oladidan robotlar sifatida foydalana olamiz. Umuman, mazkur imkoniyatlarni taqdim etayotgan kompyuterlarsiz kundalik hayotni hatto tasavvur ham eta olmaydigan bo‘lib qoldik.

Joriy yil jahonda birinchi dasturlashtirilgan kompyuter yaratilganiga 75 yil to‘ldi. Ma’lumki, dastlabki kompyuter 1941-yilda Garvard professori, matematik, ixtirochi Govard Eykson tomonidan ishlab chiqilgan va loyihalashtirgan edi.

Mazkur kompyuterning hajmi katta xona o‘lchamida bo‘lib, uni yig‘ishda IBM kompaniyasining to‘rt muhandisi yordam bergan. Dastlabki kompyuterning nomi «Mark-1» bo‘lib, rasman 1944-yil 7-avgustda ishga tushirilgan. Garvard universitetida joylashtirilgan kompyuterning uzunligi 17 metr, balandligi 2,5 metrdan ortiq bo‘lib, og‘irligi 4,5 tonna, 750 mingga yaqin detaldan tuzilgan, birlashti­ruvchi simlari esa 800 km uzunlikka ega bo‘lgan.

Kompyuterning bahosi yarim million dollarni tashkil etgan. Mazkur qurilma zamonaviy kompyuterlarning «ajdodi» bo‘lib, uning tashqi ko‘rinishining o‘ziyoq bugungi foydalanuvchilarni hayratga solishi aniq. 75 yil avval esa bunday mo‘jiza yaratilganligi insoniyatni lol qoldirgandi. Biroq ushbu kompyuter faqatgina chegaralangan amallarnigina bajara olardi, ya’ni hisoblash, kichik hajmdagi axborotlarni xotirasida saqlash kabi funksiyalarga ega edi.

Shunday bo‘lsada u jahonda birinchi dasturlashtirilgan kom­pyuter bo‘lib hisoblanishi bilan elektr aloqa sohasi tarixida muhim o‘rin tutadi. XIX asrdagi oson bo‘lmagan bir davrda ixtirochi-olim Eyken ishlab chiqqan hamda IBM firmasi texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlagan dastlabki kompyuter XX asr texnolo­giyalari asosida takomillashib, bugungi kunda juda mukammal qurilmalarga aylandi. Dastlabki kompyuter rivojida IBM korporatsiyasi muhim ahamiyatga molik bo‘ldi.

«Mark I» kompyuterining asosiy o‘ziga xos xususiyati shundan iborat bo‘ldiki, u ish jarayoniga insonning aralashishini talab etmaydigan birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan hisoblash ma­shinasi edi. Govard Eyken yangi hisoblash mashinalari ustida ishlab «Mark I»dan keyin «Mark II», keyinroq 1949-yil sentabr oyida «Mark III/ADEC», 1952-yilda esa — «Mark IV» kompyuterlarini taqdim etgan.

«Mark-1» kompyuteri 15 yil Garvard universitetida ishladi va davr o‘tgan sayin elektron sxemali kompyuterlar yaratilishiga turtki berdi. O‘sha davrda sodda elektromexanik rele hamda od­diy yo‘riqnomalar (ma’lumotlarni qayta ishlash dasturlari) perfolentalarda yozilgan dastlabki kompyuter bugun «aqlli» predmetlar va vositalarning paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi.

«Mark-I» kompyuteri tarixiga va uning yangi avlodlari, zamonaviy qurilmalar ishlash tamoyillari haqida batafsil ma’lu­motlarga ega bo‘lishga qiziquvchilar mamlakatimiz «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurishlari mumkin. Mazkur muzeyda kompyuterlar tarixiga oid ma’lumotlar, turli davrlarda ishlab chiqilgan, shuningdek, zamonaviy qurilmalar haqida qiziqarli eksponatlar bilan o‘z bilim doiralarini boyitishlari uchun qulay imkoniyat taqdim etiladi.

Maqola infoCOM.UZ jurnali va «Aloqa tarixi muzeyi» bilan hamkorlikdagi loyiha asosida tayyorlandi. Materialni tay­yorlashda adabiyotlar va manbalardan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq